Nigeriya O‘zbekistonning taqig‘idan g‘azabda

Image copyright Getty

Nigeriya Kurash Federatsiyasi prezidentining da‘vo qilishicha, "bu qaror kurashchilarining jahon tasnifidagi turnirda ishtirok etish va o‘z baxtlarini sinab ko‘rishlariga to‘sqinlik qilish barobarida, ularga mudhish xastalik tashuvchisi, degan tamg‘ani ham yopishtiradi".

Daniel Igali xalqaro kurash federatsiyasi va O‘zbekistonning o‘zlarini Toshkentga kiritmaslik qarori yuzasidan norozilik bildirib, shaxsan FILA Prezidenti Nenad Lalovichga maktub yo‘llagan.

Kuni-kecha O‘zbekiston tomonining tavsiyasi bilan FILA g‘arbiy Afrikani o‘z zabtiga olayotgan Ebola epidemiyasi sabab, yetti nigeriyalik va ikki serra-leonelik kurashchini sport kurashi bo‘yicha Toshkentda bo‘lib o‘tajak jahon chempionatiga taklif qilmaslikka qaror qilgandi.

Bundan tashqari, rasmiy xabarlarda bu mudhish xastalik O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligini g‘arbiy Afrikaning olti davlati vakillarining Toshkentga safarini cheklashga ham majbur qilgani aytilgandi.

Ayni o‘rinda so‘z Gvineya, Gvineya-Bisau, Liberiya, Serra-Leone, Nigeriya va Kongo Demokratik respublikasi haqida ketmoqda.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, Nigeriyaga qadar hozircha biror bir "taqiq ostiga tushgan" g‘arbiy Afrika davlati bu qarorni savol ostiga olmagan.

Sport kurashi bo‘yicha bu yilgi jahon chempionati esa, 8-14 sentyabr kunlari O‘zbekiston poytaxti Toshkentda bo‘lib o‘tadi.

Nigeriya Kurash Federatsiyasi Prezidenti Daniel Igalining da‘vo qilishicha, bu qaror, agar ta‘bir joiz bo‘lsa, o‘zlarini bilvosita "virus tashuvchisi" qilib qo‘ygan.

"Men bu maktubda jahon chempionatiga qo‘yilmagan sportchi va mulozimlarning qanchalik norozi va hafsalalari pir bo‘lganligini izhor etdim. Bu qaror jahon tasnifidagi turnirda ishtirok etish va o‘z baxtlarini sinab ko‘rishga to‘sqinlik qilish barobarida, ularga mudhish xastalik tashuvchisi, degan tamg‘ani ham yopishtiradi", - deydi u FILA Prezidenti Nenad Lalovichga yo‘llagan maktubida.

Image copyright fila

Xuddi shuning barobarida Nigeriya Kurash Federatsiyasi prezidenti o‘z maktubida O‘zbekistonning tavsiyasi va FILAning qarori afrikalik mulozimlarning xalqaro kurash federatsiyasi kengashiga saylanish imkoniyatidan mosuvo qoldirishiga ham alohida diqqat qaratgan.

U prezident Nenad Lalovichdan, "yaqinda Ebola xastaligi qayd etilgan Senegal doxil olti g‘arbiy Afrika kurash federatsiyasi prezidentlarining FILA Kongressida ishtirok etishlari uchun Toshkentga kiritish-kiritilmasliklari yuzasidan aniq javob berishini" so‘ragan.

"Serra-Leone Kurash Federatsiyasi prezidenti ham tilga olib o‘tganidek, bu mamlakatlar aeroportlarida qator tibbiy tekshiruv nuqtalari tashkil etilgani bois, Ebolaga chalingan biror bir inson uchoq bortiga chiqa olmaydi. FILA kongressining milliy kurash federatsiyalari uchun qanchalik muhim tadbir ekani sizga yaxshi ma‘lum. Ustiga ustak, so‘nggi qarordan ziyon chekkan davlatlar kurash federatsiyalari prezidentlari orasida FILA kengashi a‘zoligiga nomzodlar ham bor", - degan u o‘z maktubida.

FILA prezidenti esa, shu hafta dushanba kuni o‘z qarorlaridan "ziyon chekkan kurashchilar, murabbiylar va muxlislarga hamdard" ekanini alohida bayon qilgandi.

O‘z o‘rnida, g‘arbiy Afrikadagi Ebola bilan bog‘liq vaziyatni yaqindan kuzatishda davom etishlari va vaziyatga qarab, ular bilan muloqotda bo‘lib turishlarini ham bildirgandi.

Hozircha aniq davosi topilmagan Ebola esa, dunyodagi eng mudhish kasalliklardan biri sanalmoqda.

Ebola virusi kasal insonning badan suyuqliklari orqali tarqaladi va ter ham bularning sirasiga kiradi.

Toshkentdagi nufuzli turnir esa, qator xalqaro musobaqalar kabi, g‘arbiy Afrikaning qator davlatlarida halicha to‘liq davosi topilmagan Ebola xastaligi epidemiya darajasiga yetgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Bu yaqin yillar ichidagi eng yirigi bo‘lishi kutilayotgan Toshkentdagi jahon chempionatida esa, dunyoning 90 dan ortiq davlatidan 800 dan ziyod kurashchining ishtirok etishi kutilmoqda.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, bir haftalik turnir davomida kurashchilar 24 vazn toifasida uch xil kurash turi bo‘yicha jahon chempionligi uchun kurash olib borishadi.

Birinchilik ishtirokchilari orasida o‘nlab amaldagi va sobiq jahon chempionlarining borligi ham aytiladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02