12 yashar kuyov va 8 yoshli kelin ota-onalari hibsga olingan

Balx viloyati rasmiylari xabar qilishlaricha, politsiya voyaga yetmagan o‘g‘il va qiz bolani uylantirgan ota-onalarni hibsga olgan.

Afg‘oniston shimolidagi Balx viloyatida sakkiz yoshli qiz 12 yashar bolaga nikohlab berilgani va ularning to‘y marosimi bo‘lib o‘tgani haqidagi xabar o‘tgan hafta oxirida tarqaldi.

8 yashar Minaning otasi aytishicha, u 12 yoshli Sardor ismli o‘g‘il bolaning oilasidan qalin pulini olishni istagan va shuning uchun qizini erga bergan.

Xabarlarga ko‘ra, to‘y marosimidan keyin Mina Sardorning oilasi bilan birga yashay boshlagan.

Aytilishicha, Minaning onasi hayot emas.

Otasi esa moddiy qiynalib qolgan.

U Afg‘onistondagi Tolo TV telekanaliga nega sakkiz yashar qizini turmushga uzatishga qaror qilgani sababini tushuntirib bergan.

"Men mahalliy mullalardan qizimni erga bersam bo‘ladimi", deb so‘radim.

Ular mening og‘ir ahvolda ekanimdan yaxshi xabardor edilar, deydi ota.

"Albatta bo‘ladi, sen hozir pulga muhtojsan va undan keyin hayotingni yaxshilab olasan deb aytishdi", degan u Tolo TV televideniyesiga.

Faollar Afg‘onistonda voyaga yetmagan bolalarni uylantirish, ayniqsa, qizlarni erta turmushga uzatish juda ko‘p tarqalganini aytadilar, bunday nikohlar oldini olish maqsadida kampaniyalarini to‘xtatmaganlar.

Inson huquqlari himoyachilari bunda rasmiylarning ham aybi borligini aytadilar.

Mamlakatda voyaga yetmaganlarning turmush qurishini taqiqlaydigan qonunni qabul qilishga erishilmagan.

Rasmiy raqamlarga ko‘ra, Afg‘onistondagi 25 va 49 yoshli ayollarning 53 foizi 18 yoshda turmushga uzatilganlar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02