Amerikalik jurnalistning qatl etilgani tasdiqlandi

Image copyright Getty
Image caption Sotloff 2013 yilda Suriyada qo‘lga olingan

Qo‘shma Shtatlar amerikalik jurnalist Stiven Sotloffning boshi tanasidan judo etilgani aks etgan videoning haqqoniyligini tasdiqladi.

AQSh Milliy Xavfsizlik Kengashi vakili Keytlin Xeydenning so‘zlariga ko‘ra, video tasvirlarni o‘rgangan amerika josuslik xizmati vakillari ana shunday xulosaga kelishgan.

BMT Bosh Kotibi Pan Gi Mun Islomiy Davlat guruhining, aftidan, garovdagi Amerika fuqarosi Stiven Sotloffning boshi tanasidan judo etilgani aks etgan videosini "jirkanch jinoyat" deya qoralagan.

31 yoshli Sotloff 2013 yilda Suriyada qo‘lga olingan edi.

U o‘tgan oy amerikalik jurnalist Jeyms Foleyning o‘ldirilishi aks etgan videoda paydo bo‘lgan edi.

Oxirgi videoda gapirgan jangari unda ko‘rsatilgan Britaniya fuqarosini ham qatl etish bilan tahdid qilgan.

Garovdagi britaniyalikning oilasi matbuotdan uning ismi-sharifini oshkor etmaslikni so‘ragan.

Videodagi jangari ham xuddi Jeyms Foleyni qatl etgan shaxs kabi britan inglizchasida gapirgan.

Britaniya Bosh vaziri Devid Kameron vaziyatni muhokama qilish uchun favqulodda yig‘ilish o‘tkazmoqda.

Video internetda e‘lon qilinishi ortidan AQSh Prezidenti Barak Obama Bag‘doddagi amerika diplomatlarining xafsizligini ta‘minlash uchun qo‘shimcha 350 nafar kuchlarni joylashtirishga buyruq bergan.

Islomiy Davlat so‘nggi oylarda Iroq va Suriyada yirik hududlarni qo‘lga kiritgan va Abu Bakr al-Bag‘dodiy rahbarligida Islomiy Xalifat e‘lon qilgan.

Qo‘shma Shtatlar o‘tgan oy Iroqdagi ID mavqe‘lariga qarshi 120 dan ortiq havo zarbalarini amalga oshirgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02