Tojikistonliklar Karimovga emas, Putinga ishonishadi

Image caption Rahbarlar...

Tojikistonda o‘tkazilgan so‘rovnoma qatnashchilarining bor-yo‘g‘i 20 foizi O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovga ishonishlarini bildirishgan.

Mazkur so‘rovnoma "M-Vector Tajikistan" tadqiqot shirkati tomonidan o‘tkazilgan. So‘rovnoma qatnashchilaridan hukumat, mulozimlar, xalqaro munosabatlar, Ukrainadagi vaziyat va OAVga munosabatlari so‘ralgan. Unda 18 yoshdan katta 1077 kishi qatnashgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, tojikistonliklar xorijlik yetakchilar orasida eng ko‘p Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ishonishadi, deb yoziladi uz.ca-news.org websaytida. So‘rovnoma ishtirokchilarining 85 foizi Rossiya prezidenti haqida ijobiy fikr bildirishgan.

So‘rovda qatnashganlardan 41 foizi Qozog‘iston prezidentiga, 31 foizi Xitoy rahbariga ishonishar ekan. Eng kam ishonch bildirilgan xorijlik prezident Islom Karimov bo‘ldi. Oz ishonch qozongan chet ellik rahbarlar orasida Amerika prezidenti va Olmoniya kantsleri ham bor. Barak Obama Islom Karimovga qaraganda 6 foiz, Merkel xonim esa, 5 foiz ko‘proq ishonch ovozi olishgan.

So‘rovnoma qatnashchilarining 76 foizi Rossiyani, 11 foizi Xitoyni, 6 foizi Eronni va 3 foizi Qozog‘istonni Tojikistonning eng yaqin hamkori deb hisoblashini aytgan.

Tahlilchilarning aytishlaricha so‘rovnoma qatnashchilari Rossiya va uning prezidentiga bunchalik iliq munosabat bildirishi sabablaridan biri bu 2 million nafarga yaqin tojikistonliklarning Rossiyada mehnat muhojirligida ekanliklari bilan ham bog‘liq.

Garchi tojikistonliklar Rossiyada mahalliy millatchilar hujumlariga uchrayotgan, haq-huquqlari rus politsiyachilari tomonidan toptalayotgan bo‘lsa-da, yuz minglab tojik oilalari Rossiyadan yuborilayotgan pul hisobiga boqilayotgani bois har qanday tahqir va tazyiqlardan ko‘z yumiladi. Birgina o‘tgan yili mehnat muhojirlari Rossiyadan Tojikistonga 3 yarim milliard dollarga yaqin mablag‘ yuborishgan.

Image caption Yon qo‘shni, jon qo‘shni... emasmi?

Xitoyni eng yaqin hamkorlardan biri sifatida ko‘rish esa bu mamlakatning Tojikistondagi yirik qurilishlarga garchi qarz bo‘lsa-da, katta-katta mablag‘lar ajratayotgani, Tojikiston bozorlarini arzon tovarlari bilan to‘ldirib yuborgani bilan bog‘liq, deyishadi tahlilchilar.

Eron bilan hamkorlikning yaxshi baholanishiga esa, forslar va tojiklarning tildosh ekanliklari sababligi urg‘ulanadi.

Tahlilchilarga ko‘ra azal-azaldan o‘zbek va tojiklar yonma-yon, do‘st-birodar yashab kelishgan bo‘lishlariga qaramay, ikki mamlakat orasidagi o‘rnatilgan viza tartibi, chegaralarga ko‘milgan minalar, Rog‘un GESi qurilishiga ko‘rsatilayotgan kattiq qarshilik keyingi yillarda tojikistonliklarning O‘zbekistonga munosabatini o‘zgartirgan.

Xuddi shu kabi sabablarga ko‘ra, Tojikistonda tobora ko‘proq odamlar qo‘shni mamlakat prezidentiga ishonmay qo‘yishyapti . Ayni bir paytda O‘zbekiston bilan iqtisodiy, madaniy hamkorliklar ham kamayib bormoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02