Toshkentdan Qo‘qonga sayohat yoki "mustaqillik sharofati"...

Image caption Farg‘ona vodiysini Toshkent bilan bog‘lab turadigan yagona yo‘l Qamchiq dovonidan o‘tadi

Yaqinda Farg‘ona vodiysi tomon yo‘l olish arafasida bir do‘stimni uchratib qoldim.

Ko‘zimga parishonroq ko‘rindi.

- Nima bo‘ldi senga? - deb so‘radim.

- Nimasini aytasan, do‘stim? Shu xavfsizlik choralariyu - tozalash tadbirlari odamlar izzat-nafsiga tegayotganini nahotki shu tepadagilar bilishmasa, dedi do‘stim.

"Andijon shahri ahvoli o‘zingga tayin endi. U yerdagi o‘sha to‘qqiz yil oldingi qo‘zg‘olondan keyin haliyam odamlarning o‘ntasi bir joyda yig‘ilsa, ichki ishlar xodimlarida shubha uyg‘otadi.

Do‘stimning "Xavfsizlik choralarisiz ham tinchgina yashab yuribmiz-ku", degan gapi bir necha kun xayolimdan ketmadi.

Toshkent-Qo‘qon trassasi kecha-kunduz mashinalar bilan gavjum.

Ba‘zi haydovchilar Qamchiq dovonini bir soatda 500dan ortiq katta-kichik mashinalar bosib o‘tishini aytishadi.

Boshqalari esa bu raqamni mingtadan oshiq deb taxmin qilishadi.

O‘zbekistonda "tirikchilik" odamlarning eng asosiy tashvishi...

Toshkent-Qo‘qon trassasida qatnayotgan yo‘lovchilarning yarmidan ko‘prog‘i mana shu "tirikchilik" bilan ovora.

Ular Farg‘ona vodiysidan Toshkent va boshqa hududlariga xilma-xil yuklarni yetkazib berishadi.

Taksiga o‘tirib Qo‘qon tomon yo‘l oldik.

Sabr qilmay ilojimiz qancha?

Jaziramada odamlar o‘zlarini qayerga urishini bilmaydi.

Toshkent shahridagi "Rohat" ko‘lidan o‘tib "betonka" orqali vodiyga yo‘l solamiz.

Bektemir tumanidan chiqish postiga yaqinlashganimizda turnaqator mashinalarga ko‘zim tushdi.

Navbatning oxiri ko‘rinmaydi. Taxminan 400-500 avtomashina.

Biz o‘tirgan mashinada konditsioneri yo‘q edi.

Uning ichi tashqaridagi issiqlik bilan bir bo‘lib jismimizni yondiray deydi.

O‘tirganlarning ko‘ylaklari bir pasda jiqqa ho‘l bo‘ldi.

Ammo sabr qilmay ilojimiz qancha?

Rosa qirq daqiqa deganda mashinamiz tekshirish postiga yetib bordi.

Har birimizning pasportimizni birma-bir ko‘zdan kechirishdi.

Xayriyat, hammaning hujjati yonida ekan, aks holda, yana qancha qolishimizni hech kim bilmasdi.

- Biz poytaxtdan chiqib ketyapmiz. Shuni hech tushunolmiyman-da, - deydi haydovchi asabiylashib.

Unga ko‘ra, Toshkent shahriga kirishda tekshiruv o‘tkazilishini tushunish mumkin.

Ammo shunday jazirama issiqda o‘zlari soyada turib olib, yo‘lovchilaru ulovlarni erinmay, birma-bir ko‘zdan o‘tkazishlarini aslo tushuna olmaydi u.

Haydovchining so‘zlariga qaraganda, kamida ikki kunda bir Toshkentga qatnar ekan.

Tekshir-tekshirlar esa yil o‘n ikki oy davom etadi.

- Hayronman-da, - deydi moshinamizda o‘tirgan bir katta yoshdagi kishi. - Davlatimiz tinch, hayotimiz farovon. Ammo mana shu tozalash tarbirlari-yu tobora oshayotgan xavfsizlik choralari odamlarimizga yomon ta‘sir qilayaptida.

"Xuddi, kimdir bugun yo erta mamlakatimizga bostirib kirayotganday. Doim avtomatlar ushlagan va kaska kiygan harbiy libosdagilarni ko‘rib dahshatga tushaman", - deydi u.

Yo‘ldoshimiz ko‘p yillardan beri Rossiyaga qatnar ekan.

"U yerda vaziyat butunlay o‘zgacha. Hech kim hech kim bilan ishi yo‘q. Ammo O‘zbekistonda "Mahallangni va o‘z uyingni o‘zing saqla" shiorini tashlagandan beri ko‘pchilikda, ayniqsa, mahalla faollarida tinchlik yo‘qolgan, " - deydi u.

Uni ta‘kidlashicha, chetdan biror mehmon kelsa, darrov uyga kelib, "kim keldi va nimaga keldi?" deb so‘roq qilishar ekan.

- Axir, bizdagi rasmu- udumlarimiz o‘zimizga o‘xshagan bo‘lishi kerak. Uylarimizga uzoq-yaqindan mehmonlar kelib ketadi. Hatto xorijdan ham mehmon kutib olamiz. Mehmonni hurmatini joyiga qo‘yish bizga ham qarz va ham farz hisoblanadi, - deydi u.

Gapida jon bor, albatta. Unga qarshi nimadir deyish qiyin.

Haydovchimiz Ohangaron bo‘yidagi "Metan" gaz sotish shoxobchasidan gazini to‘ldirib harakatini davom ettirdi.

Safar qilish erta tongda yaxshi-da.

Salqinda havo isiguncha manzilga yetib boradi kishi.

Ammo tongda uxlab qolganim surobini endi tortayapman.

Angren shahrini ortda qoldirdik.

Uzoqdan suv ombori ko‘zga ko‘rindi.

"Minor" postiga yaqinlashamiz.

Yana mashinalar navbati boshlanadi.

"Bu mashinlardan o‘tishning iloji yo‘q. Yana tekshiruvdan o‘tkazishadi", - deydi yoshi o‘ttizlarga borgan yigit. - "Yaqinda parsportimni almashtiruvdim. Tadbirkorman va Toshkentga oyda uch-to‘rt marta kelib ketishimga to‘g‘ri keladi. Tekshir-tekshirdan yangi pasportimning ham uvadasi chiqib ketdi".

Hamma pasportini qo‘liga oladi.

O‘ngimizda naqda oltita "KamAZ" yuk mashinasi turibdi.

Ichimda "He...", - deymanu, yana o‘zimni bosaman.

Qo‘qonga yetgunga qadar yana ikki katta postni kesib o‘tdik.

Naqd yetti soat deganda...

"Tozalash"

Qo‘qon shahrini ozgina aylanib, shahar mehmonxonalarining birida tunashga qaror qildim.

- Qayerdan keldingiz?- deb so‘radi mehmonxona eshigi oldida turgan militsiya xodimi.

- Toshkentdan.

- Qancha turasiz bu yerda?

- Bir kecha tunasam kerak.

- Unda yaxshi.

Mehmonxona ma‘muri bergan varaqni to‘ldirdim.

"Kechasi soat o‘n birdan keyin tashqariga chiqmaysiz. Shahrimizda "Tozalash" tadbiri ketyapti", - deya ogohlantirdi militsiya xodimi. - "Ularga baribir, qo‘llariga tushsangiz, boshqa joyda tunashingizga to‘g‘ri keladi."

Unga "Rahmat sizga", deyishdan nariga o‘tolmadim.

Yaqinda ikki kishining suhbatiga sherik bo‘lgandim.

Ularning so‘zlariga qaraganda, hozirgi kunlarda militsiya xodimlari guruh-guruh bo‘lib qishloqma-qishloq "tozalash" tadbiri o‘tkazishga safarbar etilgan.

"Bayram kayfiyatini yoyish o‘rniga odamlarni talvasaga tushirib, ularda qo‘rquv hissini uyg‘otishyapti", - dedi ulardan biri.

Nimayam derdik? Bu ham mustaqillik sharofati bilan...

Bayram o‘tganidan keyin bu tadbir yana unutilsa kerak.