Ukraina inqirozi: Lugansk aeroportida janglar kechmoqda

Image copyright
Image caption Ukraina Rossiyani bo‘lginchilarni qurol-yaroqlar bilan ta‘minlashda ayblab keladi

Ukraina harbiy mulozimiga ko‘ra, Lugansk xalqaro aeroportida Ukraina kuchlari va rossiyaparast isyonchilar o‘rtasida janglar kechmoqda.

Ayirmachilar avvalroq aeroportni ishg‘ol etganliklarini da‘vo qilishgandi, biroq Ukraina armiyasi janglar hamon davom etayotganini aytadi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bugun Belorusda uchrashajak muzokarachilarni "zudlik bilan otashkesim"ga erishishga chaqirgan.

Ukraina sharqida aprel oyidan buyon davom etayotgan janglarda 2,600 dan ziyod inson nobud bo‘lgan.

Mojaro Rossiya Qrim yarim orolini annektsiya qilishi ortidan boshlandi.

So‘nggi kunlarda rossiyaparast ayirmachilar Ukrainaning Lugansk va Donetsk viloyatlari hamda janubiy Mariupol bandargohi atrofida faollashgan.

Ukraina va G‘arb Rossiyani bo‘lginchilarga harbiy dastak berishda ayblaydi, biroq Rossiya bu da‘volarni rad etadi.

"Harbiy aralashuv bo‘lmaydi"

Ukraina armiyasining so‘zchisi Leonid Matyuxinga ko‘ra, Ukraina qo‘shinlari Lugansk yaqinida Rossiya dastaklagan tank diviziyasiga qarshi jang qilmoqda.

U hukumat kuchlari tun bo‘yi Lugansk aeroportini isyonchilar hujumidan himoya qilganini aytdi.

To‘qnashuvlar Donetsk aeroportida ham davom etayotgani xabar qilinadi.

Bundan tashqari yakshanba tunida Azov dengizida Ukraina patrul kemasi hujumga uchragani xabar qilinadi.

So‘nggi janglar Ukraina va Rossiya rasmiylari Minskda xalqaro kuzatuvchilar ishtirokida isyonchilar bilan muzokaralar boshlashidan oldin kuzatilmoqda.

"Aloqa guruhi" nomini olgan muzokaralarda Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vakillari ham ishtirok etishadi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov "zudlik bilan otashkesim" imzolanishiga umid qilayotganini aytgan.

Uning ta‘kidlashicha, Rossiya tomonidan Ukrainaga "harbiy aralashuv bo‘lmaydi".

O‘tgan hafta Rossiya va Ukraina prezidentlari ilk bor to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkazgan, biroq uchrashuvda sezilarli kelishuvga erishilmagan edi.

Dushanba kuni Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko Rossiyani Ukraina sharqiga "to‘g‘ridan to‘g‘ri va ochiqcha tajovuz" qilishda aybladi.

Ammo janob Putin Rossiya "odamlar nishonga olinayotgan paytda chetda qarab tura olmaydi", - deb aytdi.

U isyonchilar amallarini "o‘z huquqlarini himoya qilayotgan xalqning tabiiy javobi" deya baholadi.

Ayni paytda Ovro‘po Ittifoqi Ukrainadagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun Rossiyaga bir hafta muhlat bergan.

Vladimir Putin Ovro‘po Ittifoqining bu tahdidini Ukrainadagi "to‘ntarishni dastaklash" deya baholagan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02