Karimov rafiqasining rasmiy safarga borgani ahamiyatlimi?

Image copyright none

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov rafiqasining Xitoyga rasmiy safar mobaynida unga hamrohlik qilgani ba‘zi tahlilchilarning e‘tiborini o‘ziga qaratgan.

Tatyana Karimova rasmiy safarlarda turmush o‘rtog‘iga ko‘pda ham hamrohliq qilmasligi rost.

Boshqa tomondan rasmiy protokolga muvofiq davlat rahbari safari mobaynida uning rafiqasining ham hozir bo‘lishi alohida e‘tiborga moyil holat emasdek.

Ana shu nuqtai nazardan Tatyana Karimovaning rasmiy safarga qo‘shilib borgani ahamiyat kasb etadimi?

Tahlilchi va sotsiolog Alisher Ilhomovning aytishicha, Karimova xonimning rasmiy safarga qo‘shilgani O‘zbekistonda kuzatilayotgan joriy jarayonlar manzarasida va shu vaqtgacha janob Karimov aksar hollarda rafiqasisiz safar qilib kelgani nazarda tutilsa, albatta bu holat xohlaysizmi-yo‘qmi e‘tiborni tortadi.

Shu vaqtgacha Karimova xonim nima uchun safarlarga birga bormasdi degan savolga aniq javob berish qiyin.

Kuzatuvchilar, balki, O‘zbekiston rahbari o‘zini milliy davlatchilikni tashkil etayotgan shaxs sifatida taqdim qilishga urinayotgan vaqti rafiqasining millati nazarga ko‘p ham tushishini istamagan bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladilar.

Image copyright none
Image caption Tatyana Akbarovna oxirgi marotaba 2011 yili O‘zbekiston Prezidentining Hindistonga safariga hamrohlik qilgandi

Alisher Ilhomovning fikricha, hozirda Tatyana Karimovaning turmush o‘rtog‘i "yonida" paydo bo‘lishi birinchidan, Prezident Karmovning yondoshuvi o‘zgarganidan, ikkinchidan uni bunga majbur qilayotgan ba‘zi omillar mavjud bo‘lishi mumkinligi sabablidir.

Tahlilchining fikricha birinchi taxminning ehtimoli kamroq.

"Ikkinchi taxmin esa realroq. Chunki prezidentning qizi Gulnora Karimovaning shu yil boshlarida Twitter mikroblogida yozgan izhorotlarida onasining turli "fitnalar" bilan shug‘ullanayotgani aytgandi. Ana shular asosida janob Karimov rafiqasini "nazoratsiz" qoldirishni istamaganligini taxmin qilish mumkindir".

Aytilayotgan "fitnalar" qanday bo‘lishi mumkin degan savolga kelsak, Alisher Ilhomovga ko‘ra, bu Tatyana Karimova tomonidan mamlakat kelgusi rahbariyatida joriy prezident oila a‘zolariga sodiq bo‘lgan shaxslar mavjudligini kafolatlash va iqtisodiy jihatdan kelajakni ta‘minlash yo‘lida harakatlarni faollashtirgani haqida norasmiy manbalaradan ba‘zi ma‘lumotlar bor.

"Bir narsani aytib o‘tish kerak, ko‘rinishicha Karimova xonimning o‘zida hech qanday siyosiy ambitsiyalar yo‘q, lekin o‘zi va oila a‘zolarining barqaror kelajagini ta‘minlash istagi bor xolos".

Albatta Gulnora Karimovaning twitlaridan tashqari Tatyana Karimova turli sohalarda o‘z ta‘sirini o‘tkazmoqchi bo‘layotganligining dalil-isbotlari yo‘q.

Lekin Alisher Ilhomovning aytishicha, Karimova xonim o‘zi va balki oila a‘zolarining kelajagini "ta‘minlash" yo‘lida hatti-harakatlar qilayotgan bo‘lishi mumkin.

Karimova xonimning Prezident tomonidan qabul qilinadigan qarorlarga ne qadar ta‘sir o‘tkaza olishi haqida ham turli qarashlar mavjud.

Tahlilchining aytishicha, mamlakat rahbari bilan yaqin muloqotda bo‘lish imkoniga ega oila a‘zosi albatta qarorlar qabul qilinishiga ta‘sir o‘tkazish imkoniga ham ega bo‘ladi.

Boshqa tomondan Prezident rafiqasi o‘z mavqeidan foydalanib, iqtisodiy resurslarning taqsimoti, turli ta‘sir doiralarining vujudga kelishi va kimga nima tegishli bo‘lishi borasidagi qarorlarga ham o‘z ta‘sirini o‘tkazayotgan bo‘lishi mumkindir.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02