Gulnoraning sheriklariga chiqarilgan hukm o‘z kuchida qoldi

Image caption Ikkovlon shu yil iyul oyida hukm etilishgandi

BBCga ma‘lum bo‘lishicha, Gulnora Karimovaning qamoqqa olingan biznes sheriklari Rustam Madumarov va Gayane Avakyanlarning sud hukmi ustidan shikoyatlari qondirilmagan.

BBC manbalarining bildirishlaricha, shu oy boshida Toshkent apellyatsion mahkamasi Madumarov va Avakyanga qarshi iyul oyida chiqarilgan uzoq muddatli qamoq jazolarini kuchda qoldirgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Rustam Madumarov va Gayane Avakyanlarni qator iqtisodiy jinoyatlar, jumladan, soliq va valyuta jinoyatlarida ayblagan.

Rasmiy xabarda ayblanganlarning shu yil fevralida tergovga majburan olib kelingani aytilgandi.

Iyul oyida Gulnoraning yaqin hamkori va fuqaroviy eri ekani aytilgan Madumarovga 10 yillik qamoq jazosi berilgan. Ammo sud zalida umumiy avf qo‘llanib, jazoning uchdan bir qismi bekor qilingandi.

Image copyright none
Image caption So‘nggi ma‘lumot Gulnora Karimovaning o‘ziga bo‘layotgan bosim va tazyiqlar haqidagi yangi nidolari manzarasida qalqib chiqmoqda

Gayane Avakyan esa boshida 9 yilga hukm etilgan, ammo umumiy avf qo‘llanilib, 6 yillik qamoq jazosi tayinlangandi.

Manbaning bildirishicha, ikkovlon endilikda 1 sentyabr – Mustaqillik kuni munosabati bilan e‘lon qilinadigan amnistiya ro‘yxatiga tushishga umid qilishmoqda.

Mazkur tergov ishi bilan tanish bo‘lgan tergovchining anonimlik sharti bilan BBCga aytishicha, ikkovlonning amnistiyaga tushish imkoniyatlari oz ko‘rinadi.

"Men tajribamdan bilaman, agar amnistiya qo‘llaniladigan ish bo‘lganda, bu mahkama ishini boshlab o‘tirishmasdi va mahkama ishi bo‘lib o‘tmasdi", - deydi tergovchi.

Ayni damda mazkur ma‘lumot Gulnora Karimovaning o‘ziga bo‘layotgan bosim va tazyiqlar haqidagi yangi nidolari manzarasida qalqib chiqmoqda.

Uy hibsida saqlanayotganini aytayotgan Karimova xonim BBCga o‘z otasi rezidentsiyasiga kirishga uringanida kuch bilan yo‘li to‘silgani aks etgan videoni yo‘llagan.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Dado" guruhi xonandasi bo‘lgan Rustam Madumarov o‘tgan yillar davomida Gulnora Karimova bilan juda yaqin tijoriy va shaxsiy munosabatlarda bo‘lgan.

Gayane Avakyan esa bir necha Ovro‘po davlatlarida boshlangan pul yuvishga oid ishlarda nomi tilga olingan shaxs bo‘lib, Gulnora Karimovaga bog‘liq tijoratlarni yuritgani da‘vo qilinadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02