Tojik-qirg‘iz chegarasidagi to‘qnashuvda "ikki kishi halok bo‘ldi"

Image caption Hududiy bahslar tufayli tojik-qirg‘iz chegerasining 59 foizi aniqlangan xolos

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligidagi manbalarning ma‘lum qilishlaricha, kecha Tojikistonning Qirg‘iziston bilan chegaradosh hududida yuz bergan to‘qnashuvda kamida ikki nafar inson halok bo‘lgan va besh nafar inson yaralangan.

Xabarlarga ko‘ra, halok bo‘lganlardan biri Tojikiston chegara xizmatchisi Azamat Azimov bo‘lib, ba‘zi manbalar uni Tojikiston Chegara xizmati idorasining sobiq boshlig‘i Abdurahmon Azimovning yaqin qarindoshlaridan biri ekanini aytmoqdalar.

Tashqi ishlar vazirligidagi manbalarga ko‘ra, vazirlik hodisa yuzasidan bayonot tayyorlamoqda.

Ayni paytda Tojikiston Bosh vazirining muovini Murodali Alimardon Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasiga bog‘liq masalalarni muhokama qilgani seshanba kuni Bishkek shahriga safar qilgan.

Bishkekda nashr etiluvchi "24kg" axborot agentligi yozishicha, janob Alimardonov va qirg‘iz rasmiylari uchrashuvida ikki mamlakat o‘rtasidagi chegara chizig‘ini aniqlash masalalari ko‘rib chiqiladi.

Dushanba kuni tushlikdan keyin Tojikiston shimolidagi Sug‘d viloyati Bobojon G‘afurov nohiyasiga qarashli Xoja Boqirg‘on qishlog‘ida yuz bergan to‘qnashuvda qishloqning besh yashovchisi qirg‘iz chegarachilari tomonidan yaralangan.

Bobojon G‘afurov tumani hokimining maslahatchisi Amirjon Otajonov Bi-bi-si bilan suhbatda mazkur xabarni tasdiqladi.

Uning aytishicha, yaralangan shaxslarning ahvoli og‘ir emas, ulardan faqat bir nafari shifoxonaga yotqizilgan.

Janob Otajonovning ilova qilishicha: "Hozirning o‘zida viloyat va tuman hokimi ushbu hodisani o‘rganib, unga aloqador shaxslarni aniqlashga urinmoqdalar."

Amirjon Otajonovning aytishicha, mahalliy vaqt bilan soat 18:00 da yuz bergan otishmada yaralanganlarning barchasi oddiy fuqarolar bo‘lishgan.

Ba‘zi xabar agentliklari hodisada bir Tojikiston fuqarosining halok bo‘lgani haqida xabar berganlar, ammo janob Otajonov bu haqda ma‘lumotga ega emasligini aytdi.

Ammo, Qirg‘iziston axborot agentliklari, jumladan “24kg” va “AKIpress” xabar berishicha, Tojikiston chegarachilari qirg‘iz chegarachilariga qarata minomyotlardan o‘t ochganlar.

"AKIpress" axborot agentligining yozishicha, 25 avgust kuni Tojikiston yashovchilaridan bir qanchasi G‘o‘lakandoz suv omboriga bog‘lovchi ko‘prikni buzib tashlashgan uringanlar.

Tojikiston fuqarolari, qirg‘iz matbuotining da‘vo qilishicha, qirg‘iz chegarachilarining ogohlantirishlariga javoban, ularni toshbo‘ron qilganlar.

Shu bilan birga tojik chegarachilari qirg‘iz chegarachilarga qarata o‘t ochar qurollardan o‘q uzganlar.

Biroq, hodisada qirg‘iz chegarachilaridan hech kim yaralanmagan.

Tojikiston va Qirg‘iziston chegara hududlarida notinchliklar shu yil boshidan boshlandi.

Jumladan, 11 yanvar kuni Tojikistonning Isfara tumanida ikki mamlakat chegarachilari o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar yuz berishi natijasida 5 qirg‘iz va 2 tojik chegarachisi jarohat olgandi.

Shuningdek, shu yilning 10 iyulida qirg‘iz chegarachilari Tojikistonga tegishli Vorux anklavi yashovchilariga qarata o‘t ochishlari natijasida bir kishi halok bo‘lgan va yana 10 nafar inson yaralangan edi.

Qirg‘iziston va Tojikiston mushtarak chegara hududidagi so‘nggi to‘qnashuv 9 avgust kuni Jirg‘atol mintaqasida yuz berib, hodisada bir qirg‘iz fuqarosi halok bo‘lgandi.

Qirg‘iziston va Tojikiston umumiy chegara chizig‘ining uzunligi 970 kilometr bo‘lib, bahsli hududlar mavjudligi tufayli, ularning faqat 567 kilometri belgilab chiqilgan.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq