"Setora"dek guruhni Xudo beradi. Yangi uch chiroyli yosh qizdan sun‘iy yangi guruh yasab bo‘lmaydi"

BBC mehmoni - "Setanho" guruhining a‘zosi Komila Xo‘jayeva.

Komila Xo‘jayeva o‘z do‘stlari Laylo Galiyeva va Feruza Latipovalar bilan 1990-yillar oxirida tuzilgan "Setora" guruhi tarkibida ijod qilgan. "Setora" guruhi "Vafodoring", "Yonma", "Maktabim", "Sen borsan" kabi o‘nlab xitlarni yaratib, tez orada Markaziy Osiyodagi mashhur ansamblga aylangandi. Guruh so‘ngra "Setanho" deb nom oldi. "Setora" guruhiga esa boshqa uch nafar qo‘shiqchi qizlar tanlab olindi.

Komila, Laylo va Feruza Toshkentdagi Reyngold Gliyer nomidagi maxsus musiqiy maktabning 1-sinfidanoq birga o‘qiganlar. Ular bolalikdanoq guruh tuzishni orzu qilishgan.

Laylo Galiyeva bugunda O‘zbekistonda o‘z yakkaxon karerasini jonlantirayotgan, hamda Feruza Latipova AQShning Filadelfiya shahrida yashab ijod qilayotgan bir vaqtda Komila Xo‘jayeva butkul o‘zgacha faoliyat bilan shug‘ullanmoqda.

Image caption Komila Xo‘jayeva bugun iqtisod sohasida faoliyat yuritadi

Toshkent Iqtisodiyot universitetining Xalqaro iqtisodiy aloqalar fakultetini tamomlagan, hamda Shveytsariyada o‘qib nufuzli MBA biznes diplomini olib qaytgan Komila bugunda iqtisodchidir. U hozirda qator yosh yordamchilari bilan O‘zbekistonda shokolad ishlab chiqarish loyihasi ustida ishlayotganini aytadi.

Komila Xo‘jayeva dasturimiz tinglovchilari va saytimiz o‘quvchilari savollariga javob berdi. Vaqti chegaralangani tufayli, barcha savollarni yetkaza olmaganimiz uchun sizdan uzr so‘raymiz.

--------------------------------------------------------------------------------------

"Assalom alaykum! Sizga savolim: Siz san‘atga qaytasizmi? San‘atdan ketganingizga vaqtlar o‘tib afsuslanmaysizmi? Chunki, men uchun qiziq-da, shirali ovoz, qolaversa iqtidoringiz bor! Javob uchun oldindan rahmat, qaysi sohada bo‘lsangiz ham ishlaringizga omad tilayman!" Nodirbek, Moskva

Xo‘jayeva: Ha, chin yurakdan gapiradigan bo‘lsam, afsuslanaman. San‘atkor sahnada turib qabul qilib oladigan mehr va tomoshabinlarga ulashadigan samimiy ehtiroslarni eslasam, bu men uchun katta yo‘qotishdir. Men sof ijodni sog‘inganman va ana shuni yo‘qotganimdan afsuslanaman. Men shon-shuhrat va tanilish haqida gapirmayapman, balki o‘sha qo‘shiqlarimizni yozish, ijro etish va insonlarga shuni taqdim qilish jarayonini sog‘inaman. Ha, men ijoddan yiroqlashgandirman, lekin baribir bir umidim bor, balki bizga yana o‘sha qo‘shiqlarimizni jonli ravishda ijro etishga ruxsat berishar va yana o‘sha ehtiroslarni qayta his etarman. Men hozir sahnaga chiqmayotgan bo‘lsam-da, do‘stlar orasida kuylab turaman va ana o‘sha lahzalarda o‘zimni haqiqiy baxtli his qilaman. Shunday ekan, ha, katta san‘atdan ketganimdan chin qalbimdan afsuslanaman.

"Setora" guruhining tarqalib ketishini asosiy bitta sababi nimada edi? Tarqalib ketganiga ancha yillar o‘tdi, demoqchimanki, yashirmagan, ochiq holda sababini aytish vaqti keldi". Dj Shod

Xo‘jayeva: Bilasizmi, o‘z vaqtida bizning guruhimiz va "Tarona Rekords" prodyuserlik markazimiz o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keldi. Balki, biz qaysidir tomondan nohaq bo‘lgandirmiz, chunki, ayniqsa moliyaviy tarafdan, mustaqilroq bo‘lishni xohlagandik. Bizda prodyuserlik tajribasi yo‘q edi, lekin qizlar o‘zimiz mustaqil faoliyat yuritsak, shu tajribaga ega bo‘lamiz deb o‘ylagandik. Bizning prodyuserlarimiz esa bizni deyarli bolalikdan tarbiyalashgan va shuning uchundir bizning mustaqil bo‘lish istagimizni kechirmaganlar, va hozir ham balki kechirmaslar. Ular bizsiz ham boshqa "Setora" guruhini tashkil qila olishlariga ishondilar, biz esa, o‘z navbatida, o‘zimiz yo‘limizni topib ketamiz deb o‘yladik. Balki tajribamiz yetmagani tufayli "Tarona"dan ketgach, mustaqil guruh bo‘lib uzoq yashamadik. Afsuski, yoki baxtga qarang, "Tarona Rekords" ham bizga o‘xshagan muvaffaqiyatli "Setora"ni tuza olmadi. Chunki, bundan guruhni Xudo beradi, uni bir kunda uchta yangi chiroyli yosh qizlarni yig‘ib sun‘iy ravishda yasab bo‘lmaydi. Iqtidor, sabr-toqat, mehnat kerak. Xullas, shu yo‘l bilan shartnomamiz buzilib ketgan. Shuning uchun guruhimiz nomini "Setanho" deb o‘zgartirishga majbur bo‘lganmiz. Buning ma‘nosi "Setora-tanho" bo‘lgan. Bizga kirillcha, yo na lotincha alifboda "Setora" so‘zini ishlatish man etilgan, chunki "Setora" degan leybl "Tarona Rekords"ga tegishli mulk edi. Bizda boshqa yo‘l qolmadi, va hali ham "Setora" ekanimizni bildirish uchun shunday nom oldik. Birovlar tanhoni "yolg‘iz" deb tarjima qilishi mumkin, lekin biz uni "yagona", "asl" ma‘nosida olganmiz.

"Setanho"ning rishtalari nega uzildi? Men bilan intervyuda "Bizlarni hech qachon bir-birimizdan ajratib bo‘lmaydi", deb aytgandingiz. Dildora Tulaganova

Xo‘jayeva: (Kuladi) To‘ppa-to‘g‘ri. Bizni do‘st sifatida hech kim ajrata olmadi. O‘zbek tilimizda "jigar" degan chiroyli so‘z bor. Bu qizlar mening jigarlarim, haqiqiy oilam. Birimizda baxtli yoki g‘amgin onlar bo‘lsa, o‘zimiznikidek qabul qilamiz. Men istagan paytimda shu qizlarimga murojaat qila olishimni bilaman. Men kim ekanligimini ota-onam, oilam va shu dugonalarim bilishadi. Men ojiz yo qudratli bo‘lishim mumkin, va har qanday sharoitda o‘z jigarlarim Feruza va Layloga yuragimni to‘kib sola olaman. Ular yuragimning bir parchasi. "Setanho"ning tarqalishiga kelsak, u paytda, birinchi navbatda, Laylo o‘zini yakkaxon xonanda sifatida sinab ko‘rishni istadi. Men uchun bu juda og‘riqli hol bo‘lgandi. Lekin, yaqin odamlar bo‘lganimiz uchun, bora-bora buni tushundik, va unga yakka o‘zi ijod qilishga ruxsat berdik. Feruza va men esa boshqa qizni uchinchi qilib olishni istamadik, chunki begona odam guruhimizga kirishini tasavvur ham qila olmadik. Keyin men va Feruza ham balki mustaqil yo‘lni tutib ko‘rishimiz kerakdir degan xulosaga keldik, chunki Feruza milliy mumtoz o‘zbek qo‘shiqlarini ijro etib ko‘rishni juda istardi. U bu yo‘lda ajoyib kuylay oladi. Men esa, nihoyat, biznes ma‘muriyati diplomiga o‘qishdek orzuimga erishdim. Biz bir-birimizga mustaqil tarzda rivojlanish sharoitini yaratib berdik. Lekin, hammamizda bitta orzu bor, u ham bo‘lsa, sobiq prodyuserlarimiz "Tarona Rekords" bilan qayta til topishib, eski qo‘shiqlarimizni ijro etish huquqini olish. Har qalay bu qo‘shiqlar uchun huquq "Tarona"ga tegishli, va qonun ustivor hisoblanadi. Lekin, men ich-ichimdan ijod yutib chiqadi deb ishonaman. Bizdan keyin ko‘p "Setora"lar bo‘ldi, lekin biz asl uchovlon bo‘lganimiz uchun "Setora Tanho" bo‘lib qaytishimiz kerak.

BBC: Bolalikdan birga bo‘lgan ekansizlar. Guruhni tashkil qilish fikri qachon va qanday tug‘ilgan?

Xo‘jayeva: Eslayman, beshinchi sinfda o‘qiyotganimizda, Feruza: "Biz yulduzlarmiz. Hozir qo‘shiq aytamiz", dedi. Musiqiy maktabda o‘qiyotganimiz uchun, qo‘shiq aytish nimaligini yaxshi bilardik. Qandaydir qo‘shiqlarni olib, o‘zimizning versiyamizni ishlab chiqarardik. Men avvalo Feruzaning, keyin Layloning o‘ziga bo‘lgan ishonchidan hayratlanardim. O‘shanda bir-birimizga: "Hali bir artist bo‘lib yetishaylik, hatto ko‘chalardagi daraxtlar egilib, ana talantli yulduz qizchalar kelayapti deb bizga ta‘zim qiladi!" deb aytgandik. Men ham shunga ishona boshladim. Boshimizga shon-shuhrat kelib yog‘ilganida, bir narsani anglab yetdimki, butun vujuding bilan bir narsaga ishonsang, orzularing ushalar ekan. Meni eshitayotgan do‘stlarimizga ham aytmoqchiman, agar orzuingiz bo‘lsa, unga ishoning, u tomon harakat qilishdan to‘xtamang! Keyin, 19 yoshdaligimizda nihoyat "Setora" yuzaga keldi. Lekin, avvaliga Laylo ikkovimiz Konservatoriyaga o‘qishga kirdik, lekin Feruza kira olmadi. Uning ajoyib ovozi bor edi, butun vujudi bilan musiqaga berilgandi, pianinoni ajoyib chalardi, lekin taqdir shu ekan. Unda djaz guruhi tarkibida Turkiyaga ketish imkoniyati paydo bo‘ldi. Turkiyada jonli tarzda qo‘shiq ijro etish sirlarini o‘rganib olgach, Feruza Toshkentga qaytib keldi va: "Qizlar, qani o‘sha orzuimiz? Men sahnadan qo‘rqmayman, kelinglar, sinab ko‘ramiz o‘zimizni", deb aytdi. O‘shanda o‘zimizda yig‘ib qo‘ygan pullarimiz, qisman ota-onamiz moliyaviy yordami bilan "Sevgi, qaydasan?" deb nomlangan birinchi qo‘shig‘imizni yozdik. Bizga o‘sha paytda juda taniqli bo‘lgan "Sideriz" guruhining menejeri Mansur Toshmatov prodyuserlik qildi. Keyinroq aynan bizga o‘xshagan qizlar jamoasini qidirayotgan "Tarona Rekords" prodyuserlari bilan tanishib qoldik. U paytlar "Spice Girls"ga o‘xshagan guruhlar juda mashhur edi. Ana shu yil bilan professional prodyuserlar qo‘liga tushib qoldik.

Assalom alaykum, avvalambor "Setora" guruhi o‘z davrida eng zo‘r guruh edi, agar ular hozir ham qaytishsa, juda ko‘pchilik ularni tinglashgan bo‘lar edi. Savol: "Setora" guruhi qaytishi mumkinmi san‘atga? Sherzod Safarov

Xo‘jayeva: Shuni aytayapman-da! Lekin qachon qaytishimizni bilmayman. Men har doim o‘z guruhimiz ishqibozlariga boshim yerga yetguncha ta‘zim qilib, rahmatlar aytaman. Chunki, sal mavzudan chetlab bo‘lsa ham aytay, Yaratganning o‘zi menga, Layloga va Feruzaga mana shunday insonlarning muhabbatini va sadoqatini taqdim qildi. Mana "Tarona"dan ketganimizga 10 yil oshibdiki, odamlar bizni shunday iliqlik bilan eslashlari bu o‘ta yirik sharaf biz uchun! Uchovimiz ham mana shunday insonlarning so‘zlarini eshitib, ilgari intilib yashaymiz. Albatta, qaytamiz. Birinchi o‘rinda, uchovimiz yig‘ilib, jonli kontsertlar berib ko‘rishimiz kerak. Shu yerda bir muhim jihatdan aytib o‘tmoqchiman, buni ijodkor juda chuqur tushunib yetar ekan, u ham bo‘lsa o‘z oilangni qurbonlik keltirish. Men ijod bilan shug‘ullanishni istayman, lekin ayni damda, ota-onam qanday yashayotgani, bolam qanday katta bo‘layotganini ko‘rishni istayman. Agar hozir boshim bilan ijodga sho‘ng‘ib ketsam, bu men uchun juda katta sinov bo‘lgan bo‘lardi. Haqiqiy ijod uchun yolg‘izlik bilan to‘laysiz, o‘zingizni qurbon qilasiz. Haqiqiy ijodkorlar o‘zlarini sahnadagi alanganda yoqadilar. Lekin, shularni bilsam ham, baribir ijodga juda qaytgim keladi.

BBC: Siz oiladan og‘iz ochdingiz. Ko‘p mushtariylarimiz sizning shahsiy hayotingizga qiziqayaptilar.

Xo‘jayeva: Bu hech kimga sir bo‘lmasa kerak, men DJ Piligrim (Ilhom Yo‘lchiyev) bilan, ta‘bir joiz bo‘lsa, ijodiy bir ittifoq tuzganman. Bu ikki ijodkorning haqiqiy sevgisi mahsuli edi. Afsuski, yo‘llarimiz keyin ayri bo‘ldi, lekin hali ham farzandimizga ota va ona bo‘lib qolayapmiz. 10 yoshli Isom ismli o‘g‘limiz bor. Ilhomga ba‘zida aytib turaman, "Ilhom, mana shu o‘g‘limiz bizning eng yaxshi loyihamiz!" deb. Isom ijodga juda qiziqadi. U mening ijodimga nisbatan juda toqatli bo‘lgan, lekin hozir u bilan ko‘proq vaqt o‘tkazayotganimdan juda xursand. "Siz meni maktabdan olib ketishga kelishingiz, maktab yig‘inlariga kelishingizni juda yaxshi ko‘raman, har qalay dadam - yulduz, u kela olmaydi", - deydi. U dadasi kelishini juda istaydi, lekin biz ikkovimiz ham tushunamizki, dadamizning o‘ziga yarasha mavqei bor. O‘z shahsiy hayotimga kelsam, hammasi joyida, hali turmushga chiqqanim yo‘q. Bilasizmi, men uchun birinchi turmush tajribasi juda jiddiy bo‘ldi, va turmush qurish o‘zi qanchalar jiddiy qadam ekanini anglab yetdim. Yana turmushga chiqishni xohlayman, albatta, lekin u nafaqat qandaydir kimyoviy ehtiroslar, balki o‘zaro hurmat va ishonchga ham asoslangan bo‘lishini istayman. Eng katta orzularimdan biri - men yana ona bo‘lishni istardim. Men feminizm tarafdori emasman, mening fikrimcha, ayol ro‘zg‘or farishtasi bo‘lishi kerak. Ayol eriga hurmat-izzat bilan munosabatda bo‘lsa, er ham o‘zini mas‘ul his qiladi, ana shunday sharqona ittifoq tarafdoriman.

"Setora" guruhining "Qora-qora" nomli juda kuchli ijtimoiy qo‘shig‘i bo‘lar edi va u giyohvandlik muammosini ko‘tarib chiqqandi. Klip ham ajoyib edi. Lekin, u ikki-uch marta ko‘rsatishganidan keyin, efirdan olib tashlashdi. Mening qizlarga savolim shu: Nima uchun o‘zbek shou-biznesida ijtimoiy muammolarga bag‘ishlangan qo‘shiqlar hush qarshi olinmaydi? Dildora Tulaganova

Xo‘jayeva: Bilasizmi, balki menda ijtimoiy muammolar haqida chuqurroq gapirish huquqi yo‘qdir, chunki bu shu muammo bilan bevosita ishlaydigan davlat qo‘mitalarining vakolatiga kiradi. Va men shu yerda O‘zbekiston hukumatiga minnatdorchilik bildirib o‘tmoqchiman, chunki bizda giyohvandlik muammosiga juda katta e‘tibor qaratiladi. Bu illatga qarshi jamiyatimiz hukumatimiz bilan birgalikda kurashib keladi. Lekin, ayni bu qo‘shiqqa keladigan bo‘lsak, giyohvandlik mavzusi u payti dolzarb tuyulgandi. Bugunga kelib jamiyatimiz, menimcha, bu borada yetarlicha tarbiya olgan, yoshlarimiz ham bu qanday illat ekanini anglab yetishgan. 1990-yillar va 2000-yillar boshlarida anchagina yoshlar geroin iste‘mol qilishardi. O‘sha paytda oilamda katta fojea yuz bergandi, lekin bu haqida bugun endi ochiq gapirsam bo‘lar - o‘z amakim shu halokatli odatga o‘rganib qolganidan keyin, biz undan ajralib qolganmiz. O‘sha paytda turli oilalarni uchratganmiz, va kimdir otasi, kimdir ukasi yo akasini giyohvandlikka berib qo‘ygandi. Tinchlik davrida shu qo‘rqinchli odatga yosh yigitlarimizni qo‘ldan boy berib qo‘yishimiz, albattaki, fojea bo‘lgan. Balki bo‘ qo‘shig‘imiz juda jasurona bir qadam bo‘lgani uchun, jamiyat orasida uncha qo‘llab-quvvatlanmagan. Lekin, shunga qaramay, u odamlarning yuragida shunday iz qoldirganidan va balki yoshlarning ongiga ijobiy ta‘sir qilganidan men juda xursandman.

Hurmatli Komilaxon, sizlarning qo‘shiqlaringizni hanuzgacha eshitayapman. Ayniqsa, "Borsan" qo‘shig‘ingizga ishlangan klip hanuzgacha tengi yo‘qdir. Barcha qo‘shiqlaringiz uchun kattakon rahmat. Savolim shuki, ko‘pincha muayyan bir musiqiy guruh tarqalganida, ushbu guruh a‘zolari aloqa ushlashmaydi va yuz ko‘rmas bo‘lib ketishadi. Aynan sizlar guruh tarqalganidan beri o‘zaro uchrashib bo‘lmasa ham, gaplashib turasizlarmi Diyor Mirzajonov

Xo‘jayeva: Bilasizmi, biz 1-sinfdan beri bir-birimizni taniymiz. Maktabda bo‘lgan bir voqeani aytib bera qolay. Avvaliga Feruza va Laylo do‘stlashishgan. 3 yo 4-sinfda edi, ular ikkovi meni mazax qilmoqchi bo‘lishgan. O‘shanda yaxshigina urishib olganmiz, bolalarcha. O‘shanda ular ikkovi men ojiz qizcha emas ekanimni anglab yetishgan, va butun dars davomida meni kuzatib o‘tirib, tanaffus paytida oldimga kelishgan va ular bilan o‘ynashimni taklif qilishgan. O‘shanda irodasi kuchli uchta qizaloq birlashganmiz. Bir-birimizni vujudimiz bilan himoya qilardik. Aytmoqchimanki, mana shu yaqinlikning poydevori bizda hali bolalikda quyilgan. Shon-shuhrat esa biz uchun bir sinov bo‘ldi, va bir-birimizning ojiz va kuchli tomonlarimizni yorqinroq ko‘rdik. "Borsan" klipi chiqqanda, juda ko‘p yigitlar, balki butun O‘zbekiston yigitlari Layloni sevib qolishgandi, chunki u klipda ayolning nafosati va himoyaga muxtoj ekanligini ko‘rsatib bera oldi. Bu sevgilisidan ayrilgan ojiz qizcha obrazi tufayli, Layloga oshiq bo‘lganlar juda ko‘paydi. Agar bir-birimizni yaxshi bilmaganimizda, qizlar o‘zaro balki urushib qolardik va rashk qilib o‘shanda tarqab ketgan bo‘lardik. Umuman olganda, har qaysimizda o‘zimizga yarasha rol bo‘lgan. Feruza eng ovozi kuchli ijrochi edi va bugun ham men uni O‘zbekiston xonandalari ichida eng yaxshi va kuchli vokalistlaridan biri deb bilaman. Laylo va men Feruzaning kuchli ovozini yanada to‘ldirib berardik. Laylo guruhimizning nafis va go‘zal qiyofasi edi. Men esa tashkilotchilik jihatidan faol edim, loyihalar, intervyularni o‘zimga olardim.

Shveytsariyaning kaysi oliygoxida o‘qigansiz? Qaysi chet tillarda gaplasha olasiz? Rahmat. Borman, Gamburg

Xo‘jayeva: Men chet tillarni juda yaxshi ko‘raman. "Setora" tarkibida bo‘la turib juda ko‘p mamlakatlarga borishga muvaffaq bo‘lganman. Menga Shveytsariyadagi Jeneva shahri juda yoqib qolgan, u ham ko‘p millatli, lekin London yoki Nyu Yorkdek megapolis emas. Juda katta shaharlardan biroz qo‘rqaman. Jenevada esa juda madaniyatli joy. Uning ustiga, Geneva Business School xususiy biznes maktabiga kirib o‘qish baxtiga muyassar bo‘ldim. U yerda ingliz tilida o‘qidim, lekin u yerda frantsuz va nemis tillaridan ham gapirdim. Shu uchta tilda gaplasha olaman.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02