O‘zbekiston mustaqilligi: Kim edigu kim bo‘ldik...

Image copyright AFP

"Kim edigu kim bo‘ldik" shiori kim uchun mo‘ljallangan?

Bu so‘zlarni O‘zbekiston rasmiylari ikki yildan beri takrorlashar ekan, ular kimni nazarda tutishmoqda?

Sho‘rolar davrida tashqi ishlar vazirligida xizmat qilgan sobiq diplomat Toshpo‘lat Yo‘ldoshevga ko‘ra, mustaqillik ko‘pchilikka qashshoqlikni olib keldi.

U har gal o‘z qishlog‘iga borganida hamqishloq va qarindoshlarining turmushi oldingiga qaraganda og‘irlashayotganini sezgan. "Ahvol 1995-yilga solishtirganda 2000-yillarda, 2000-yilga solishtirganda 2005-yilda yomon tomonga o‘zgargan".

Lekin shu bilan birga mustaqillik chegaralarni ochib tashlab, aksar odamlar uchun yangi-yangi imkoniyatlarni barpo etdi.

Odamlar iqtisodiy qiyinchiliklar va to‘siqlarga qaramasdan, o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘yishga intildilar, ular bugun ham tadbirkorlik sharoitlarini kengaytirishga harakat qilmoqdalar.

Bu yillarda ba‘zilarning boyib ketishlariga imkoniyat paydo bo‘ldi.

Bugunga kelib esa mamlakat ichidagi kuzatuvchilar kuch tizimlarining biznes doiralari bilan chatishib ketgani haqida so‘zlaydilar.

Toshpo‘lat Yo‘ldoshev ushbu jinoiy chatishishdan, bu ko‘rinishning xalq va jamiyat uchun, mamlakat kelajagi uchun xatar ekanidan ogohlantiradi.

"Bizda davlat amaldorlari biznesmen bo‘lib ketdi. Ular hech kim edi, boy odam bo‘ldi, yuqori ijtimoiy maqomga ega bo‘lishdi".

Ayrim kuzatuvchilar nazarida Islom Karimov o‘zini tarixda sohibqiron Amir Temurdek eslashlarini istaydi va bu parallel bejiz emas.

O‘rta asrlar hukmdori bir tomondan qattiqqo‘l, ikkinchi tarafdan bunyodkor bo‘lgan.

Islom Karimov ham qattiqqo‘l siyosatchi, lekin O‘zbekiston uchun ko‘pdan-ko‘p imkoniyatlarni yaratib, mamlakatni xalqaro sahnaga olib chiqqan arbob sifatida tarixda qolish haqida o‘ylashi mumkin.

U boshqarayotgan davlat o‘zini demokratik mamlakat deb e‘lon qilar ekan, "kim bo‘lgani uchun" bir necha prezidentlik saylovida ovoz bergan O‘zbek xalqidan u minnatdor bo‘lishi kerakmi?

Toshpo‘lat Yo‘ldoshevga ko‘ra, "Karimovning xalqqa nisbatan hurmati yo‘q! Aksincha, xalqni qo‘rqitib, hattoki boyishiga imkoniyat bermasdan, xoru-zor qilib, qo‘lini cho‘zib, hukumatdan yordam so‘rab turishini istaydi".

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02