Qamoqdagi o‘zbek jurnalisti xalqaro mukofotga loyiq deb topildi

Image copyright uznews.net

O‘zbekistonlik jurnalist Solijon Abdurahmonov Olmoniyaning nufuzli Yohann-Filipp Palm xalqaro mukofotiga loyiq deb topilgan.

Yohann-Filipp Palm jamharmasining mukofoti har yili so‘z erkinligi va matbuot sohasida faoliyat olib borgan adib va jurnalistlarga beriladi.

Bu yilgi mukofotga shuningdek Bahrayndan Naziha Sayyid sazovor bo‘lgan.

"Solijon Abdurahmonov – jasur tanqidchi jurnalist, u o‘n yilga adolatsiz hukm qilingan," - deya ta‘kidlanadi Palm jamg‘armasi tarqatga bayonotda. - "U o‘z xabarlarida Orol dengizining qurishi oqibatlarini yoritgan".

Qoraqalpog‘istonlik taniqli jurnalist Solijon Abdurahmonov olti yil muqaddam giyohvand moddalar savdosida ayblanib, o‘n yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Jurnalistning avtomobiliga giyohvand moddalar tashlab qo‘yilgani va soxta ayblovlar bilan ozodlikdan mahrum etilgani xalqaro hamjamiyat tanqidlariga sabab bo‘lgan.

64 yoshli jurnalist Uznews.net veb sahifasi va "Urush va Tinchlikni Yoritish Instituti" kabi qator xalqaro nashrlarda ishlagan.

Jamg‘arma mukoftni Solijon Abdurahmonovning shaxsan o‘zi olishiga umid bildirgan.

Mukofot taqdimoti 30 noyabrda Olmoniyaning Shorndorf shahrida bo‘lib o‘tadi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02