"Al-Qoida" Janubiy Osiyoda o‘z shoxasini tashkil etganini bildirdi

Image copyright AFP
Image caption Usoma Bin Lodin o‘ldirilgach, al-Qoida boshiga Aymon al-Zavohiriy kelgandi

"Al-Qoida" rahbari, Aymon al-Zavohiriy, bir video xabar tarqatib, Janubiy Osiyo bo‘ylab "jihod bayrog‘ini ko‘tarish" maqsadida tarmoqning hind bo‘limi tashkil etilganini ma‘lum qilgan.

Uzunligi 55-daqiqa bo‘lgan video xabar internet tarmoqlari orqali tarqatilgan.

Unda Zavohiriy Afg‘onistondagi Tolibon rahbari Mullo Umarga sodiqligini yana bir bor ta‘kidlagan.

Muxbirlarga ko‘ra, "al-Qoida" rahbari Tolibon rahbariga qilgan bayatini yodga olish bilan Islomiy Davlatni (ID) e‘tirof etmasligiga ishora qilmoqda.

"Al-Qoida" rahbari "Hind Subkontinentidagi al-Qoida" tashkil etilgani haqidagi xabarni arab va urdu tillarida bayon qilgan.

U musulmon "ummat"ini, "dushmanlarga qarshi jihod qilishga, o‘z tuproqlarini ozod qilishga, mustaqillik va xalifalikni qayta tiklash"ga chaqirgan.

Zavohiriyning aytishicha, "Hind Subkontinentidagi al-Qoida" Birma, Bangladesh va Hindistonning Assam, Gujarot hamda Jammu va Kashmir shtatlari musulmonlari uchun xushxabardir.

Hindistonda "al-Qoida" tarmog‘ining mavjudligiga oid ma‘lumotlar yo‘q.

Bu mamlakatda faol bo‘lgan Islomiy qurolli guruhlar asosan Kashmir bo‘lginchilariga aloqador deya ko‘riladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02