Suriya inqirozi: qochqinlar soni 3 milliondan oshdi

Image copyright AFP
Image caption Suriya inqirozi: qochqinlar soni 3 milliondan oshdi

Uch milliondan ortiq suriyalik bugunga kelib qochqinlar ro‘yxatidan o‘tgan.

BMT Qochqinlar bo‘yicha agentligining bildirishicha inqiroz chuqurlashib bormoqda.

Agentlikning aytishicha "ushbu inqiroz davrimizning eng katta insoniy halokatlaridandir", Suriya aholisining deyarli yarmi o‘z uylarini tark etgan.

Aksar suriyalik qochqinlar qo‘shni mamlakatlardan panoh topishgan, eng ko‘pi Lubnonga ketgan.

190,000 dan ortiq inson Suriyada uch yilki davom etayotgan fuqaro urushida halok bo‘lgan.

Prezident Bashar al-Assadga qarshi muxolif guruhlar 2011 yilning mart oyidan beri kurashib kelishmoqda.

Vaziyat mamlakatning shimolida Islomiy Davlatning barpo etilishidan so‘ng yanada yomonlashgan.

"Qo‘rqqan va holdan toyganlar"

BMT Qochqinlar bo‘yicha agentligining bildirishicha xar bir sakkizinchi suriyalik o‘z vatanini tark etib qochgan, 6,5 million kishi esa uylarini tashlab chiqib ketgan. Bularning yarmi yosh bolalardir.

Ro‘yxatdan o‘tgan qochqinlar soni so‘nggi yil ichida ikki millionga ortgan.

Qo‘shni mamlakatlardagi qochqinlar jamloqlariga kelayotgan oilalar qo‘rqqan va holdan toygan, bulardan ba‘zilari yil davomida qishloqdan qishloqqa o‘tib, tinimsiz qochqinlikda kun ko‘rishgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02