"Ovro‘poning eng zo‘r futbolchisi" – Krishtianu Ronaldu

Image copyright BBC World Service

Portugaliya, "Real"(Madrid) va jahon futboli yulduzi UEFA tasnifidagi ushbu nufuzli maqomni qo‘lga kiritib, qolgan ikki raqibi: Manuel Neuer va Arien Robbenndog‘da qoldirdi.

Bu – amaldagi "Jahonning eng qoyilmaqom o‘yinchisi" bo‘lgan Ronalduning ilk bor ushbu sharafga noyil, deb topilishi bo‘ladi.

UEFA tasnifida bu yilgi "Ovro‘poning eng zo‘r futbolchisi"ni 54 jurnalistdan iborat hay‘at aniqlab berdi.

Ayon bo‘lishicha, Krishtianu Ronaldu ispan qirollik jamoasining so‘nggi mavsumda Ovro‘po Chempionlari chempionligini qo‘lga kiritishida qo‘shgan mislsiz hissasi bilan jurnalistlarning mehrlarini qozongan.

Ronaldu, "Ushbu mukofotdan boshi osmonga yetgani, buning uchun jamoadoshlariga alohida rahmat aytishi shartligi, chunki ularning ko‘magisiz bu kabi maqomlarni faqat tushda ko‘rish mumkinligi"ni aytgan.

Ronaldu

Image copyright BBC World Service

Yaqinda esa, Amerikaning nufuzli "Taym" jurnali Portugaliya futboli yulduzini "Dunyoning 100 ta eng qudratli insoni" ro‘yxatiga kiritgandi.

Portugaliyalik sara hujumchi bugun futbolga befarq bo‘lmagan aksariyat tomonidan haqli ravishda jahondagi ikkita eng zo‘r o‘yinchidan bittasi deb tan olinadi.

Krishtianu Ronaldo 2009 yilda dunyodagi eng qimmat birinchi futbolchi sifatida ham tarixga kirgan.

Ispaniyaning nahang "Real"(Madrid) jamoasi uni Angliyaning qizil iblislaridan o‘sha paytda rekord - 80 million AQSh dollariga sotib olgandi.

Krishtianu Ronaldo bir bolaning otasi va rossiyalik mashhur model Irina Sheyk bilan yuradi.

Portugaliyalik futbol yulduzi o‘zining G‘azo Bo‘lgasidagi xayriyaparvarlik ishlari bilan ham arab dunyosida ancha nom chiqargan.

Sobiq jamoadoshi va hozirda Londonning "Arsenal" klubi o‘yinchisi Mesut O‘zil yaqinda bergan suhbatida Krishtianu Ronaldoga "Qur‘oni Karim" suralarini o‘rgatgani haqida ham aytib o‘tgandi.

Ronaldu va O‘zbekiston

Image copyright BBC World Service

Ronalduning "Real"(Madrid) jamoasi katta sondagi o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari jon kuydirib muxlislik qiladigan sanoqli xorijiy klublardan bo‘ladi.

Mahalliy futbol ishqibozlari bu jamoa ishtirokidagi o‘yinlarni deyarli qoldirmay kuzatib borishadi.

Ispaniya La Ligasidagi pichoqqa ilingudek hech bir xabar ham O‘zbekistondagi futbolga ixtisoslashgan biror bir nashr e‘tiboridan chetda qolmaydi.

Ayni o‘rinda shuni ta‘kidlab o‘tish joizki, Ronaldu O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova Vasiylik kengashi raisi bo‘lgan Fond Forumning taklifi bilan 2009 yilda Toshkentga ham kelgan.

Xuddi o‘sha paytda Fond Forum yulduz futbolchi bilan hamkorlikka oid memorandum imzolashga ham muvaffaq bo‘lgani aytilgandi.

So‘nggi xabar O‘zbekistondagi futbolga ixtisoslashgan qator internet nashrlarida ham mahalliy ishqibozlarining qizg‘in munosabatlariga sabab bo‘lgan.

O‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashgan aksariyat Ronaldu, "Real"(Madrid) va bir-birlarini so‘nggi yangilik bilan tabriklagan.

Krishtianu bu yil ushbu maqomga eng loyiq futbolchi bo‘lganini isbotlashga uringan.

Ammo qoldirilgan fikrlar orasida, "Shu ba‘zi kommentlarni o‘qib hayron qolaman-da, kimlardir shu nomga o‘zi erishgandek xursand bo‘lsa, kimlardir shu nomga o‘zi erisholmagandek xafa bo‘ladi-ya, futbol faqat Ronaldu bilan Messidan iborat emas-ku, shularsiz ham mazza qilib futbol ko‘rsa bo‘ladi-ku", - degan fikrlar sanoqli bo‘lsa-da uchraydi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02