UzWebiston: Muhojirlikdagi o‘limlar

Image copyright BBC World Service

Kechayotgan haftaning o‘zida Rossiyada Tojikiston fuqarolarini o‘ldirib ketish borasida ikki xabar tarqagan.

21 avgustga o‘tar kechasi Moskvada 22 yoshli Ziyoratsho Qurbonov o‘ldirib ketilgan.

Fojea u yashayotgan ijara uyda yuz bergan.

Tojikistonning janubiy Qumsangir tumanida yashagan Ziyoratsho Moskvaga tirikchilik vajidan ishlash uchun kelgan. Moskva politsiyasi qotillik yuzasidan tekshiruv boshlagan. Hozircha marhumning o‘g‘rilar tomonidan o‘ldirilgani taxmin etilmoqda.

Leningrad viloyatida esa birdaniga uch nafar tojikistonlik o‘ldirib ketilgan. Xabarlarga ko‘ra qotillik 20 avgust kunduzi soat 11 ga yaqin yuz bergan. Kirov tumaniga qarashli Pavlovo shaharchasidagi uylardan birida bir erkak va ikki ayolning jasadi topilgan. o‘ldirilgani aniqlangan bu insonlarning Tojikiston fuqarolari ekanligi ma‘lum bo‘lgan.

Kirov shahar prokuraturasi jinoyat ishini tergov qilishga kirishgan.

Kuzatuvchilarning aytishlaricha bu ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan rasmiy xabarlar bo‘lib, aslida Rossiyada tojikistonlik mehnat muhojirlarini o‘ldirib ketish hollari ko‘p bo‘lishi mumkin.

Elektrichkadagi qotillik

Rossiyada tojikistonliklarning o‘ldirib ketish hollari aniqlanganda millatchilarning tajovuzi tufayli o‘lim topish hollari ko‘proq uchraydi.

"Mening otamni Moskva atrofiga qatnaydigan elektrichkada o‘ldirib ketishgan", deydi Tojikistonning G‘afurov tumanida yashaydigan 22 yoshli G‘ayrat.

Uning hikoya qilishicha otasini uch nafar qarindoshi elektrichkaga chiqarib, kuzatib qaytishgan. Lekin borayotgan manziliga yetib borish vaqtidan o‘tsa-da, u qarindoshlari qilgan telefonga javob bermagan.

Ertasiga elektrichka o‘tadigan yo‘l yonida, ovloq yerda noma‘lum kishining o‘ligi topilgan. Jasad G‘ayratning otasiniki bo‘lib chiqqan.

G‘ayratning kuyinishicha otasining qotillariga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmagan. "Garchi faqat tunlari emas, ba‘zan kuppa-kunduzi irqchilik va millatchilik asosida qotillik qiladigan qo‘li qon noinsoflar jazodan qutulib qolishadi. Yo arzimagan bir muddatga ozodlikdan mahrum etiladilar", deydi tahlilchi Bahrom Ne‘matov.

"Zarur bo‘lsa, qotillarni bir kundayoq topishadi"

Ayni bir paytda Rossiya huquq-tartibot mulozimlari ko‘p qotilliklar tojikistonlik kishilarning o‘zlari tomonidan sodir etilayotganini iddao qilib kelishadi.

Masalan, Sankt-Peterburgning Novoorlov parkida vahshiyona o‘ldirilgan ikki ayolning qotili Tojikistondan kelgan mehnat muhojirlari deya gumon etilmoqda.

Mahalliy politsiyachilar parkda ikki nafar ayol o‘ligini topishgan. Ularning boshiga xalta kiygizilgan bo‘lgan. Bir-biridan 20 qadamcha narida yotgan jasadlardan birining qo‘li bog‘langan bo‘lgan. Ayollarni o‘ldirishdan oldin ayovsiz do‘pposlashgan va bo‘g‘ishgan.

Oradan bir kun o‘tmasdan shahar tergov qo‘mitasidan ikki nafar gumondor qo‘lga olingani xabar berilgan. Gumondorlarning aka-uka Oxunjon va Akmal ekanligi aytilgan.

Ularning ayollarni aldab parkka olib borishgani va o‘ldirishgani taxmin etilmoqda. Qotillikka esa shaxsiy nafrat sabab bo‘lishi mumkin deyilmoqda.

Sankt-Peterburg shahar tergov qo‘mitasidan xabar berishlaricha, gumondorlarga nisbatan jinoyat ishi ochilgan.

"Ana, bu qotillik bir kun orasida oshkor etilgan, gumondorlar topilgan. Lekin begunoh mehnat muhojirlarini o‘ldirib ketayotgan millatchi neofashistlarni yillar davomida topa olishmaydi", deydi Bahrom Ne‘matov.

Tobutlar va kafansiz ko‘milganlar

Tojikiston Ichki ishlar vazirligining rasmiy ma‘lumotlariga ko‘ra o‘tgan yili Tojikistonga chet ellardan 960 ta tobut keltirilgan. Ularning 942 tasi Rossiyadan keltirilgan.

Lekin Rossiyadagi "Tojik mehnat muhojirlari" umumrossiya harakatining raisi Karomat Sharipovning aytishicha, Rossiyada jon bergan Tojikiston fuqarolarining soni amalda rasmiy ma‘lumotlardagidan ko‘p bo‘lishi mumkin.

Chunki rasmiy ma‘lumotlarga faqatgina Tojikistonga keltirib ko‘milgan marhumlar nomu nasablari kiradi, xolos.

Rossiyada tuproqqa topshirilayotgan, shaxsi noma‘lumligicha kafansiz ko‘mib yuborilayotgan yo bedarak yo‘qoldi, deya hisoblanayotgan tojikistonliklar nomi rasmiy ma‘lumotlarga kiritilmay qoladi.

"Buning ustiga Rossiyada og‘ir xastalikka uchrab, qurilishda yiqilib, mayib bo‘lib yo avtomobil falokatiga uchrab, uyiga qaytib tezda olamdan ko‘z yumayotganlar ham oz emas", deydi tahlilchi Bahrom Ne‘matov.

Rossiyada esa rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra 1 million 100 ming nafarga yaqin tojikistonlik erkak-ayol ishlamoqda.

Norasmiy ma‘lumotlarga qaraganda esa ularning soni amalda 2 million nafardan ortgan.

Birgina o‘tgan yili tojikistonlik mehnat muhojirlari Rossiyadan uylariga 3 yarim milliard dollarga yaqin mablag‘ jo‘natishgan.

"Men bugun Moskvaga uchib ketaman. Bormasam, ishlamasam bo‘lmaydi", deydi G‘ayrat.

Uni kuzatib chiqqan oltmish yoshli tog‘asi esa, G‘ayratning otasi o‘g‘lini uylantirish uchun pul ishlab topish niyatida Moskvaga borgani, lekin yiqqan puli marhumni ko‘mish uchun sarflanganini afsuslanib aytadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02