Blog haqidagi qonunni jamoatchilik qachon ko‘radi?

O‘zbekistonda yangi qonunlarni hayotga tatbiq qilishning o‘ziga xos yo‘li mavjud.

Bu xoh prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilga yoki 7 yildan 5 yilga o‘zgartirish bo‘lsin, xoh O‘zbekiston konstitutsiyasining butun-butun bandlarini almashtirish yoki qaysidir kodeks butkul o‘zgartirib tashlansin, jamoatchilikka oshkor etilmaydi.

Loyiha matbuotda e‘lon qilinib muhokamaga qo‘yilmaydi.

Qaysidir qonun qabul qilingani haqidagi xabar tarqatiladi, so‘ng O‘zbekiston Prezidenti imzolaganidan keyin matn matbuot yuzini ko‘radi.

Ayrim hujjatlar umuman matbuotda e‘lon qilinmasdan ham kuchga kiritilishi mumkin.

Shu kunlarda bloggerlar haqidagi qonun qachon kuchga kirishi Internet ijtimoiy tarmoqlarida keng muhokamaga aylangan, qiziquvchilar sentyabr oyi o‘rtalarida bu qonun matni bilan tanishishga umid qilmoqdalar.

O‘zbekiston Senati ma‘qullagan qonunda blogger tushunchasiga izoh berilgan. Endi hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborotni sahifaga joylashda bloggerlarning mas‘uliyati oshirilgan. Blog yuritish sohasi O‘zbekistonda endi rivojlanib kelayotgani aytiladi. Asosan o‘zbek tilida yuritiladigan bloglarning o‘quvchisi juda kamligi va bloggerlarning yetarli daraja ijtimoiylashmagani ta‘kidlanadi.

Yangi o‘zgartirishlar haqida ommaga ma‘lum bo‘lgan jihati kun.uz web sahifasida chop etilgan xabar matnidir. Kun.uz web sahifasi o‘z manbaasiga tayanib O‘zbekiston Oliy majlisining Senati ma‘qullagan "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonunda blogger tushunchasiga izoh berilganini ma‘lum qildi.

Unda axborotni e‘lon qilish tartibi haqida yangi normalar o‘z aksini topgani aytiladi.

"Web-saytning va web-sayt sahifasining egasi, shu jumladan, blogger hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborotni internetga joylashtirishda mas‘uliyati oshirilmoqda. Ma‘lumotlarga ko‘ra, bunday shaxslar axborotni joylashtirishdan avval uning to‘g‘riligini tekshirishi talab qilinadi", - deyiladi Kun.uz xabarida.

Noto‘g‘ri axborot bergan bloggerga qanday jazo qo‘llanilishi mumkinligi haqida xabarda biror gap aytilmagan. Balki qonunchilikda ushbu normalarni buzgan bloggerlarni jazolash qanday amalga oshirilishi haqida to‘liq ma‘lumot berilgandir. Ammo ushbu o‘zgartirishlar matbuotda to‘liq chop qilingani yo‘q. Lekin qonundan chiqqan bloggerlarning sahifalari O‘zbekistonda blok qilinishi va agar blog yurituvchi O‘zbekiston ichida bo‘lsa qandaydir ma‘muriy choralar ko‘rilishi mumkinligini taxmin qilish mumkin.

Bunday amallarni O‘zbekiston hukumati shu vaqtgacha ham qo‘llab kelgan. Faqat bunday harakatlar endi qonun doirasida amalga oshirilishi mumkin.

Misol uchun O‘zbekiston ichida turib blog yuritadigan mashhur bloggerlarning sahifalari O‘zbekiston ichida ochilmay qolgani haqida bir necha misollar bor.

Ushbu xabar Twitter foydalanuvchilarining istehzoli kulgisiga sabab bo‘ldi. Chunki O‘zbekistonda bloggerlik sohasi, aytaylik Rossiya darajasida ham rivojlanmagan.

O‘zbekzabon bloglarning o‘quvchilari juda ham oz va ushbu bloggerlar hali ijtimoiylashmagan.

Ba‘zi bloglarda yozilgan tanqid yoki takliflarga tashkilotlar tomonidan e‘tibor bo‘lgani borasida qo‘lda sanarli misollarni keltirish mumkin.

Mana shunday holatda ularning faoliyati qonun nazoratiga olinishi o‘zbekzabon bloggerlarni yanada mushkul ahvolga solishi mumkin.

Ya‘ni ularning istalgan tanqidi rasmiylar tomonidan tasdiqlanmagan axborot va yo-da qonunga zid harakatlar deya baholanib javobgarlikka tortilishi mumkin.

Ushbu o‘zgartirishlar hali endi atak-chechak qilib kelayotgan O‘zbekistondagi bloggerlik sohasiga katta zarba berish ehtimoli mavjudligi aytiladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02