Saudiya Bosh muftiysi: "Islomiy Davlat Islomning birinchi dushmani"

Image copyright AP

Shayx Abdul Aziz al-Shayx hazratlariga ko‘ra, "Islomiy Davlat" va "Al-Qoida"ning qo‘lidan asosan musulmonlar jabr chekib kelishgan.

O‘z o‘rnida, Saudiya Bosh muftiysining ta‘kidlashicha, musulmonlarni bo‘lish shakkoklikdan keyingi eng og‘ir gunohdir.

Shayx hazratlari bu haqda poytaxt Riyodda e‘lon qilgan rasmiy bayonotida bildirgan.

U xuddi shu izohi ostida Iroqdagi "Islomiy Davlat" jihodiy guruhi va Saudiya Arabistonining o‘zida asos solingan "Al-Qoida" tarmog‘ini Islom dinining birinchi raqamli dushmani, deb e‘lon qilgan.

Saudiya Arabistoni Bosh muftiysi o‘zining rasmiy bayonotida Islomda terrorchilikka o‘rin yo‘qligini ham aytgan.

Shayx hazratlariga ko‘ra, ekstremistlar odamlarning orasiga raxna solish uchun qilgan qilmishlarini Islomning nomi bilan oqlashga harakat qilishadi va ular tug‘dirayotgan xavf ham xuddi shu narsa bilan bog‘liq.

Image copyright BBC World Service

"Bu kabi xorijiy guruhlarning Islomga hech bir aloqasi yo‘q va musulmonlar ularga ergashishmaydi", - deb bayon qilgan Saudiya Arabistoni Bosh muftiysi.

Saudiya fuqarolarining o‘zlariga esa, o‘zga davlatlarda jang qilish rasman taqiqlab qo‘yilgan.

Podshoh Abdulloh o‘z ulamolarini islomiy ekstremistik guruhlarni oshkora tanqid qilishga ham undab keladi.

Podshohlikda vaziyat shu darajaga borib yetganki, juma namozidan keyingi va‘zlarida terrorchilikni qoralamagan ulamolar jazolanadi:

Xabarlarga ko‘ra, ulardan masjidlarda imomlik qilish ruxsatnomasi olib qo‘yiladi.

Agar, mahalliy axborot vositalaridagi xabarlarga tayanilsa, mamlakat Ichki ishlar vazirligi ulamoning imomlik qilishidan avval, ularni maxsus tekshiruvdan o‘tkazishi ham mumkin.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, aynan va‘zlarining mazmuni sabab, 2003 yildan buyon 3.500 ga yaqin ulamo vazifasidan chetlatilgan.

Islomiy Jihod guruhi Iroq va Suriyada ildamlab borarkan, ularning yutug‘i Saudiya Arabistoniga o‘xshash qo‘shni davlatlarni jiddiy xavotirga solmay qo‘ymagan.

Image copyright AP

"Al-Qoida" tarmog‘i esa, podshohlikni ag‘darish maqsadida o‘n yil burun Saudiya Arabistonida ko‘plab hujumlarga qo‘l urgandi.

Ammo jangarilar mamlakat xavfsizlik kuchlarining keskin qarshiligiga duch kelishgan va aksariyati podshohlikni tark etishga majbur bo‘lishgandi.

Ayni shu jangarilar hozir Saudiyaga qo‘shni Yamanda tarmoqning eng faol bo‘g‘inini shakllantirishga muvaffaq bo‘lishgan.

O‘tgan ikki kun ichida poytaxt Riyod mahkamasi o‘sha hujumlar bilan aloqadorlikda aybdor, deb topib, 31 kishini hukm ham etdi.

Ayblanuvchilarning qay bir davlat fuqarolari ekanliklari hanuz ma‘lum emas.

Mahkama ulardan uch nafariga o‘lim, qolganlariga esa, uzoq muddatli qamoq jazolari bergan.

Ammo, xabarlarga ko‘ra, mahkumlar hali mahkama hukmi yuzasidan shikoyat arizasi bilan chiqishlari mumkin.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02