Prezident Karimov o‘zbek xalqini yana hushyorlikka chaqirdi

Image caption Prezident Islom Karimovga ko‘ra, O‘zbekiston "zamonaviy davlat"ga aylangan

O‘zbekiston mustaqilligining 23 yilligi munosabati bilan gapirgan Prezident Islom Karimov dunyodagi mojarolarni tinch yo‘llar bilan hal qilishga chaqirdi.

Islom Karimov dunyo mamlakatlari mustaqilligi va hududiy yaxlitligi buzilmasligi kerakligini aytdi.

31 avgust kuni Toshkentda chiqish qilgan janob Karimov O‘zbekiston "dunyoning turli nuqtalaridagi mojarolar, qon to‘kishlar va tahdidlardan" xavotirda ekanini ta‘kidladi.

Uning chiqishi O‘zbekiston davlat televizion kanali orqali namoyish etildi.

"Ming afsuski, bunday qonli to‘qnashuvlar, nizo va ziddiyatlar o‘z yechimini topib, kamayish o‘rniga ko‘payib bormoqda, - dedi Islom Karimov. - Bunday o‘ta notinch, tahlikali sharoitda eng muhim masala – bu ham bo‘lsa, qayerda, dunyoning qaysi chekkasida bo‘lmasin, endi boshlanayotgan qarama-qarshilik va paydo bo‘layotgan mojarolarni e‘tiborsiz qoldirmaslik, ular urushga aylanib ketishining oldini olish uchun vaziyat doimo jahon hamjamiyati nazoratida bo‘lishi darkor".

"O‘ta murakkab vaziyat barchamizdan avvalo ogoh, hushyor va sezgir bo‘lishni talab qilmoqda", - deya ta‘kidlagan Islom Karimov O‘zbekistonning "ustuvor vazifasi" qo‘shnilar bilan hamkorlikni kuchaytirish ekanini aytdi.

"Yaqin va uzoq qo‘shnilarimiz bilan til topib, bizlarni birlashtiradigan umumiy maqsadlar yo‘lida hamkorlikni yanada kuchaytirish, o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatish ustuvor vazifamiz bo‘lib qolishini zamonning o‘zi taqozo etmoqda", - dedi O‘zbekiston prezidenti.

"Zamonaviy davlat"

Islom Karimov shuningdek mamlakat iqtisodiyotining "tez sur‘atlar" bilan o‘sib borayotganini ta‘kidladi.

"Mustaqil taraqqiyot yillarida mamlakatimiz iqtisodiyoti taxminan 5 karra, aholi jon boshiga hisoblaganda 3,7 martaga o‘sgani, xalqimizning hayot darajasi va sifati oshganining dalili bo‘lmish odamlarimizning jon boshiga oladigan daromadlari 8,7 barobar ko‘paygani yurtimizning qisqa davrda kechagi, o‘zini boqishga qurbi yetmagan respublikadan tez sur‘atlar bilan o‘sib borayotgan zamonaviy davlatga aylanganining yaqqol tasdig‘idir", - deb aytdi Islom Karimov.

Unga ko‘ra, jahonda moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davom etayotgan esa-da, O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror rivojlanmoqda.

"... Iqtisodiyotning yillik o‘sishi oxirgi 10 yil davomida 8 foizdan oshib, barqaror rivojlanib borayotganini bugungi kunda kamdan-kam davlatlar misolida ko‘rish, kuzatish mumkin", - deya ta‘kidladi Islom Karimov.

U O‘zbekistonga kiritilgan xorijiy sarmoyalar miqdori 60 milliard dollardan oshganini aytdi.

"Ana shu investitsiyalar hisobidan avvalo iqtisodiyotimizning tarkibini tubdan o‘zgartirish, yuksak texnologiyalarga ega bo‘lgan, havas qilishga arziydigan zamonaviy korxonalar qurish, jahon bozorida raqobatdosh bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarish, O‘zbekiston salohiyatini yangi bosqichga ko‘tarish imkoniyati yaratilganini ko‘p-ko‘p misollarda kuzatish qiyin emas, albatta", - dedi Islom Karimov.

"O‘zbek modeli"

O‘zbekiston prezidenti o‘z mamlakatining "eski, o‘zini oqlamagan tizimdan" yangi tizimga o‘tishda "fundament" qurishga shoshilmaganini aytdi.

"Ya‘ni, biz "Yangi uy qurmasdan turib, eskisini buzmang" degan hikmatli iboraga itoat qildik, - dedi Islom Karimov. - Biz tanlab olgan tadrijiy, evolyutsion yo‘l – maqsad-muddaolarimizga bosqichma-bosqich, qadam-baqadam yetish yo‘lini o‘zimizga ma‘qul topdik, uni katta sinovlardan o‘tkazdik".

U o‘tgan yillar ichida O‘zbekistonga "xayrixoh bo‘lmagan xalqaro institutlar ham" demokratik islohotlarning "o‘zbek modeli"ni tan olganini aytdi.

"Yillar o‘tishi bilan, oldimizga qo‘ygan buyuk maqsadlar sari yurishimizda chuqur va atroflicha o‘ylangan, xalqaro maydonda “o‘zbek modeli” deb tan olingan demokratik islohotlar yo‘li naqadar to‘g‘ri ekanini hayotimizning o‘zi oqlab, isbotlab bermoqda va bu haqiqatga bizga xayrixoh bo‘lmagan mutaxassis va ekspertlar, tegishli xalqaro institutlar ham iqror bo‘lmoqda", - dedi Islom Karimov.

"Shular haqida gapirganda, mamlakatimiz taraqqiyotida yangi bosqich va ufqlarni zabt etishda barchamizni quvontiradigan, eng katta mezon avvalo yurtimizda hukm surayotgan barqarorlik, osoyishtalik va hamkorlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhiti, vatandoshlarimizning tobora o‘sib borayotgan dunyoqarashi va ongu tafakkuri, huquqiy va siyosiy madaniyati va faolligi, desak, hech qanday xato bo‘lmaydi", dedi O‘zbekiston Prezidenti.

"O‘zbek modeli", Islom Karimov ishonishicha, mamlakatga "manaman degan davlatlardan" ham o‘zib ketish imkonini bergan.

"Xalqimizning ma‘naviyatini yanada yuksaltirish uchun amalga oshirayotgan ishlarimiz o‘z hosilini bermoqda va shu fursatdan foydalanib, aytmoqchiman – bu sohada erishgan marralarimiz bilan biz hech kimdan kam bo‘lmasdan, ko‘pgina manaman degan davlatlardan o‘zib ketganimizni eng muhim yutug‘imiz, deb hisoblayman", - dedi Islom Karimov.

Islom Karimov O‘zbekiston "moddiy nuqtai nazardan" dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan orqada esa-da, ma‘naviy nuqtai nazardan qaraganda, "engilmas kuch" ekanini aytdi.

"Yuksak ma‘naviyatli xalq emasmi? O‘zingiz ayting, bunday xalqni yengib bo‘ladimi?" - dedi Islom Karimov.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekiston mustaqillik yillarida bir necha davlatning taraqqiyot modeliga moyillik bildirib kelgan.

1990-yillari Malayziya, Turkiya yoki Janubiy Koreya modeli kabi iboralar tez-tez takrorlanardi.

O‘z bozorlarini arzon mollarga to‘ldirgan Xitoy modeliga ham O‘zbekiston befarq emasdi.

Keyinroq O‘zbekiston faqat "o‘ziga xos va o‘ziga mos" yo‘li borligini ta‘kidlashni xush ko‘ra boshladi.

Lekin O‘zbekiston tanlagan "o‘ziga xos" yo‘l mamlakatdagi ko‘p millionli ishchi kuchi uchun yetarli iqtisodiy infratuzilma yarata olmadi.

Bugun millionlab ham malakali, ham malakasiz o‘zbeklar yaqin va uzoq xorijda har qanday ishni bajarib bo‘lsa-da, oila boqishga majburlar.

Xalqaro hamjamiyat Islom Karimov tuzgan tizimni dunyoning eng repressiv tizimlari sirasiga kiritishadi.

O‘zbekistonda muxolif partiyalar mavjud emas, matbuot to‘liq nazorat qilinadi, inson huquqlari davomli poymol etiladi.

Mamlakat iqtisodiyoti ham hukumat tomonidan to‘liq nazorat qilinadi.

O‘zbekiston mustaqillikka erishganining 23 yilligini nishonlar ekan, bu tadbir xalq shodiyonasidan ko‘ra o‘ta rasmiylashgan va siyosiylashgan tadbirga aylanib qolganiga mamlakat aholisi ko‘nikib bo‘lgan.

Shu sababli bayram tantanalari prezident, saralangan rahbarlar va xorijiy mehmonlarga bag‘ishlangani uchun odamlar bayram kontsertini televizor orqali ko‘rishiga to‘g‘ri keladi.

Kuzatuvchilar odamlarda bayram kayfiyati sezilmasligini aytadilar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02