O‘shda jurnalist kaltaklanganligi oshkor bo‘ldi

Qirg‘iziston janubidagi O‘sh shahrida "Intimaq" davlat teleradio kompaniyasi o‘zbek bo‘limi muharriri Davron Nasibjonov bir necha kun avval kaltaklanib ketilganligi ma‘lum bo‘ldi.

Bezorilar Davron Nasibjonovning pullari va qimmatbaho narsalariga teginmagan.

Jurnalist kaltaklanish sababining kasbiy faoliyatiga bog‘liq emasligini ta‘kidlamoqda.

Unga ko‘ra bezorilar uni milliy sha‘niga teguvchi so‘zlar bilan haqoratlagan.

BBC bilan suhbatda Davron Nasibjonovning aytishicha, hodisa o‘tgan yakshanba, 17 avgust kuni kech soat 8 larda ro‘y bergan.

Bir guruh yigitlar hech qanday sababsiz Davronni bir chetga sudrab olib borib, kaltaklay boshlashgan.

Hodisadan so‘ng kasalxonaga murojaat qilgan Nasibjonovga miya chayqalishi, boshida bir necha g‘urra, burniga jarohat yetkazilgani va butun badanida ham kaltak izlari borligi tashhisi qo‘yilgan.

Hodisa bo‘yicha tegishli tashkilotlar surishtiruv ishlarini boshlagan.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02