Futbol: Afghoniston jahon birinchiligiga chiqmoqchi

Image copyright AFP

Bu haqda Afg‘oniston Futbol Uyushmasi rasman bayon qilgan.

Uyushmaning bunday bayonot bilan chiqishiga Yaponiya bilan imzolagan yangi kelishuvi asos bergan.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, Yaponiya joriy paytda Osiyo qit‘asining futboli eng taraqqiy topgan va kuchli davlati sanaladi.

Milliy terma jamoasi to‘rt marta Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan.

Bu kabi sharafga esa, hozircha, biror bir qit‘a jamoasi noyil bo‘lmagan.

Yaponiya hozir FIFA reytingida ham Osiyoning eng peshqadam jamoasi bo‘lib turibdi.

Futbol bo‘yicha 2022 yilgi jahon chempionati esa, Qatarda bo‘lib o‘tadi.

Ta‘kidlash joiz, shu paytgacha O‘zbekiston doxil biror bir Markaziy Osiyo davlatiga jahon chempionatiga chiqa olmagan.

Futboli faqat so‘nggi yillarga kelib qayta taraqqiy topa boshlagan Afg‘oniston joriy paytda amaldagi Janubiy Osiyo chempioni sanaladi.

Jamoa FIFAning so‘nggi reytingida 129-o‘rinni egallagan.

O‘tgan oy qayd etgan xuddi shu natijasi bilan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston kabi mintaqa davlatlarini ortda qoldirgan.

Yangi bitim

Image copyright AP

Afg‘oniston futbolini yanada yuksaltirishga qaratilgan bitim ikki davlat futbol uyushmalari o‘rtasida imzolangan.

Yangi bitimga muvofiq, Afg‘onistonda tunda ham futbol uchrashuvlari o‘tkazish imkoniyati yaratiladi:

Mamlakatdagi eng yirik Kobul stadioniga o‘ta zamonaviy chiroqlar o‘rnatiladi.

Afg‘on futbolchilarining shug‘ullanishlari uchun yangi maydonchalar barpo etiladi.

Bo‘lajak futbolchilarni tayyorlash uchun yangi professional futbol akademiyasi ochiladi.

Afg‘oniston milliy terma jamoasi o‘yinchilarining Yaponiyaga borib, oliy tahsil olishlari ham mumkin bo‘ladi.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, bularning barchasi Yaponiya hukumatining ko‘magi bilan moliyalanadi.

Chorak asrlik urushlar girdobida ekaniga qaramay, Afg‘oniston o‘tgan yili ilk bor xalqaro o‘rtoqlik uchrashuviga ham mezbonlik qilgan.

Joriy yilda FIFAning "Halol o‘yin uchun" (FIFA Fair Play Award) mukofotiga ham loyiq topilgan.

Shu yil iyun oyida Janubiy Osiyo Futbol Uyushmasidan Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tarkibiga o‘tgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02