AQSh "Haqqoniy" liderlari uchun yanada kattaroq pul va‘da qildi

Image copyright FBI

Yangi va‘da bilan yana AQSh Davlat departamenti chiqqan.

"Haqqoniy" jangari tarmog‘i Pokistonda joylashgan.

AQSh guruhni o‘zining "ashaddiy dushmani", deb biladi.

O‘z o‘rnida, AQSh tarmoqni Afg‘onistonda so‘nggi yillarda uyushtirilgan eng qonli hujumlarga mas‘ul, deb ko‘radi.

AQSh Davlat departamentining yangi va‘dasi ularning to‘rt nafar rahbarini ko‘zda tutadi.

Departamentning bayon qilishicha, ularni topib bergan kishi bularning har biri uchun besh million AQSh dollari miqdorida mukofot puli oladi.

So‘z esa, Aziz, Xalil ur-Rahmon, Yaxyo Haqqoniy va Abdul Rauf Zokirlar haqida bormoqda.

Xuddi shu manzarada AQSh tomoni Sirojiddin Haqqoniy boshiga tikkan mukofot pulini ham ikki barobariga oshirgan.

Sirojiddin Haqqoniy tarmoqning eng mashhur va yetakchi liderlaridan biri sanaladi.

Xabarlarga ko‘ra, uni topib bergan kishiga endi 10 million AQSh dollari beriladi.

"Haqqoniy" jangari guruhi hozir ham Pokiston va ham Afg‘onistonda faol bo‘lgan O‘zbekiston Islomiy Harakatining yaqin ittifoqchilaridan sanaladi.

Tarmoq, o‘z o‘rnida, Afg‘oniston Tolibon harakati va "Al-Qoida" bilan ham yaxshi aloqalarga ega.

O‘zining ashaddiy jangariligi bilan tanilgan guruh mintaqadagi xudkushlik hujumlarining ham ustaboshisi sanaladi.

"Hamma xavotirda"mi?

Image copyright AP

2012 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘oniston-Tolibon bo‘yicha qo‘mitasi "Haqqoniy" tarmog‘ini o‘zining "qora ro‘yxati"ga kiritgan.

AQSh Davlat departamenti - qayerdaligini topib bergan kishi uchun 5 million dollar va‘da qilingan - Abdul Rauf Zokirning nomini ham o‘z ro‘yxatiga tirkagan.

Xalqaro tashkilot Abdul Rauf Zokirning Afg‘onistonda uyushtirilgan ko‘plab xudkushlik hujumlari ortida turganiga ishonadi.

Birlashgan Millatlar ularni o‘z "qora ro‘yxati"ga qo‘shish bilan sayohat qilishlarini cheklab qo‘ygan.

Qurol-yarog‘ sotib olishlarini taqiqlangan va bank hisoblarini ham muzlatib qo‘ygandi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining o‘zi esa, xuddi o‘sha yili tarmoqni o‘zining "terrorchi tashkilotlar" ro‘yxatiga kiritgan.

Amerika tomoni keksayib qolgan Jaloliddin Haqqoniy boshchilik qiluvchi va uzoq yillar Pokiston, Saudiya Arabistoni Josuslik Xizmatlari, "Al-Qoida" tarmog‘i rahbari Usama bin Lodin bilan hamkorlik qilib kelgan "Haqqoniy" tarmog‘ini Afg‘onistondagi eng jangari isyonchi guruhlardan biri sifatida ko‘radi.

Agar, yaqinda "New York Times" gazetasida berilgan bahoga qaralsa, "Haqqoniylar jangarilikdan tashqari, odam o‘g‘irlash, ta‘magirlik va giyohvand moddalarning noqonuniy kontrabandasi bilan shug‘ullanuvchi butunboshli imperiyani barpo etgan shafqatsiz bilan oiladir".

Tarmoqqa qarshi jang

Image copyright Reuters

Garchi rasmiy ma‘lumotlarga qaralsa, xalqaro ittifoq kuchlari so‘nggi yillarda afg‘on tomoni bilan hamkorlikda Afg‘oniston sharqida "Haqqoniy" tarmog‘iga qarshi yuzlab harbiy amaliyotlar uyushtirishgan.

Bu amaliyotlar natijasida tarmoqning o‘nlab yetakchilari o‘ldirilgani va yana yuzlab a‘zolari hibsga olingani xabar qilinadi.

"Haqqoniy" tarmog‘i Tolibon bilan bir safda Afg‘onistonda jang olib borayotgan uchta yirik isyonkor guruhdan biri, ammo eng xatarlisi sanaladi.

Guruhning Afg‘onistonga xudkushlik hujumlarini olib kirgani va qator shov-shuvli hujumlar ortida turgani ishoniladi.

Yaqinda tarmoq rahbarlaridan Sirojiddin Haqqoniy endilikda Pokistonda boshpana topishlariga hojat qolmagani, Afg‘onistonda bemalol faoliyat olib borishayotganini bayon qilgandi.

Pokiston rasmiylari "Haqqoniy" tarmog‘i Afg‘onistonda tashkil topgan guruh, deyishadi.

Biroq vaziyatni yaxshi biladigan jurnalistlarga ko‘ra, tashkilotning Pokistonda chuqur ildizlari bor.

Bu esa, ko‘p yillar davomida bu tarmoqning Pokiston Josuslik xizmatlari bilan aloqasi mavjud, degan gap-so‘zlar tarqalishiga olib kelgan.

Bu ayblovlarni rasmiy Islomobod butkul rad etadi.

"Haqqoniy" tarmog‘iga qirq yilcha burun, Afg‘onistonning sobiq Sho‘rolar Ittifoqi tomonidan ishg‘oli paytida asos solingani aytiladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02