"Prezident devoniga yozganim uchun menga tazyiq o‘tkazishmoqda"

Image copyright Getty
Image caption Matbuotda esa hamma narsa "yaltillaydi"

Do‘stlik tumanida istiqomat qiluvchi uy bekasi o‘zi yashab turgan joyidagi muammolar haqida Prezident devoni va Bosh prokuraturaga shikoyat qilgani uchun bosim ostida qolganini bildirdi. Ikki farzandning onasi Ruhiya Baitovaning BBCga ma‘lum qilishicha, mas‘ullar muammoni hal qilish qolib shikoyat qilgan odamni siquvga olishgan. Ruhiyaga bosim o‘tkazgani aytilayotgani uchastka militsiya noziri esa ayblovlarni rad etmoqda.

Jizzax viloyatidagi Istiqlol qishloq fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Ruhiya Baitova yashab turgan joyida suv yetkazish inshoatlarining buzilishi oqibatida fermerlar suvsiz qolgani va bolalar bog‘chasidagi sharoitlardan Bosh prokuratura hamda Prezident devoniga murojaat qilgan.

"Bog‘chalar xarobasi chiqib yotganini, keyin fermerlar suvdan qiynalayotganini va lotoklar buzilib yotganini rasmga tushirib Prezident devoni va Bosh prokuraturaga yozgan edim. Yozganimdan keyin menga Do‘stlik tumanidan Sherzod degan tergovchi uyimga ertalab soat oltida kelib olib ketdi", - deydi Ruhiya Baitova.

Shikoyatchi mahalla raisi idorasida tergovchiga tushuntirish xati yozib bergan. Ruhiyaning ma‘lum qilishicha, shundan so‘ng kechki soat yetti atrofida uchastka militsiya noziri va Sherzod uning uyiga kelib yana idoraga olib ketmoqchi bo‘ladi. Bu safar Jizzax viloyatidan ikki xodim kelgani va u bilan uchrashish kerakligini aytishadi.

Ruhiya Baitova militsiya idorasiga bormasligini ma‘lum qilgach, o‘ziga nisbatan kuch ishlatilganini bildirdi.

"O‘n metrday joyga qo‘limdan ushlab sudradi. Keyin uchastkavoy ham menga qarab baqirib ketdi. Keyin men ularga telefonimni oldirib qo‘yib dala oralab qochib ketdim. Ular meni tergovchining oq "Neksiya"si bilan quvdi. Tungi soat o‘nlarda quvgan tergovchi telefonimni olib keldi. Ertasi kuni bormasam oyog‘imni sindirishini va ustimdan jinoiy ish qo‘zg‘ab sudga berishini aytdi", - deydi Ruhiya Baitova.

Baitova xonim bolalar bog‘chasiga farzandi borishini va u yerdagi abgor holatdan shikoyat qilishga majbur bo‘lganini bildirdi.

Ruhiya Baitovaning aytishicha, Do‘stlik tuman Xalq ta‘lim boshqarmasi rahbari ham shikoyat yozgani uchun uni mahalladan ko‘chirtirib yuboraman deb tahdid qilgan.

Biroq ushbu tahdid bo‘yicha Xalq ta‘limi boshqarmasi rahbaridan izoh olishningi imkoni bo‘lmadi.

BBC "Istiqlol" qishloq fuqarolar yig‘ini uchastka militsiya noziri Abdug‘ani Shakarboyev bilan bog‘landi. Shakarboyev Baitovaga nisbatan kuch ishlatilganini rad qildi.

"Unaqa narsa bo‘lmagan, xabarim yo‘q. 12 avgust uyiga ham bormaganman", - deydi Abdug‘ani Shakarboyev.

Uchastka militsiya noziri shikoyat ko‘rsatilgan fermerlarning suvsiz qolgani borasidagi faktni tasdiqladi. Lotoklar yaroqsiz holatga kelib qolgan, lekin keyinchalik ta‘mirlangan.

Huquq himoyachilari O‘zbekistonda yuqori idoralarga yozilgan shikoyat aylanib mahalliy rahbariyatga kelishi odat tusiga kirib qolganini aytishadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02