"O‘zbekistonda hokimlar va militsiya keksa ayollarni ham kaltaklaydi"

Image caption O‘ktam Pardayev insonlar huquqlarini himoya qilishga intilgani uchun qamalgan va qo‘rqitilgan

"Kuch tizimlari 70 yashar fermer ayolni ham kaltaklashgan".

"Ustimizdan shikoyat qilsang, orqangni kavlashtiramiz, deb qo‘rqitishadi".

"Hokimlar, mahkamalar va ichki ishlar idoralari o‘zlari istagancha oddiy odamlarning haq-huquqlarini toptashmoqda".

"Ahvol xonlikka yaqinlashgan, desa ham bo‘ladi".

Bu satrlar Jizzaxda faoliyat yuritayotgan inson huquqlari faoli O‘ktam Pardayevning BBC O‘zbek xizmati radiotinglovchilari va bbcuzbek.com websahifasi o‘quvchilari savollariga bergan javoblaridan ayrim namunalar, xolos.

Quyida huquqbonning to‘liq javoblari bilan tanishing.

BBC: Toshloqdan Bahodir Majidov o‘z xatida O‘zbekistondagi hozirgi sharoitda inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanish aqlsizlik emasmi, boshqalardek tinchgina yashayvermaysizmi, deb so‘ragan.

O‘ktam Pardayev: To‘g‘ri. Lekin kimdir bu ishni qilish kerak-ku?! Bu balki mening qonimga singib ketgandir, biroq insonlar huquqlarini himoya qilmasam, vijdonim chidamaydi.

BBC: Timur ismli o‘quvchimiz siz advokatmisiz, deb so‘ragan hamda nega endi odamlarni hokimiyatdan himoya qilish kerak, deya taajjublangan.

O‘ktam Pardayev: Biz advokat yoki yurist emasmiz. Biz oddiy huquq himoyachisimiz. Masalan, odamlarning haq-huquqlari poymol bo‘lganida ular sud, prokuratura va hokimiyatlarga shikoyat bilan chiqishadi. Lekin shunda ham hech qanday natija bo‘lmasa, ilojsiz, bizning oldimizga kelishadi. Biz esa ularning arzini kerakli joylarga yoki xorijiy ommaviy axborot vositalariga yetkazishga intilamiz. Shuningdek, mahkama jarayonlarini kuzatamiz.

BBC: Mana hatto o‘zingizni qo‘rqitishayotgani va ta‘qib qilishayotgani haqida aytasiz. Shunday sharoitda boshqalarga qanday yordam bera olasiz?

O‘ktam Pardayev: Bizga ariza bilan kelishsa, arzlariga qarab maslahat beramiz. Mahkamalarga chiqib, jarayonlarni kuzatamiz. Ammo ulardan biron moddiy manfaat kutmaymiz. Biz faqat ularning huquqlarini tiklashni istaymiz. O‘zimizga to‘g‘ri bo‘lganimiz uchun ham ko‘chalarda bemalol yura olamiz.

BBC: Farhod ismli tinglovchimiz O‘zbekistonda hozir kimlarning huquqlari eng ko‘p toptalmoqda va ularning haqlarini himoya qilayotgan bironta davlat idorasini ayta olasizmi, deb so‘rayapti.

O‘ktam Pardayev: Asosan, mahkamalar va ichki ishlar idoralari tarafidan odamlarning haq-huquqlari poymol bo‘lmoqda. Ko‘proq mahkamalar tomonidan, desa bo‘ladi. Aksar oddiy, pulsiz va yoki qonunni tushunmaydigan, o‘z haq-huquqini bilmaydigan odamlarning haqlari toptalayapti. Lekin ularning huquqlarini tiklayotgan bironta davlat idorasini bilmayman. Davlat idoralari oddiy odamlarni himoya qilolmayapti.

BBC: Viloyatlarda va chekka hududlarda inson huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanish Toshkentdan ko‘ra farqlimi? Chekka joylarda ta‘qib va tazyiqlar kuchli, deyishadi.

O‘ktam Pardayev: Albatta, viloyatdagi sharoit Toshkentdan farq qiladi. Poytaxtda xorijiy diplomatlar va elchixonalar bor. Biron faolga tazyiq bo‘lsa, elchixona vakillari yetib kelishadi va mahkamalarda qatnashishga intilishadi. Ammo tumanlar uzoq va u yerlarga diplomatlar kelmasligini bilishadi. Shu uchun ham organ xodimlari bemalol, ochiqchasiga odamlarga ham, huquq himoyachilariga ham zug‘um qilishadi, tazyiq o‘tkazishadi.

BBC: Aynan Jizzaxda amaldorlar qo‘l ostidagi kichikroq mulozimlarni so‘kishi, oddiy odamlarni hatto kaltaklashi haqida ham turli xabarlar chiqqan. Siz o‘zingiz shunday holatlarga hech guvoh bo‘lganmisiz ?

O‘ktam Pardayev: Albatta. Halima ismli 70 yoshga kirgan fermer ayol bor edi. Shuni kaltaklashgan. Men uning ko‘kargan joylarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Ayollarni ham urishganini ko‘rganmiz. Deylik, fermer besh-olti gektar yerga qovun eksa, nega ekding, deb zug‘um qiladi va tuman hokimi ichki ishlar xodimlarini chaqiradi. Keyin buni qamanglar, deb aytadi. Agar militsiya bilan ketmasa, uni majburlashadi. Qo‘llarini sim bilan bog‘lab, kaltaklab olib ketishadi. Keyin kechasi bilan ushlab o‘tirishadi va tepishadi. Bunday voqealar bo‘lgan. O‘sha odamlar yig‘lab kelishgan, ariza berishgan va tibbiy tekshiruv xulosalari ham olingan. Ammo bir-ikki kun o‘tgach, ular o‘z arizalarini qaytarib olishgan. Chunki milliy xavfsizlik, militsiya va hokimiyatlar darhol bu odamlarga chiqib, agar shikoyatni bas qilmasang, orqangni kavlashtiramiz, deb qo‘rqitishgan. Shundan so‘ng ko‘pchilik arizasini qaytarib olgan. Oldimizga kelib, xorijiy ommaviy-axborot vositalariga aytmaslikni, ularni qo‘rqitishayotganini bildirishgan. Bunday holatlar ko‘p uchraydi.

BBC: Fermer ijaraga olgan yerida nima ekishni o‘zi hal qilmaydimi? Hokimiyat yoki militsiya fermerning ishiga aralashish va unga zug‘um qilishga qonunan haqlimi?

O‘ktam Pardayev: Albatta, noqonuniy. Lekin hatto fermerlar rejani bajarishsa ham, baribir qovun yoki boshqa ekin ekishni taqiqlab qo‘yishadi. Faqat paxta va bug‘doy ekasan, deb fermerlarni cheklab qo‘yishgan.

BBC: Andijondan Tolibjon ismli tinglovchimiz nega O‘zbekiston inson huquqlari faollaridan qo‘rqadi, deb so‘ragan. Bu gapga qo‘shilasizmi?

O‘ktam Pardayev: Organ xodimlari inson huquqlari faollari bizni sotadi va ommaviy-axborot vositalariga chiqarib yuborishadi, deb qo‘rqishadi. Sababi shu, menimcha.

BBC: Tolibjon, shuningdek, qamoqdagi inson huquqlari faollarini ko‘rish mumkinmi va g‘arb ularga yordam berishga qodirmi, deb savol so‘raydi.

O‘ktam Pardayev: Qamoqdagi huquq himoyachilarini bizga ko‘rsatishmaydi. Ularni ozod qilishni so‘rab, xalqaro tashkilotlar xatlar va murojaatlar bilan chiqqan taqdirda ham, baribir, bizning hukumat bunga e‘tibor qaratmaydi. Chunki agar bu murojaatlarga quloq solib, qamoqdagi faollarni osongina ozod qilishsa, unda biz kabi ochiqda yurganlar ham kuchayib ketishidan qo‘rqadi. Shu bois ataydan ularni qamoqda ushlab turishadi. Bu bilan bizlarga qarata "ertaga sening ham boshingga shu kun tushadi" degan bir ogohlantirishni berishmoqda.

BBC: Londondan Sanjar ismli o‘quvchimiz esa xorijga chiqib ketgan o‘zbekistonlik huquqbonlarga nisbatan sizning munosabatingizni va sizda ham O‘zbekistondan chiqib ketish rejasi bor yo yo‘qligini bilishni istaydi.

O‘ktam Pardayev: Menda chetga ketish imkoniyati bor. Chunki 10 yildan beri inson huquqlari bilan shug‘ullanaman va ozmi-ko‘pmi xalqaro tashkilotlar meni bilishadi. Lekin Ovro‘poga ketish niyatim yo‘q. Men oxirigacha shu yerda bo‘lishni va xalqimga yordam berishni istayman.

BBC: AQShdan Nodir ismli tinglovchimizga ko‘ra, dunyo ko‘zini shamg‘alat qilish uchun O‘zbekiston hukumati uch-to‘rt nafar huquqbonning ishlashiga imkon berib qo‘ygan. Nodir siz ham ulardan biri emasmisiz, deb so‘ramoqda.

O‘ktam Pardayev: Balki uning fikrida jon bordir. Ammo meni bunday erkin qo‘yib qo‘yishgani yo‘q. Aksincha, meni ushlash uchun har qadamimni tekshirishadi. Faqat o‘zimga ehtiyot bo‘lganim uchun ishlab yuribman.

BBC: Shvetsiyadan savol yo‘llagan Muhammadsolih ismli tinglovchimiz qator huquqbonlar sust va jim bo‘lib ketishgan, deb fikr bildiradi va O‘zbekistondagi inson huquqlari tashkilotlari haqida munosabatingizni bilishni istaydi.

O‘ktam Pardayev: Har kim o‘z xavfsizligini o‘ylaydi. Hech kim birovga ishlashni buyura olmaydi. Hamma o‘zi uchun javob beradi. Ammo men o‘z faoliyatimni to‘xtatganim yo‘q. Jizzaxda hozir ikki nafar inson huquqlari faoli ishlayapmiz. Qolganlar o‘z xavfsizligini o‘ylab, jim bo‘lib ketishdi. Ba‘zilari chetga chiqib ketgan. Ayrimlari esa qamoqda.

BBC: O‘zbekistonning ayrim viloyatlarida hokimiyatlarni ochiqlikka chorlash tajribasi qo‘llandi. Endilikda rahbarlar xalq dardini tinglay boshlashdimi, huquqlarini tiklashga intilishayaptimi? Bu borada qanday o‘zgarishlar ko‘zga tashlanadi?

O‘ktam Pardayev: Yo‘q. Umuman tinglashmaydi. Aksincha, ahvol battar yomonlashmoqda. Jizzaxni olsak, biron o‘zgarish ko‘rinmaydi. Qaytaga odamlarni qiynash, qonun buzish va korruptsiya kuchayib ketmoqda.

BBC: Ayrim kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekiston viloyatlaridagi boshqaruv usullari xonlik davrlari yo o‘rta asrlarni ham eslata boshlagan. Masalan, hokimlar istagancha odamlarni xo‘rlaydi, kuch tizimlari kaltaklaydi yo qamaydi, istagan payti paxta hamda boshqa ishlarni bajarishga majburlaydi va hokazo. Nima deysiz?

O‘ktam Pardayev: Tepadan qanday buyruq kelsa, rayon hokimlari va quyi boshqaruv organlari o‘shani bajarishadi. Ya‘ni yuqori nima desa, shuni qilishadi. Undan o‘tib, bir qadam ham qo‘yisholmaydi bular.

BBC: Jizzax misolida olganda, ahvolni o‘rta asrlar yoki xonlik davrlariga tenglashtirish mumkinmi va yoki bu endi bir mubolag‘ami?

O‘ktam Pardayev: Shunday desa ham bo‘ladi. Chunki ular bemalol istagan ishini qilganidan keyin, xonlikka yaqin bo‘ladi. Ayniqsa, rayonlarda kaltaklashlar ko‘p. Odamlarning haq-huquqlari poymol bo‘lib yotibdi. Hokimlar va ichki ishlar boshliqlari o‘zi istagan ishini qilib yotibdi. Viloyat rahbarlari esa bu narsadan xabardor.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02