Amerika: "Islomiy Davlatga qarshi kurash uzoq davom etadi"

Image copyright EPA
Image caption AQSh Mudofaa vazirligi rahbarlariga ko‘ra, Islomiy Davlat tahdidi o‘tkinchi emas

Amerika Mudofaa vaziri Chak Heyglning aytishicha, Islomiy Davlat (ID) guruhi juda yaxshi tashkil topgan va Pentagon unga qarshi kurashda uzoq muddatli bir dastur ishlab chiqish haqida bosh qotirmoqda.

Chak Heygl ID jangchilari Qo‘shma Shtatlar oxirgi yillarda yuzma-yuz kelayotgan eng "xatarli tahdid" ekanini aytgan.

Payshanba kuni Vashingtonda chiqish qilgan janob Heygl jumladan shunday degan: "Islomiy Davlat guruhi tahdidi o‘tkinchi va qisqa muddatli emas. U bir terrorchi guruhga qaraganda ancha yaxshi tashkil topgan. Ular yaxshi jihozlangan va himoyalangan. Ular o‘z g‘oyalariga ega va harbiy taktikalardan aqllilik bilan foydalanishadi".

Chay Heyglga ko‘ra, AQSh havo hujumlari IDning Iroqda yangi hududlarni ishg‘ol qilishiga to‘sqinlik qilgan esa-da, jangarilar qaytadan kuch olishi kutilmoqda.

Amerikaning taniqli generallaridan biri Martin Dempsey IDning Suriyadagi qarorgohlariga hujum qilmasdan, uni yengib bo‘lmaydi, deb aytgan.

AQSh Mudofaa vazirligi rahbarlarining ogohlantirishlari ID AQShlik jurnalist Jeyms Foleyning qatl etilishi tasvirlangan videoni internetda e‘lon qilishi ortidan yangramoqda.

Qo‘shma Shtatlar hozirga kelib janob Foley o‘limi yuzasidan rasmiy tekshiruvni boshlagan.

AQSh Bosh prokurori Erik Holder mamlakati "xotirasi yaxshi" ekanini aytgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02