Qohira muzokaralari G‘azodagi otashkesimni bir kunga uzaytirdi

Image copyright Reuters

Bu haqda dushanba kuni tunda Misr hukumati bildirdi.

Yangi otashkesim muddati Toshkent vaqti bilan seshanba kech tun 01:00 da poyoniga yetadi.

Ammo, tomonlarga ko‘ra, ana shu bir kun ham uzoq muddatli murosaga erishish uchun muhim.

Falastinlik mulozimning aytishicha, Qohiradagi davomiy muzokaralar deyarli joyidan siljimagan.

Ammo, unga ko‘ra, muzokarachilar o‘zaro til topishishmasa, bo‘lgada zo‘ravonliklarning adog‘i ko‘rinmaydi.

Falastinlik mulozim bu haqdagi fikrlarini Britaniyaning yetakchi "Reuters" axborot agentligiga bildirgan.

Isroilning Hamas guruhi nazorati ostidagi G‘azo bo‘lgasiga ishg‘oli 8 iyul kuni boshlangandi.

Agar, rasmiy raqamlarga tayanilsa, orada kechgan vaqt davomida 2.016 nafar falastinlik o‘ldirilgan.

Isroil tomoni esa, ja‘mi 66 harbiysi va fuqarosini boy bergan.

Misr hukumatining aytishicha, har ikki tomon ham so‘nggi kelishuvga amal qilishlarini aytishgan.

Bundan avvalgi otashkesim bo‘lgada o‘tgan chorshanba kuni kuchga kirgandi.

Isroil Bosh vaziri esa, agar Hamas raketa hujumlarini qayta boshlasa, otashkesimga rioya etib o‘tirmasliklari bilan ogohlantirgandi.

Benyamin Netanyaxu harbiylari "har qanday holatga tayyor" ekani va "istalgan hujumga o‘sha onning o‘zida javob qaytarishlari"ni bayon qilgandi.

Qisqacha tafsilot o‘rnida

Image copyright AFP

Muzokarachilar guruhi yakshanba kuni bilvosita muzokaralar ortidan, yana Misr poytaxti Qohiraga qaytishgandi.

Falastinlik muzokarachi Qays Abdul Karimning aytishicha, Isroil Hamas doxil G‘azodagi barcha guruhlarning qurolsizlantirilishini istaydi.

Falastin tomoni esa, Isroil va Misr biror bir shartlarsiz G‘azo qamalini bekor qilsin, deydi.

Xuddi shu o‘rinda Hamas Isroil tomonining talabiga butkul qarshi.

Isroil ham G‘azodagi ayrim o‘tish nuqtalarini o‘z nazorati ostida saqlab qolish ahdida qat‘iy.

Ularga ko‘ra, busiz qurol-yarog‘lar noqonuniy kontrabandasining oldini olib bo‘lmaydi.

Isroil yana nazoratni bo‘sh qo‘ysam, bo‘lgaga qurilish mahsulotlarini ham olib kirishadi, Hamas esa, ulardan yangi yerosti yo‘llari quradi, degan xavotirda.

Biroq Birlashgan Millatlarning Yaqin Sharqdagi vakili kecha dushanba kuni bu jarayonni o‘zlari nazorat etishga tayyor ekanini aytib chiqdi.

Robert Serriga ko‘ra, shuncha vayronagarchiliklar ortidan, qurilish mahsulotlari G‘azo uchun suv va havodek zarur.

Agar, xalqaro tashkilot vakili keltirilgan raqamlarga tayanilsa, qurolli nizolar davomida bo‘lgada 16.800 ta uy-joy vayron bo‘lgan.

Buncha vayronagarchilikdan esa, 100.000 ga yaqin falastinlik jabr ko‘rgan.

Ustiga ustak, Birlashgan Millatlar Tashkilotining falastinlik qochqinlar uchun barpo etgan 100 dan ortiq inshootlariga ham jiddiy ziyon yetgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02