Ijtimoiy minbar: O‘zbekistonda davlat odamidan tahdid yo‘qligiga kim kafolat beroladi?

Shu kunlarda Toshkentda ro‘y bergan ikki hodisa davlat xizmatida bo‘lgan shaxslarning jamoatchilikka xavf tug‘dirish-tug‘dirmasligi masalasiga diqqatni qaratgan.

18 avgust tunida Toshkent ko‘chasida mast holda avtomobil boshqarib borayotgan militsiya zobiti yo‘lovchini urib ketgan.

Oqibatda 43 yoshli inson hayotdan ko‘z yumgan.

Va o‘sha tunda prezidentni qo‘riqlaydigan shaxs Toshkentning qoq markazidagi ko‘p qavatli binoning ustida o‘z joniga qasd qilgani ommaviy axborot vositalari e‘tiboriga tushdi.

Ta‘kidlash joizki, Internet ijtimoiy tarmoqlaridagi fuqarolar faolligi davlat xizmatida bo‘lgan shaxslar bilan bog‘liq ushbu ikki hodisadan nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoni boxabar etdi.

Bunday hodisalar O‘zbekistonda bundan oldin ham ro‘y bergan, biroq yopiq davlatda har bir vazirlik yoki xizmat o‘z tizimida yuz bergan noxush hodisani "yopig‘liq qozon" ichida sir saqlashga intilgani sababidan ko‘pchilikka yetib bormagan.

Prezident qo‘riqchisining doim o‘qlangan qurol bilan yurishini nazarda tutgan shohidlar "mabodo u nimadandir alamzada bo‘lsa-yu, o‘z joniga qasd qilishdan oldin qurolini atrofdagilarga qaratsa nima bo‘lardi", degan savolni ham berishgan.

Shu kunlarda O‘zbekistonda mustaqillik bayrami oldidan xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Bu - qurollangan davlat xizmatidagi odamlarning harbiy shayligi deganidir.

Mamlakatda militsiya yoki xavfsizlik xizmati haqidagi hamda davlat xizmati yoxud davlat xizmatchisining maqomini belgilab bergan qonunlar qabul qilinmagan.

Bunday sharoitda davlat xizmatidagi shaxsdan jamoatchilikka tahdid yo‘qligiga kim kafolat beroladi, bu holatda siz o‘zingiz xavfsiz his qilasizmi?

Ijtimoiy minbarimiz navbatdagi mavzusi shu haqda.

Fikrlaringizni BBCning Facebook, Google+, Odnoklassnikidagi sahifalarida qoldiring.

Sharhlaringizni BBCUzbek.com da ham o‘qishingiz va Daraklar dasturida tinglashingiz mumkin.

Whatsapp raqamimizga ovozli sharhlaringizni ham yo‘llashingiz mumkin +44 78-58-86-00-02.