O‘shlik taniqli huquqbon Ravshan Gapirov olamdan o‘tdi

Image caption Yaqinlari Gapirovning uzoq payt bemor bo‘lib yotganini aytishadi

Qirg‘izistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, taniqli inson huquqlari faoli Ravshan Gapirov uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng 59 yoshida olamdan o‘tgan.

Ravshan Gapirov O‘shdagi "Adolat va Haqiqat" inson huquqlari markazi rahbari edi.

Huquqbon 1955 yilda O‘sh viloyatining Qorasuv shahrida dunyoga keldi.

Farg‘ona kooperativ texnikumini bitirib, 1976 yildan savdo sohasida ishlagan.

BBC bilan suhbatda "bolalikdan adolatli hakam bo‘lishni" orzu qilganini aytgandi.

Ravshan Gapirov inson huquqlari sohasidagi faoliyatini 1988 yildan boshladi.

U odamlarning haqqini talab qilib, amaldorlarning manfaatlariga zid borgani uchun 5 marta nohaq qamalganini aytgandi.

Oxirgi marta 2008 yil martida diniy adovat qo‘zg‘otish va "Hizbu Tahrir" g‘oyalarini targ‘ib qilishda ayblanib, 1 yilga mahkum etilgan, ammo O‘sh viloyat sudi uni aybsiz topib, mahkama zalidan ozod qilgan.

U Qirg‘iziston janubida iyun oyida sodir etilgan zo‘ravonliklarni hujjatlashtirgan.

Ravshan Gapirov so‘nggi yillarda Qirg‘izistonda hokimiyat yo‘qligi, qotillik va talonchiliklar oddiy holga aylanganini aytib kelardi.

U qirg‘iz hukumati va jamiyati tashqaridan yordamsiz mamlakatda tartib o‘rnatishga qodir emasligini bildirgan.

Yaqinlariga ko‘ra, Ravshan Gapirov seshanba kuni tuproqqa qo‘yiladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02