"O‘zbekiston qo‘shni Tojikistonga do‘stona imo-ishoralar qilmoqda"

Image copyright none

Keyingi hafta O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Tojikistonga safari kutilmoqda.

Ikki mamlakta o‘rtasidagi munosabatlar oxirgi yillarda anchayin sovuqlashgan bo‘lib, bu janob Karimovning oxirgi olti yildagi Dushanbega birinchi tashrifi bo‘lishi aytilgan.

Qarorgohi Londonda joylashgan Urush va Tinchlik muammolarini yoritish instituti e‘lon qilgan chiqarilgan maqolada aytilishicha, Rog‘un GESi qurilishi kabi bahsli masalalar mavjudligiga qaramay, O‘zbekiston prezidentining tashrifi mamlakat mavqeining Tojikistonga nisbatan yumshayotgani belgisi bo‘lishi mumkin.

Sovuq munosabatlarning uzoq davridan keyin O‘zbekiston qo‘shni Tojikistonga do‘stona imo-ishoralar qilmoqda, deb boshlanadi Urush va Tinchlik instituti maqolasi.

Biroq sharhlovchilar fikricha, o‘zbek-tojik munosabatlarining isishi imkoniyatlari kam, chunki ikki mamlakatni ajratgan muammolar juda chuqurlashib ketgan.

Maqolada O‘zbekiston mustaqilligi bayrami munosabati bilan Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning Prezident Islom Karimovga yo‘llagan tabrigi tilga olinadi.

O‘z maktubida janob Rahmon Tojikiston ikki mamlakat taraqqiyoti, mintaqa xavfsizligi yo‘lida O‘zbekiston bilan eng qalin hamkorlikka umid bog‘laganini ta‘kidlagan.

"Ishonchim komilki, sizning Tojikistonga, Shanxay Hamkorlik tashkiloti sammitida qatnashish maqsadida bo‘ladigan tashrifingiz bu jarayonga turtki beradi", deyilgan Prezident Rahmon tabrigida.

Maqolada O‘zbek-Tojik munosabatlarini sovuqlashishiga olib kelgan temir yo‘l, Rog‘un GESi loyihasi muammolari tilga olinadi.

Prezident Karimovning Dushanbega safari arafasida "O‘zbekiston Temir yo‘llari" shirkati Tojikistonga yangi va yanada qisqa temir yo‘l taklif etgani haqida xabar beradi Urush va Tinchlik instituti, bu haqda shirkat vakili aytgan.

Maqolada ekspertlar Rog‘un muammosi bo‘yicha tomonlar o‘z mavqelaridan chekinishlarini kutmayotganlari haqida aytganlar.

Maqolada mintaqa uchun muhim "o‘yinchilar" sanaladigan Rossiya va Xitoy bilan ikki qo‘shni mamlakat aloqalarining muhimligi ta‘kidlangan.

Ham O‘zbekistonning va ham Tojikistonning eng yirik sarmoyadori hisoblangan Xitoy Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar darajasi yaxshi bo‘lishini istaydi, deyiladi maqolada.

2014 yildan Afg‘onistondan NATO qo‘shinlari chiqib ketganidan keyin bu mamlakatdan yuzaga keladigan tahdidlar qarshisida Rossiya o‘z sarhadlari uchun mintaqa mamlakatlari bufer hudud bo‘lishini xohlashi aytiladi.

Ukraina tufayli G‘arb bilan munosabatlari yomonlashgan Rossiya oziq-ovqat mahsulotlarini O‘zbekiston va Tojikistondan olishni istashi, bu esa ikki mamlakatga manfaatli ekani aytadilar Urush va Tinchlik instituti suhbatlashgan ekspertlar.

Xo‘sh, O‘zbekistonni qo‘shnisi bilan munosabatini ilitishiga turtki bergan omillar nimalar?

Moskvadagi MDH mamlakatlari institutidan andrey Grozin O‘zbekiston Tojikiston bilan aloqalarini yaxshilashga Kremldan signal olgan bo‘lishi mumkin.

Biroq buxorolik inson haqlari faoli Shuhrat G‘aniyev fikricha, Rossiya bilan yaxshi munosabatlarda bo‘lishni istagan rasmiy Toshkentning Dushanbe bilan yarashuv mavqesini egallashi Rossiyaning emas, O‘zbekistonning o‘zining pragmatik tashqi siyosati natijasidir.

"O‘zbekona ko‘p yo‘nalish" tamoyili va Qrimni anneksiya qilib olgani ortidan Rossiya bilan munosabatlar taranglashganidan kelib chiqiladigan bo‘lsa, Karimov taranglik haroratini pasaytirayapti, o‘z qo‘shnisiga qandaydir diplomatik xayrixohlik namoyish etayapti", deb aytgan Shuhrat G‘aniyev.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02