Turkiyada "halol sayohat" ommalashmoqda

Image copyright adenya
Image caption Halol mehmonxona

"Musulmonlar ham qumli sohillarni yaxshi ko‘rishadi", deydi Iqbol. London shimolida istiqomat qiluvchi Iqbol, o‘z rafiqasi Oysha va to‘rt nafar farzandi bilan Antaliyadagi Adenya mehmonxonasida bir hafta dam olishdi.

"Biz Islom madaniyati bo‘lgan biror bir mamlakatga borishni istagan edik, muqaddam Marokashda, Dubay va Misrda bo‘lganmiz...Menimcha, Turkiya Islom dunyosidagi eng yaxshi mamlakat, aynan shu yerda musulmon ayollar uchun ham dengizning qumli sohillarida dam olish uchun sharoitlar yaratilgan", deydi u.

Oysha ham erining so‘zlarini ma‘qullaydi.

"Odamlar suratga olishayapti, endi bu suratlarni Facebook ga chiqarib yuborishadi deb xavotir bo‘lmaysiz. Bemalol dam olasiz", deydi Oysha.

Antaliyani "Islomiy" deb atash mushkul, bu yerda o‘nlab tungi klublar, restoranlar va boshqa ko‘ngilochar makonlar ishlab turadi.

Dengiz sohillari ham cho‘milish kiyimida bo‘lgan erkaklaru ayollar bilan to‘lgan.

Ammo " Islomiy sayyohlik" sanoati butun Turkiya bo‘ylab rivojlanib bormoqda.

Tobora ko‘proq mehmonxonalar "halol sayohat" taklif etishmoqda.

Ya‘ni, Islomiy qadriyatlarga zid bo‘lmagan dam olish imkoniyatlari...

Image caption Bu sohil faqat ayollar uchun...

Adenya ana shu "halol mehmonxonalardan" biri va ana shu "halol"lik yorlig‘ini markazi Malayziyada bo‘lgan Dunyo Halol Ittifoqidan olgan.

Mehmonxona besh yulduzli va ostonadan kirishingiz bilan go‘zal marmar sath, qandillar va kichik favvoralar sizni o‘ziga rom etadi.

Bu yerda beshta cho‘miladigan hovuz bor va ularning bari ayollarga mo‘ljallagan.

Fotokamera va yo telefonlar bilan kirish mumkin emas.

Ichkarida esa... Musulmon ayollar sochlarini yozishgan va anchayin erkin bir fazoda dam olishmoqda.

Deyarli hamma cho‘miladigan kiyimda... Bu erkinlik beqiyosdir bir ma‘noda, chunki ayollar begona erkaklar kirib qolmasligiga ishonishadi.

Bu yerda qumlik sohil ham bor.

Ayollar cho‘miladigan sohil ham butunlay erkaklar ko‘zidan pana qilingan.

Shuningdek, erkaklar cho‘miladigan joyga ham ayollar kiritilmaydi.

Ammo mehmonxonaning barcha joylari ham ajratilgan emas.

Restoranda bir oila bo‘lib ovqatlanish mumkin.

Barcha taomlar halol va alkogolli ichimliklar mutlaqo taqiqlanadi.

Oysha mamnun, uning aytishicha, bu yerda qanday ovqat yemoqdamiz, halolmi yoki yo‘qmi, degan xavotir yo‘q.

Multi milliard bozor

Image caption Ayollar "plyaji"ga xush keldingiz!

Turkiyada o‘tgan bir necha yil ichida halol mehmonxonalar soni ortib bormoqda.

Mahalliy jurnalistga ko‘ra, Turkiyaning islomiy qadriyatlarga ega hukumati qudratga kelganida bunaqa mehmonxonalar soni beshta edi.

Sayyohlik vazirligida halol mehmonxonalarining soni bo‘yicha aniq ma‘lumot yo‘q, ammo ayni sohada ishlaydigan menejerlardan biri Omer Solmazga ko‘ra, bu kabi mehmonxonalar soni

ellikdan ortiq va yiliga besh million sayyohga xizmat ko‘rsatmoqda.

Mehmonlarning aksariyati mahalliy turklar ekani aytiladi.

Ammo Adenya mehmonxonasining egasi Ilknur Tataro‘g‘liga ko‘ra, halol mehmonxonalarga Arab davlatlari, Ovro‘po, Osiyo va Karib orollaridan ko‘plab sayyohlar kelishmoqda.

1.6 milliardlik jahon musulmonlari nazarda tutilsa halol mehmonxonalar sanoati hali to‘la rivojlantirilgani yo‘q.

Turkiya, Malayziya, Indoneziya va Marokash bu sanoatdagi yirik o‘yinchilar qatoridadir.

Hozir ayni sanoatning qiymati 140 milliard AQSh dollariga teng va mutaxasislarga ko‘ra, 2020 yilga borib 192 milliard dollarni tashkil etadi.

Ammo Turkiyaning asosiy muxolif partiyasiga ko‘ra, halol mehmonxonalar faqatgina biznes emas, balki mamlakatni islomlashtirishga urinishdir.

Antaliya hokimi faqat ayollar uchun dengiz sohilida cho‘milish joyini ochar ekan, halol sayohat sanoatiga doir munozaralar yana qizidi.

Ochilish marosimida hokim Menderes Turel BBCga agar talab bo‘lsa yana ham ko‘proq halol sohillar tashkillashtirishi haqida aytdi.

"Agar biz demokratiya qadriyatlari va erkinliklarni himoya etar ekanmiz, unda barchaga barobar bo‘lishimiz shart", deydi hokim.

Islomiy atalmish AK partiyaning vakili o‘laroq parlament a‘zosi Gokjen Ozdogan Enjga ko‘ra, bu kabi halol qum sohillari aslida an‘anador ayollarni ozod qiladi.

Erkaklar va ayollar ajratilmagan dengiz qum sohillarini yopish haqida esa, uning aytishicha, gap ham bo‘lishi mumkin emas.

Ammo muxolifatda bo‘lgan partiyadan parlament a‘zosi Aylin Nazliakaning BBCga aytishicha, "ayollar jamoat joylaridan siqib chiqarilib, "kichik qamoqxonalar"ga tashlanmoqda..."

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02