Militsiya podpolkovnigi piyodani urib ketgani keskin qoralanmoqda

Image caption Yo‘l hodisasiga aloqador militsiya xodimlarining ko‘pda jazosiz qolishi aytiladi

Toshkent shahar IIB transport bo‘limi boshlig‘i militsiya podpolkovnigining shirakayf holatda o‘z xizmat mashinasida piyodani urib yuborgani haqidagi xabarlar internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda keskin munosabatlarga sabab bo‘lgan.

Xabarlarga ko‘ra, hodisa 18 avgust kuni Yunusobod tumanida ro‘y bergan va militsiya xodimi "jabrlanuvchiga tegishli yordam ko‘rsatmay jinoyat joyidan yashiringan".

Piyoda olgan jarohatlari tufayli bir necha soat o‘tib, Toshkentdagi shifoxonalardan birida hayotdan ko‘z yumgan.

"Novy Vek" gazetasining Ichki ishlar vazirligi manbasiga iqtibosan yozishicha, 43 yoshli jabrlanuvchi Chirchiq tumani soliq inspektsiyasi xodimi Baxtiyor Usanovdir.

Ayni gazeta xabariga ko‘ra, militsiya xodimi yaqinlaridan birini jinoyatni bo‘yniga olishga ko‘ndirishga uringan, ammo u bunga rozi bo‘lmagan. "Hodisadan to‘rt soat o‘tib, u qo‘lga olingan", deb yozadi gazeta.

Hodisa haqida birinchilardan bo‘lib xabar tarqatgan Facebookdagi "Toshkent haydovchilari" guruhi foydalanuvchilari hodisaga o‘ta g‘azabnok munosabat bildirishgan va jinoyatga mas‘ul shaxs jiddiy jazolanishi lozimligini ta‘kidlashgan.

Masud Mahsudov: "Nafaqat mast, yana u voqea joyidan yashiringan. Buning o‘zi uni hibsga olish va 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga omil bo‘ladi, agar adashmasam...", deb yozadi.

Firangis Imamova ismli Facebook foydalanuvchisi esa: "Masud, qanaqa 5 yil, nima deyapsiz, bu muddat u odamning vijdonini qaytarishga yetadimi? Agar u marhumga yordam berganida, qo‘rqoqdek yashirinmaganida, balki u hozir tirik bo‘lgan bo‘lardi. Shunday ekan, faqat bir umrga!!!" deydi.

Jamoliddin Ikromzoda ismli foydalanuvchi: "Peshonasidan otish kerak. Bu eng adolatli qaror bo‘ladi..." deya o‘ta keskin munosabat bildiradi.

Qadirjon Nasyrov ismli foydalanuvchi: "Baribir dunyoda adolat mavjud", deb yozadi.

"Iflos, erkakmasakan. Yana kuyoviga aybni bo‘ynigga ol degani nimasi", deydi yana bir Facebook foydalanuvchisi.

Ko‘plab "Voditeli Tashkenta" guruhi a‘zolari jinoyat sodir etuvchining militsiya boshqarmasiga aloqador ekanligiga urg‘u berishgan.

Huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan yo‘l-transport hodisasi ilk bor kuzatilayotgani yo‘q, ammo ko‘pda ular jazodan qutilib qolishlari haqida gapiriladi.

19 avgust kuni Kun.uz internet-nashri hamda Facebookdagi "Toshkent haydovchilari" guruhi ham Agrar universitet tarafda "Matiz" rusumidagi avtomobili piyodani turtib yuborganini ma‘lum qilgandi. Ammo, keyin Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma‘lumotiga asosan avtomobil ichida bo‘lgan ikki shaxs IIBga aloqador bo‘lgani rad etilgan edi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02