Prezident Karimov oyligini qaysi pulda oladi?

Image copyright EyeWire
Image caption "U menga 100 dollar hamda singlimga 100 dollar berdi"

Xalqimiz sodda-da! O‘zi bilmay, o‘zi aytmish: "qovun tushirib qo‘yadi".

Mana yaqinda kenja Islom Karimov degani Angliyaning Gardian gazetiga intervyu bergan ekan, o‘sha intervyuning bir yerini o‘qidimu yoqamni ushladim.

Nima emish, nabira Islom Karimov Angliyadagi o‘qishlaridan ta‘til olib, Lo‘ndo‘ndan bobo Islom Karimovning Toshkentdagi idorasiga kirib borsa, bobosi uni erkalamoqchi bo‘libdimi, Angliyasida istagan narsasini olish uchun mana bunday ish qilibdi.

Shu yerda o‘zimizdan qo‘shib-chatmaylikda, kenjatoy aytgan so‘zlarni naqd keltiraylik.

"U stolidan bir konvertni oldi, o‘sha yerda u o‘zining rasmiy hukumat oyligini konvertlarda saqlar ekan, va menga 100 dollar hamda singlimga 100 dollar berdi. Hayotingda hech narsadan qisilmasliging uchun beryapman, dedi u menga va bu pulni bir urishda sarflamagin, deb aytdi. Agar barini sarflab yuborsang bir oydan keyin yana kelarsan, deb aytdi u".

Bu so‘zlarni ma‘sum nabira, gazetaning izoh berishicha, o‘z bobosining "katta puldan" yiroqligini ko‘rsatish uchun aytgan ekan.

Endi yoqamni nega ushlaganimni aytay, soqolimni nega yulganimni aytay...

Sodda-da bola, sodda!

Axir bobosi O‘zbekistonning naqd Prezidenti bo‘la turib maoshini mustaqil yurtimizning mustaqil so‘mida emas, allaqaysi mash‘um dollarda olsa - bu qanday bedodlik?!

Yo muruvvatli bobo, nabirasi kelishidan oldin, so‘mda olgan maoshini dollarga almashtirib qo‘ygan ekanmi? Yana O‘zbekistonning o‘zi chiqarib qo‘ygan qonunlariga zid emasmikan bu? Axir qora bozorda almashtirmaydi-ku Prezident?!

Gapning po‘sti kallasini aytsam, shu deng Prezident stolining ustida konvert-konvert dollarlarning saqlanishi hech yoqqani yo‘q-da kunglimga! Qaysi xayolga borishingni bilmaysan, omi kishi!

Nuqul esimga Mavlono Rumiyning mushuk bilan go‘sht haqidagi masali kelaveradi.

Bunisi mushuk bo‘lsa go‘sht qani, yo-da tarozidagi ikki misqol go‘sht bo‘lsa boyagi ikki misqol mushuk qani, deganlaridek...

Sodda-da halqimiz, sodda!

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02