Hamza tumani nomini o‘zgartirish davlatga qanchaga tushadi?

O‘zbekistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, parlamentning yuqori palatasi-Senat Toshkent shahar Hamza tumani nomini o‘zgartirish haqidagi taklifni ma‘qullagan.

Qator nashrlarning Senat matbuot xizmatiga tayanib xabar berishicha, Hamza tumani nomi Yashnobod deb o‘zgartirilgan.

O‘tgan hafta hukumatning "Xalq so‘zi" gazetasida chop etilgan maqolada ayni shu nom taklif etilgandi.

Maqola muallifi o‘zbek sovet shoiri Hamza Hakimzoda Niyoziyni sho‘ro tuzumini ulug‘lagani uchun tanqid qilgan va uning adabiy merosini qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan.

Senat qabul qilgan qarorning tafsilotlari ma‘lum emas, jumladan, unda Hamza nomining olib tashlanishi uchun qanday asoslar keltirilgani qorong‘u.

Toshkent shahar hokimiyati tuman nomini o‘zgartirish qarori birdaniga qabul qilinmagani, balki fuqarolarning taklif va mulohazalari asosida amalga oshirilganini aytmoqda.

Image caption Hamza nomi avvalroq milliy teatrdan ham olib tashlangan

Hokimiyat rasmiylariga ko‘ra, bu boradagi fikr va mulohazalar shu yilning mart oyidan boshlab qabul qilingan.

Hamza tumani 1968 yilda tashkil etilgan va unda 200 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi.

Avvalroq poytaxtning sobiq Akmal Ikromov va Sobir Rahimov tumanlarining nomlari Uchtepa va Olmazor deb o‘zgartirilgandi.

Bir vaqtning o‘zida Toshkent metrosining Sobir Rahimov bekati ham Olmazor deb o‘zgartirilgan.

Ayni paytda Toshkent shahar metropoliteni rahbariyati metroning Hamza bekati nomi ham o‘zgartirilishi haqidagi xabarlarni rad etgan.

Anhor.uz nashrining metropoliten boshlig‘ining o‘rinbosaridan iqtibos keltirishicha, Chilonzor liniyasining Hamza bekati qayta nomlanmaydi.

Hamza nomi avvalroq milliy teatrdan ham olib tashlangandi.

Atoqli o‘zbek shoiri va dramaturgi Hamza nomining olib tashlanayotgani qator ziyolilar tomonidan tanqid qilingan.

Hamza Hakimzoda Niyoziy haqidagi 17 qismdan iborat badiiy film muallifi, SSSR Xalq artisti Shuhrat Abbosov Hamza ijodini hurmat qilishga chaqirgan.

"Boy ila xizmatchi", "Maysaraning ishi" kabi asarlarni yozadigan odam bormi hozir? Hammani o‘chirib tashlamasdan, ehtiyot bo‘lish kerak", - deb aytgan Shuhrat Abbosov BBC bilan suhbatda.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda sho‘ro davri bilan bog‘liq qator joy nomlari o‘zgartirilgan va Toshkentdagi sho‘ro askari yodgorlik majmuasi olib tashlangan.

Hamza tumani nomini o‘zgartirish qarori davlat byudjetiga qanchaga tushishi noma‘lum.

O‘zbekistonda davlat byudjetiga oid ma‘lumotlar sir saqlanadi.

Ijtimoiy tarmoq saytlarida o‘zbekistonliklar joy nomlarini o‘zgartirishga sarflanadigan mablag‘lar ijtimoiy sohalarga yo‘naltirilsa yaxshi bo‘lar edi, degan fikrlarni bildirishmoqda.

O‘zbekiston Moliya vazirligining sobiq mulozimi va hozirda Ostonadagi Ovrosiyo universiteti dotsenti Saparboy Jubayevning aytishicha, ma‘muriy-hududiy birlik nomlarini o‘zgartirish katta xarajatlarni talab qiladi va iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamaydi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02