Prezident Karimov yana Xitoyga jo‘nab ketdi

Image copyright AP

Bu – O‘zbekiston prezidentining 2001 yil aprel oyidan buyon Xitoyga qilayotgan qariyb o‘ninchi safari bo‘ladi.

O‘zbekiston rahbarining Xitoyga ikki kunlik davlat tashrifi chog‘ida aynan nimalarni muhokama etishi ma‘lum emas.

Islom Karimov so‘nggi bor Pekinda shu yil may oyida bo‘lgan va Xitoyni “chin do‘st”, deb atagandi.

Bu haqda tarqatilgan rasmiy xabarlarda ikki davlat rahbarining uchrashuvi chog‘ida "o‘zaro munosabatlarning bugungi holati va istiqboli" va "strategik sheriklikni yanada mustahkamlash" masalasiga e‘tibor qaratilishi aytiladi.

Yana, shuningdek, "tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar ham ko‘rib chiqilishi" qo‘shimcha qilinadi.

"Turli sohalarda o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan hukumatlararo va boshqa qator hujjatlar imzolanishi mo‘ljallangani" aytiladi.

O‘zbekiston rahbarining Xitoyga so‘nggi safari Ukraina inqirozi hanuz barham topmagan, rasmiy Toshkent bilan Rossiya aloqalariga jiddiy darz yetgan bir manzarada kuzatilmoqda.

Mahalliy kuzatuvchilar esa, davlat tashrifining avgust oyida va ustiga ustak, O‘zbekiston mustaqilligi sanasi arafasida uyushtirilganiga diqqat qaratishmoqda.

Ularga ko‘ra, bu kabi holat O‘zbekiston rahbarining ish faoliyati uchun anchayin noodatiydir.

Xitoy - Rossiya va Ovro‘po Ittifoqidan keyin O‘zbekistonning uchinchi yirik savdo hamkori sanaladi.

Bunga qo‘shimcha ravishda, Xitoy O‘zbekistonga katta miqdorda sarmoya yotqizayotgan sanoqli davlatlardan biri hisoblanadi.

Agar, ayrim ma‘lumotlarga tayanilsa, Xitoyning O‘zbekistonga kiritgan yotirimi miqdori 6 milliard AQSh dollaridan ortadi.

O‘zbekistonning o‘zida esa, besh yuzga yaqin Xitoy shirkati faoliyat olib boradi.

Xitoy O‘zbekistonning energiya, telekommunikatsiya, benzin-kimyo, qurilish, qishloq xo‘jaligi va moliya sektorlariga yotirim kiritib keladi.

Shuningdek, rasmiy Pekin O‘zbekiston bilan energiya sohasida hamkorlikni kuchaytirish istagini ochiqcha bayon qilib keladi.

Xitoy O‘zbekiston paxtasining asosiy xaridori hisoblanadi.

O‘zbekistonga telekommunikatsiya jihozlari sotishda ham peshqadam davlatlardan biri sanaladi.

Hamkorlik

Image copyright none

Ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqalar 20 yil muqaddam o‘rnatilgan.

Ikkovlon orasidagi harbiy hamkorlik esa, 90-yillar oxirlarida kuchaygan.

Bundan bir necha yil burun Toshkent va Surxandaryo viloyatlariga O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilari sizib kirishi ortidan Xitoy O‘zbekistonga harbiy jihozlar yetkazib bergandi.

O‘z navbatida O‘zbekiston Xitoyga qidiruvda bo‘lgan uyg‘ur faollarini tutish va deportatsiya qilishda ko‘mak berib keladi.

Yaqinda Xitoy yuqori martabali harbiy mulozimi mamlakati O‘zbekiston bilan harbiy hamkorlikni yanada kuchaytirishdan manfaatdor ekanini ham bayon qilgandi.

O‘zbekiston tomoni Xitoyni Markaziy Osiyodagi "ishonchli do‘sti va sadoqatli sherigi", deb biladi.

Prezident Karimov 2011 yilda Xitoyga qilgan safari chog‘ida "davlatlar, hukumatlar va idoralararo 25 dan ziyod hujjat" imzolangandi.

Rasmiy xabarlarda ularning umumiy qiymati 5 milliard AQSh dollaridan oshishi aytilgandi.

Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikka asoslangan munosabatlarning sobiq Sho‘rolar Ittifoqi qulashi ortidan kuchaygani kuzatiladi.

Image copyright Getty

Xalqaro tahlilchilar dastlab iqtisodiy mazmunda bo‘lgan bu aloqalarning keyinchalik siyosiy va xavfsizlik sohalariga qadar kengayganiga diqqat qilishadi.

Ularning birdek e‘tirof etishlaricha, Xitoy hozir mintaqadagi yetakchi iqtisodiy kuch bo‘lsa, bir necha yildan so‘ng AQSh va Rossiyani ortda qoldirib, ustivor tashqi kuchga aylanadi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Xitoyning asosiy boshog‘rig‘i Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan 2.800 km uzunlikdagi chegaraga ega Shinjon muxtor uyg‘ur bo‘lgasidir.

Ular rasmiy Pekinning asosiy maqsadi - Shinjon va Markaziy Osiyo o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish orqali bo‘lganing iqtisodiy va siyosiy barqarorligiga erishish, deyishadi.

Yaqinda g‘arblik tahlilchilar ham, agar, rasmiy Pekin Shinjonga nisbatan qattiqqo‘l siyosatini o‘zgartirmasa, bo‘lga "ikkinchi Checheniston"ga aylanishi mumkinligi bilan ogohlantirishgandi.

Qo‘shni Afg‘oniston va Pokistondan kelayotgan isyonchilik xavfi, o‘z o‘rnida, Markaziy Osiyo davlatlarining ham asosiy boshog‘rig‘iga aylangan.

Ustiga ustak, bu yil katta sondagi G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlari afg‘on mojarosiga biror bir yechim topmay, Afg‘onistonni tark etishadi.

Xitoy Prezidenti Si Tszinpin o‘tgan yil oxirida Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘ylab safar qilgan va ular bilan katta yordamlarni ko‘zda tutuvchi kelishuvlarni imzolagan edi.

O‘zbekistonda ham ikki tomon o‘rtasida umumiy miqdori 15 milliard AQSh dollaridan ziyod deb ko‘rilgan 31 hujjat imzolangani xabar qilingandi.

Toshkentda prezident Si Tszinpin bilan uchrashgan janob Karimov esa, Xitoyni O‘zbekiston ichki ishlariga aralashmayotgani uchun maqtagandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02