Saudiya hukumati Muhammad Payg‘ambarning maqbarasini buzmoqchimi?

Britaniyada chop etiladigan "Independent" ro‘znomasining yozishicha, Saudiya Arabistoni hukumati musulmonlarning Makkadan keyingi ikkinchi muqaddas ziyoratgohi bo‘lgan Madinadagi Muhammad Payg‘ambarning maqbarasini buzishni rejalamoqda.

Ro‘znomaning yozishicha, saudiyalik olim tomonidan tayyorlangan va Masjid an-Nabaviy nazoratchilari orasida tarqatilgan 61 betli hujjatda Islom Payg‘ambarining Yashil Gumbaz ostida dafn etilgan jasadi qoldiqlarini maqbara yaqinidagi Al-Boqiy qabristoniga yashirincha va hech qanday belgisiz dafn etish rejasi mavjud.

Ushbu ziddiyatli reja Makkadagi qayta qurish ishlari va osori atiqalarning buzilishini tanqid qilib kelgan Islomiy Me‘ros Tadqiqotlari Jamg‘armasi tomonidan oshkor etilgan.

"Independent"ning Jamg‘arma rahbari Doktor Irfon al-Alaviydan iqtibos keltirishicha, shu yo‘l bilan Saudiya hukumati "ziyoratchilar oqimiga chek qo‘ymoqchi, chunki buni "shirk" deb ishonadi".

Saudlar xonadoni 1924 yilda hokimiyatga kelganidan so‘ng ahli bayt - Payg‘ambar oila-a‘zolari qabrlarining ko‘pchiligidan lavhlarni olib tashlagan.

Saudiya Arabistonidagi vahhobiylik deb ataluvchi islomiy ta‘limot ziyoratgohlar va osori atiqalarga shirkning ko‘rinishlari deb qaraydi va ularga tanqidiy yondashadi.

Islomiy Me‘ros Tadqiqotlari Jamg‘armasining ma‘lumoticha, Makka shahridagi Al-Haram masjidini kengaytirish ishlari jarayonida Makkadagi qadimiy obidalarning 95 foizi buzib tashlangan.

Jamg‘arma Payg‘ambar maqbarasining buzilishi musulmon dunyosini larzaga solishi haqida ogohlantirgan.

Har yili millionlab musulmonlar tomonidan ziyorat etiladigan Masjid an-Nabaviyni buzish borasida hali nihoiy qaror qabul qilinmagan, o‘tmishda Saudiya hukumati muqaddas ziyoratgohlarga har qanday o‘zgartirish rejasiga "juda ham jiddiy yondashishi"ni aytgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02