"O‘shdagi so‘nggi hujumlar tekshirilishi kerak"

Image caption 2010 yil iyunidagi etnik zo‘ravonliklar yuzlab insonlarning umriga zomin bo‘lgan

Parijda joylashgan Markaziy Osiyoda Inson Huquqlari tashkiloti Qirg‘iziston janubidagi O‘sh shahrida o‘zbek jamoasi vakillariga qarshi hujumlar ko‘paygani haqida xabar tarqatgan.

Tashkilot rahbari Nadejda Atayevaga ko‘ra, bu kabi hujumlar ko‘pincha "bezorilik" sifatida qayd etiladi va qirg‘iz huquq-tartibot idoralari tomonidan tekshirilmaydi.

Jarbiydalarning hujumchilarni javobgarlikka tortish urinishlari ularning o‘zlariga qarshi harakatlarga olib keladi, deyiladi xabarda.

2010 yil iyunida Qirg‘iziston janubida yuz bergan etnik zo‘ravonliklar yuzlab insonlarning umriga zomin bo‘lgan, yuz minglab etnik o‘zbeklar uylarini tashlab chiqishgan.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari hodisalarda eng ko‘p o‘zbeklar jabr ko‘rgani holda zo‘ravonliklarda ayblanib, qamoqqa tashlanganlar ham asosan o‘zbeklar ekanini aytishgan.

Hodisalarni tekshirgan xalqaro komissiya O‘shning o‘zbek mahallalarida "insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilgan bo‘lishi mumkinligini aytgan".

Qirg‘iz hukumati rasmiylar zo‘ravonliklarni to‘xtatib qolish uchun yetarli chora ko‘rmagani haqidagi tanqidlarni rad etgan.

Mahalliy faollar hodisalardan 4 yil o‘tib, hanuz millatlararo tanglikning saqlanib qolayotganini aytishadi.

Do‘pposlashlar

BBCga gapirgan o‘shlik Qobuljon Osmonov shu yilning 4 avgust kuni tushlikdan ishga qaytayotgan payt bir to‘da qirg‘iz millatchilarining hujumiga uchragani va hushsiz ahvolda shifoxonaga keltirilganini aytadi.

Shifokorlar unga tez tibbiy yordam ko‘rsatishgan, ammo uni shifoxonaga qabul qilishdan bosh tortganlar.

Hozirda uyida jarohatlardan davolanayotgan Qobuljon davolanishga puli yo‘qligini aytadi.

Image caption Davron Nasibxonov o‘ziga qarshi hujumni kasbiy faoliyati bilan bog‘lamaydi

Militsiya hujumni tekshirishdan bosh tortgan.

16 avgustda yuz bergan boshqa bir hodisada esa poliz mahsulotlari sotiladigan ulgurji bozorda yana bir o‘zbek kaltaklangan.

Markaziy Osiyoda Inson Huquqlari tashkilotiga ko‘ra, nomi oshkor etilishini istamagan bu shaxs o‘tgan yili ham kaltaklab ketilgan va hujumchilarning bosimlaridan so‘ng prokuraturadan arizasini qaytarib olgan va ustiga jinoyat ishini yopish uchun prokurorga pora berganini aytgan.

17 avgust kuni o‘shlik jurnalist,"Intimaq" teleradiokompaniyasi o‘zbek bo‘limi muharriri Davron Nasibxonov qirg‘iz millatiga mansub 4 kishi tomonidan do‘pposlab ketilgan.

Boshidan jarohatlangan jurnalist hodisani millatchilik ko‘rinishi, deb atagan va o‘zining kasbiy faoliyati bilan bog‘lamagan.

Jabrdiydalarning aytishlaricha, bu hodisalarning barchasida o‘zlariga nisbatan "sart" iborasi ishlatilgan.

O‘sh viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Jenish Ashirboyev BBC bilan suhbatda har uchala hodisani tasdiqladi va so‘nggi paytlarda bu kabi hujumlar ko‘payganini e‘tirof etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qirg‘iz militsiyasi bu hodisalarda millatchilik ko‘rinishi bormi-yo‘qligi yuzasidan tegishli tekshiruvlarni olib bormoqda.

"Viloyatimizda turli millat vakillari o‘rtaisda bo‘lib o‘tadigan hodisalar maxsus tekshiruv ostiga olinadi. Lekin ko‘p hollarda bu hodisalar oddiy, maishiy asosda bo‘lib o‘tadi. Biz tekshiruv o‘tkazayotgan vaqtimiz tomonlar aksar hollarda yarashib ketadilar. Lekin huquq faollari va jurnalistlar bunga millatchilik tusini berib, xabar tarqatishayapti", deydi mulozim.

U jabrdiydalarning arizalari ko‘pincha e‘tiborsiz qoldirilishini rad etadi.

Human Rights Watch inson haqlari tashkilotining Qirg‘izistondagi vakili Mira Ritmanga ko‘ra, etnik hujumlar umumiyat-la kamaygan bo‘lishiga qaramay, oxirgi vaqtlarda qator hodisalar ro‘y bergani xabar qilingan.

"Bu hodisalarga jiddiy yondoshib, mufassal tekshiruv olib borish kerak. Bu hujumlarni keltirib chiqargan omillar o‘rganilib, javobgarlar jazoga tortilishlari lozim", - deydi Human Rights Watch vakili.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02