NATO rahbarlari Ukraina prezidenti bilan uchrashadilar

Image copyright AFP
Image caption NATO sammitidan oldin dunyo rahbarlari Ukraina prezidenti bilan uchrashadilar

Dunyo rahbarlari Uelsda NATO sammiti boshlanishidan oldin Ukraina prezidenti bilan uchrashishlari kutilmoqda.

Pyotr Poroshenko AQSh va Ovro‘po Ittifoqi rahbarlariga Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan bo‘lgan muzokaralari haqida ma‘lumot beradi.

Frantsiya Rossiyaga vertolyot tashuvchi ikkita kemani yetkazib bermasligini ma‘lum qilish bilan janob Putinga bosimlarni kuchaytirgan.

Ukraina sharqida hukumat kuchlari va bo‘lginchilar o‘rtasida besh oydan buyon davom etayotgan janglarda 2,600ga yaqin inson nobud bo‘lgan.

G‘arb davlatlariga ko‘ra, ular Rossiya isyonchilarni tayyorlagani va qurollantirganiga oid ma‘lumotlarga egalar.

Ukraina sharqidagi mojaro, BMT chiqargan so‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra, bir million nafardan ko‘proq insonni boshpanasiz qoldirgan.

Uelsning Nyuport shahrida bo‘lib o‘tajak NATOning ikki kunlik sammitida Ukrainadagi inqiroz, Islomiy Davlatning paydo bo‘lishi va Afg‘oniston muammolari muhokama qilinadi.

NATO sammitida O‘zbekiston rasmiy hay‘ati ham ishtirok etishi kutilmoqda.

--------------------------------------------------------------------------------------

Whatsapp raqamimizga ovozli sharhlaringizni ham yo‘llashingiz mumkin: +44 78-58-86-00-02.