Donetskdagi janglarda 19 ukrain hukumat askari halok bo‘ldi

Image copyright AFP

Ukraina hukumatining ma‘lum qilishicha, Donetsk ustidan nazorat uchun olib borilayotgan janglarda 19 askar halok bo‘lgan.

Ayni vaqtda Rossiya tomonidan yuborilgan insonparvarlik yordami ortilgan deya aytilgan karvonni Ukraina bojxona xizmati rasmiylari tekshirmoqdalar.

Mahalliy jurnalistlar esa Lugansk mintaqasidagi Rossiya harbiy zirhlangan mashinalari va qo‘lga olingan hujjatlar fotosuratlarini oshkor etganlar.

Facebook da chop etilgan fotosuratlarni Rossiya Mudofaa vazirligi rad etgan.

Ukraina rasmiylari Ilovayskda rossiyaparast bo‘lginchilarga qarshi kurashayotgan kuchlar uchun qo‘shimcha qurol-yarog‘lar jo‘natishgan.

Ushbu shahar Donetskdan 50 km janubi-sharqda, Luganskka olib boruvchi yo‘l yoqasida joylashgan.

Ukraina rasmiylarining aytishlaricha, Rossiyada mashqdan o‘tkazilgan ko‘ngillilar bo‘lginchilarga yordam bermoqdalar.

Rossiya insonparvarlik karvonining dastlabki mashinalari Rossiya tomonidagi chegara nuqtasini kesib o‘tib, Ukraina chegara nuqtasiga yaqinlashganlari xabar berilgan.

Ukraina rasmiylari karvondagi yuk borasida katta shubahalarga egalar.

Rossiya karvonda faqatgina mojaro hududida qolib ketgan aholiga yordam berish uchun oziq-ovqat va dori-darmon borligini aytgan.

Donetsk va Lugansk shahrida bo‘lginchilar o‘tgan mart oyida Kiyevdan mustaqil hudularni e‘lon qilgandilar.

Aprel oyi o‘rtalaridan beri Ukraina hukumat kuchlarining bo‘lginchilarga qarshi olib borayotgan amaliyotlari mobaynida shu vaqtgacha 2000 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan.

Ukraina Rossiyani bo‘lginchilarni qo‘llash va qurol-yarog‘ yetkazib berishda ayblab kelmoqda. Bu ayblovlarni Kreml rad etadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02