Sandxyorst shayxlari va yo nega Yaqin Sharq hukmdorlari Britaniyada tahsil ko‘rishadi?

Image copyright none

Xorijlik harbiy zobitlar, ayniqsa, Yaqin Sharqdagi qirollar sulolasi harbiy boshqaruvni Buyuk Britaniyadagi Sandxyorst zobit tayyorlash akademiyasida o‘rganishgan. Nima uchun? Hali ham bu maqbul g‘oyami? Bi-bi-si muxbiri Mattyu Teller mavzuni o‘rgangan.

1812 yildan beri Sandxyorstdagi Qirollik harbiy akademiyasi Britaniya Armiyasi uchun zobitlar tayyorlaydi.

44 haftalik mashaqqatli mashg‘ulotlar kursant zobitlarning jismoniy va aqliy malakalarini oshirish, hamda ularga Britaniya Armiyasi qadriyatlarini singdirishga qaratilgan.

U yerda Britan zobitlari bir safda xorijlik kursantlar ham ta‘lim olishadi. Yaqin Sharq elitasining ko‘pchiligi o‘z o‘g‘il-qizlarini Sandxyorstga jo‘natishadi. Ulardan, ayniqsa, ko‘zga ko‘ringani - Iordaniya qiroli al Husayn oilasi.

Hozir qudratda bo‘lgan 4 arab monarxi - Iordaniya qiroli Abdulloh, Bahrayn qiroli Hamad, Qatar amiri Shayx Tamim, Oman Sultoni Qabuslar ham Sandxyorst va uning qoshidagi qator bilim dargohlarini tugatishgan. O‘tmishda hukmronlik qilgan Quvayt amiri Shayx Saad va Qatar amiri Shayx Hamadlar ham shu yerda tahsil olishgan.

Sandxyorstning Fors ko‘rfazi bilan aloqalari Britaniyaning mustamlakachilik davridan beri davom etadi.

"Britaniyaliklar o‘z qudratlarini tomoshalar bilan mustahkamlashga juda ustasi farang bo‘lishgan", deydi Dubay va Abu Dabi hukumdorlari tashqi siyosat strategiyasi bo‘yicha sobiq maslahatchisi Habiba Hamid.

"Yuzaki dabdaba, marosim, harbiy qudratni namoyish qilish, hayratlantirish va g‘urur tuyg‘usini tuydirish - bu usullarning barchasini Britaniya harbiy rahbariyati ishlab chiqishgan".

Qatardagi Qirollik birlashgan xizmatlari instituti direktori o‘rinbosari Maykl Stivensga ko‘ra, Sandxyorst bo‘lajak hukmdorlar bir-birlari bilan yaxshi tanishadigan joydir. Va bu yer Fors ko‘rfaziga Britaniya ta‘sirini ushlab keladi.

"Buyuk Britaniya Fors qo‘rfazi siyosiy elitasining e‘tiborida bo‘lib turadi. Mamlakatimizning hajmiga teng, masalan, Frantsiya va boshqalar bunday e‘tibordan mahrumlar. Bu bizga "kichkina demang bizni..." deb aytish imkoniyatini beradi".

"Britaniyada yashab kelgan odamlaringiz bor, ularning ... do‘stlari va ustozlari bilan aloqalari mavjud. Fors ko‘rfazi muhitida tanish-bilishchilik juda foydali", deydi Maykl Stivens

"Dunyoni kezayotgan britaniyaliklar, xuddi men kabi askarlar o‘z safarlari chog‘i Sandxyorstda bo‘lganlarni topib olishadi va birdaniga inoqlashib ketishadi. Menimcha, bu foydali, misol uchun, harbiy savdo-sodiq sohasida", deydi.

Image copyright none
Image caption 2013 yilgacha Qatar amiri bo‘lgan Hamad bin Xalifa, 2004 yil Sandxyorstdagi askarlarni ko‘zdan kechirmoqda

"Fors ko‘rfazi monarxlari muhim moliya manbasiga aylanishgan", deydi Britaniya Qirollik Tashqi Aloqalar instituti - Chatam Xouzning Yaqin Sharq-Shimoliy Afrika dasturi rahbari o‘rinbosari Jeyn Kinninmont.

"Londondagi eng baland bino qatarliklar tarafidan moliyalangan, Britaniya infratuzilmasi va neft maydonlarini rivojlantirishga Birlashgan Arab Amirligi pul ajratadi. Bunga istak bor, savdo vajlari bois ularni yonimizda ushlashga juda kuchli xohish mavjud".

"Britaniyaning Fors ko‘rfazi bo‘yicha siyosati avvalo "tijoriy", deydi Xьyustondagi Jeyms Beyker institutidan Kristian Koats. "Inson huquqlari va islohotlar borasidagi xavotirlar ikkinchi darajali".

2012 yil Sandxyorst yangi yotoqxonalar majmui uchun Birlashgan Arab Amirligidan 15 million funt sterling ($24.86775)lik xayriyani qabul qildi. Keyin binoni amirlik asoschisi Zaydning nomi bilan atadi.

2013 yil martida Sandxyorstning Mons Hall sport markazi Qirol Hamad nomi bilan qayta ochildi. Bu qaror Bahrayn hukmdori 3 million funt sterling ($4.97355) xayriya berishi ortidan olindi.

Sport markazining qayta nomlanishi esa, bahsu munozaralarni keltirib chiqardi. Tanqidlar qisman markazning oldingi nomi 1914 yil avgusti - Birinchi Jahon urushi davrida Belgiyaning Mons shahrida kechgan janglarda halok bo‘lgan 1, 600 britan askari sharafiga qo‘yilgani bilan bog‘liq bo‘lsa, qisman 3 yil muqaddam Bahrayndagi siyosiy noroziliklarning qay yo‘sin bostirilgani sababdir.

2011 yil Bahrayndagi shia ko‘pchiliklar va iqtidordagi sunniy elita o‘rtasida tanglik avjga chiqarkan, muxolifat hisob-kitoblariga ko‘ra, 80dan ortiq fuqaro xavfsizlik kuchlari qo‘lida nobud bo‘lgandi. Hukumat esa, bu raqamlarni savol ostiga oladi. To‘qnashuvlarda 13 politsiya xodimi ham hayotdan ko‘z yumgan.

Sandxyorst tanqidlarga yozma javob berdi. "Sandxyorstga berilgan barcha xayriyalar Buyuk Britaniyaning ichki qonunlari va xalqaro majburiyatlar hamda bizning milliy qadriyatlarimiz doirasida berildi. Bu kabi xayriyalar yillar davomida Britaniya soliq to‘lovchilarga katta miqdordagi pulni tejab berdi".

Sandxyorstning do‘stlari dushmanga aylanishsa, nima bo‘ladi?

Image copyright none
Image caption Bahrayn qiroli Hamad, Iordaniya qiroli Abdulloh hamda Oman Sultoni Qabus

2001 yil sobiq bosh vazir Toni Bleyr Britaniya va Suriya munosabatlari iliqlashayotgani belgisi sifatida Damashqqa safar qilgandi. Ko‘p o‘tmay, 2003 yil Sandxyorstda Suriya qurolli kuchlari zobitlari tayyorlovdan o‘tkazila boshladi. Bugun esa, albatta, Suriya hukumati xalqaro doirada yakkalab qo‘yilgandir.

Jurnalist Maykl Kokerell Liviya diktatori Polkovnik Qaddofiyning 1966 yil Bikonsfilddagi (Beaconsfield) Armiya maktabida o‘tgan davri haqida yozgan:

"Uch yildan so‘ng, Qaddofiy Britaniya Armiyasi tomonidan tayyorlovdan o‘tkazilgan xorijlik zobitlar izidan bordi. U yangi o‘zlashtirgan bilimini o‘z mamlakatida siyosiy qudratni qo‘lga olishda qo‘lladi".

An‘ana davom etadi. 1990 yillarda Misr polkovnigi Ahmad Ali Sandxyorstda tahsil olgandi. U 2013 yil Islomiy Prezident Muhammad Mursini ag‘dargan Misr harbiyligidagi asosiy o‘yinchilardan biri bo‘ldi. Hozir Prezident Sisining ichki maslahatchilaridan biri etib tayinlangan.

1990 yillar oxirida Toni Bleyr qo‘li ostidagi hukumat tomonidan Sandxyorstda xorijiy kursantlarni tayyorlovdan o‘tkazishga barham berish harakatlari bo‘ldi.

1999 yil Qirol Husaynning dafn marosimi, ko‘rinishidan, mazkur rejaning amalga tadbig‘i oldini oldi.

"Dafn marosimiga butun dunyodagi qariyb har bir mamlakat rahbarlari kelishgan edi. Bizning bosh vazir Toni Bleyr ham o‘sha yerda edi", deb eslaydi General - Mayor Denaro. "U mening mamlakatlar rahbarlari - Bruney Sultoni, Oman Sultoni, Bahraynliklar, Saudiyaliklar bilan so‘zlashayotganimga guvoh bo‘ldi va: "Ularni sen qayerdan bilasan?" deb so‘radi. Men: "Chunki, ular Sandxyorstga borishgandi", deya javob bergandim".

Xabarlarga ko‘ra, bugun Sandxyorstda boshqa mamlakatlar bilan solishtirganda eng ko‘p Birlashgan Arab Amirligidan kelgan zobitlar tayyorlovdan o‘tkaziladi. 2014 yil mayida qabul qilingan 72 xorijlik kursantning 40 foizga yaqinida Yaqin Sharqdan bo‘lgan.

Inson huquqlari bo‘yicha Bahrayn markazidan Maryam al-Xavaja: "Odamlar o‘tmishga boqib, Britaniya Yaqin Sharqda qanchalar xato siyosat olib borganini, chunki ular inson huquqlari va demokratiya qadriyatlari ortida turishdan ko‘ra ko‘proq Bahraynga qiruvchi uchoqlar sotishni istashganini ko‘rishadi", deydi.

Habiba Hamidga ko‘ra, Sandxyorst - "mustamlakachi o‘tmishdan yodgorlik", "ular demokratik saylangan rahbarlar uchun zarur bo‘lgan fuqaroviy qadriyatlarni o‘qitishmayapti".

Sandxyorstga ko‘ra, "harbiy oldi-berdilar va ta‘lim orqali xalqaro munosabatlar qurish Buyuk Britaniyaning xalqaro strategiyadagi o‘rni asosiy ustunlaridan biridir".

Sandxyorst armiya hukumatga itoatkor bo‘lgan Britaniya uchun ajoyib ta‘lim markazi bo‘lishi mumkin, ammo qurolli kuchlari xalqni emas, balki hukmron oilani mudofaa qiladigan Yaqin Sharq monarxiyalari uchun ham harbiy zobitlar yetishtirib bermoqda.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02