O‘zbek davlat organlariga matbuot xizmatlari kerakmi?

Image copyright Reuters

O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari xabar tarqatishlaricha, Adliya vazirligi davlat idora-tashkilotlari faoliyatining ochiq va shaffofligini ta‘minlash maqsadida anjuman uyushtirgan, u yerda matbuot so‘rovi 7 kun ichida qondirilishi lozimligi eslatilgan.

Toshkentdagi anjumanga "Ochiqlikning huquqiy asoslari" deb nom berilgan.

U yerda O‘zbekistonning "Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi haqida"gi qonunida jurnalistlar uchun nimalar, davlat amaldorlari uchun nimalar ko‘zda tutilgani yig‘ilganlarga eslatilgan.

Jamoatchilik manfaatiga xizmat qiladigan axborotni tarqatishda davlat idora va tashkilotlari, ommaviy axborot vositalarining roli qanday bo‘lishi ta‘kidlangan.

Adliya vazirligidagi anjumanda "Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi haqida"gi qonunda ommaviy axborot vositasining axborot so‘roviga yetti ish kuni mobaynida javob qaytarish lozimligi qayd etilgani aytilgan.

Biroq O‘zbekistondagi vaziyatni yaxshi biladigan mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar fikricha, oxirgi yillardagi ayrim harakatlarga qaramasdan, O‘zbekiston dunyoning eng yopiq mamlakatlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Mamlakat ichkarisida faoliyat yuritadigan ommaviy axborot vositalari faoliyatini cheklash harakatlari O‘zbekistonda Gurjistondagi "atirgul inqilobi"dan so‘ng boshlanganligi aytiladi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan o‘tgan nodavlat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalarini Adliya vazirligida qayta ro‘yxatdan o‘tkazishga qaror qilingan.

Matbuotga ko‘maklashuvchi xalqaro nodavlat tashkilotlarining O‘zbekistondagi faoliyati to‘xtatilgan.

Xususan, tuman va shaharlarda faoliyat yuritadigan mustaqil radio va televideniyelarga texnik yordam berib kelgan "Internyus" xodimlariga nisbatan jinoyat ishi ochilgan.

Qator nashrlar, ommaviy axborot vositalarining O‘zbekistondagi vakolatxonalari O‘zbekiston qonunchiligini buzish ayblovi bilan yopilgan.

Prezident Islom Karimovning 2005 yil Andijon qirg‘inidan keyin O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga kutilmaganda kirib kelib savollarga javob qaytarishi xorijiy jurnalistlar bilan eng so‘nggi muloqoti bo‘lgan.

Bugungi kunda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida barmoq bilan sanarli xorijiy ommaviy axborot vositalarining xodimlari akkreditatsiyadan o‘tkazilganlar.

Chet ellik jurnalistlarning akkreditatsiya olish va O‘zbekistonga kirib faoliyat yuritish maqsadidagi urinishlari so‘nggi yillarda javobsiz qoldirib kelinadi.

BBC muxbiri Nataliya Antelava, boshqa qator jurnalistlar Toshkent aeroportidan ortga qaytarib yuborilganlar.

O‘zbekistonda yuz bergan hodisa yuzasidan ishonchli, haqqoniy axborotga ega bo‘lish maqsadida barcha ommaviy axborot vositalari singari BBC ham O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Milliy Xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va respublikaning boshqa mas‘ul idoralari matbuot xizmatlariga tez-tez murojaat qilishiga to‘g‘ri keladi.

Shuni ta‘kidlash kerakki, telefon go‘shaklarini umuman ko‘tarmaslik O‘zbekiston matbuot xizmatlari uchun oddiy holat.

Go‘shakni ko‘targan xodim ham ko‘pincha Ichki ishlar vazirligi yoxud O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatlarida bo‘lgani kabi "bu xonaga bir ish bilan kirib qolgan bo‘ladi".

Ba‘zi matbuot xizmatlarining o‘z ismi-sharifi va lavozimini aytishni ravo ko‘rmaydigan xodimlari esa O‘zbekistonda "akkreditatsiyadan o‘tmaganingiz uchun" axborot berishdan bosh tortadi.

Ba‘zan matbuot xizmatlarining to‘g‘riso‘z "siz bilan gaplashganim uchun ishimdan ayrilib qolishni xohlamayman", deydigan xodimlari ham topilib qoladi.

Shunday holatda Adliya vazirligi o‘tkazgan tadbirning ish berishi ancha dargumon, deyishmoqda mustaqil kuzatuvchilar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02