Rossiya-Qozog‘iston: kontekstdan uzib olingan so‘zlar

Image copyright Getty

Rossiyaning Ukrainaga nisbatan siyosati va buning oqibatlari bosimini dunyoning ko‘plab siyosatchilari his qilmoqdalar, bu taranglik manzarasida bayonotlarning mazmuni o‘zgartirilgani haqidagi chiqishlar kuzatilmoqda.

Birinchisi, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Qozog‘iston davlatchiligi haqida gapirgan so‘zlari.

"Seliger-2014" butunrossiya yoshlar forumida talaba qiz Prezident Putinga rusiyzabon aholining Qozog‘istondagi vaziyati haqida savol bergan.

Prezident Putinning bu savolga javobi, hozirgi Qozog‘iston o‘rnida davlatchilik bo‘lmagan, mazmunida ommaviy axborot vositalarida tarqaldi va Internet ijtimoiy tarmoqlarida qizg‘in bahslarni keltirib chiqardi.

Qozog‘istonda Rossiya prezidenti so‘zlariga javoban noroziliklar kuzatildi.

1 sentyabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Prezident Putin so‘zlari noto‘g‘ri talqin qilingani haqida bayonot berdi.

Janob Lavrov aytishicha, aslida Prezident Putin Prezident Nazarboyevning Qozog‘istonda davlatchilik barpo etishga qo‘shgan ulkan hissasini e‘tirof etgan, xolos.

Prezident Putinning "Seliger" forumidagi bayonotidan keyin ommaviy axborot vositalarida Prezident Nazarboyev Qozog‘iston Ovrosiyo Iqtisodiy hamjamiyatidan chiqib ketishi mumkinligi haqida aytgani xabarlari ham tarqaldi.

Janob Nazarboyevning ushbu bayonoti Prezident Putinning Qozog‘iston haqida aytgan so‘zlariga javob bo‘lishi mumkinligi taxminlari ham bildirildi.

Shundan keyin Qozog‘iston parlamenti quyi palatasi qo‘mitalaridan biri rahbari Maulen Ashimbayev Bojxona Ittifoqidan chiqish haqidagi bayonot noto‘g‘ri talqin qilingan, deb chiqdi.

Janob Ashimbayev so‘zlariga ko‘ra, Prezident Putinning aytgan gapidagi "kontekstdan ayrim iboralar" uzib olingan bo‘lishi mumkin.

Maulen Ashimbayev aytishicha, Qozog‘istonda har doim o‘zi imzolagan shartnomadan chiqish huquqi bor va Bojxona Ittifoqidan chiqish haqidagi bayonot Ukrainadagi hodisalarga bog‘liq emas.

"Agar Ovrosiyo Iqtisodiy hamjamiyati doirasidagi bitimlar shartnomada yozilganidek bajarilmasa, agar qandaydir omillar bizning xavfsizligimizga, bizning milliy manfaatlarimizga ta‘sir ko‘rsatsa, Qozog‘istonda Ovrosiyo Iqtisodiy hamjamiyatidan chiqish imkoniyati bor. Prezident shu haqda gapirgan", degan Qozoq parlamenti xalqaro qo‘mitasi raisi.

So‘ng janob Nazarboyev bu so‘zlarni "Seliger" forumidan besh kun oldin aytganini bildirdilar Qozoq rasmiylari.

Image copyright Getty

2 sentyabr kuni esa Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning yana bir bayonoti "kontekstdan uzilgani" haqidagi xabarlar tarqaldi.

Olmoniya va Italiya ommaviy axborot vositalari Ovro‘po Komissiyasi raisi Joze Manuel Barrozuga iqtibosan Prezident Putin, agar xohlasa Kiyevni ikki hafta ichida olishga tayyorligini aytgani haqida xabar tarqatganlar.

Bu gap janob Barrozu bilan janob Putin o‘rtasidagi telefon muloqotida aytilgani xabar qilingan.

Olmoniyaning Spiegel jurnali xabar qilishicha, Ovro‘po Ittifoqi sammiti oldidan janob Barrozu telefon so‘zlashuvida Rossiya harbiylarining Ukraina chegarasini kesib o‘tgani borasida janob Putin izohini so‘ragan.

Bunga janob Putinning javobi go‘yo mana bunday bo‘lgan: "Bundan ham muhimrog‘i, agar men xohlaganimda, Kiyevni ikki hafta ichida olardim".

Italiyaning Repubblica ro‘znomasi taxminicha, ana shu shaklda Rossiya prezidenti Moskvani yangi sanktsiyalarga gijgijlamaslik ma‘qulligini tushuntirmoqchi bo‘lgan.

Prezident Putin yordamchisi Yuriy Ushakov aytishicha, janob Barrozudan keltirilgan Prezident Putinning "Kiyevni ikki hafta ichida olishi" haqidagi iqtibos kontekstdan uzilgan va boshqa ma‘noni anglatgan.

"Bu noto‘g‘ri, diplomatik amaliyot doirasidan chiqadi. Bu jiddiy siyosiy arbobga munosib emas", deya bayonot bergan Rossiya prezidenti yordamchisi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02