"ID jangarilari Islom va musulmonlarga dog‘ tushirmoqda"

Image copyright Reuters
Image caption Al-Azhar sunniy Islom dunyosidagi eng nufuzli idora

Sunniy Islom dunyosidagi eng nufuzli idoraga ko‘ra, "Islomiy Davlat jangarilari Islom va musulmonlarga dog‘ tushirmoqda".

Misrdagi al-Azhar Universiteti bosh imomi Shayx Ahmad at-Toyyib Islomiy Davlatni "Islom diniga mutlaqo aloqasi yo‘q jinoiy tashkilot" deb chiqqan.

Shayx Ahmad at-Toyyib Islomiy Davlat guruhini tanqid qilgan navbatdagi yetakchi musulmon olimlaridan biridir.

Dam olish kunlari Saudiya Arabistoni bosh muftiysi musulmonlarni Islomiy Davlat jangarilariga qarshi kurashishga chaqirgandi.

Ayni paytda Arab Ligasining ma‘lum qilishicha, unga a‘zo davlatlar mintaqadagi Islomiy Davlat va boshqa qurolli guruhlarga qarshi yo yakka holda va yo bir bo‘lib kurashishga kelishib olganlar.

Bir kun davom etgan muzokaralar ortidan dushanba kuni chiqqan rezolyutsiya Amerika Qo‘shma Shtatlarining guruhga qarshi harbiy amallarini ochiqcha dastaklamaydi.

AQSh prezidenti Barak Obama Islomiy Davlatga qarshi kurashda xalqaro hamjamiyat dastagiga umid qilmoqda.

Amerikaning Islomiy Davlatga qarshi kurash rejasi chorshanba kuni e‘lon qilinishi kutilmoqda.

Ammo Arab Ligasining rezolyutsiyasida IDga qarshi kurash siyosiy, mudofaa, xavfsizlik va huquqiy sohalarda olib borish zarurligi ta‘kidlangan.

Arab Ligasining Bosh kotibi Nabil al-Arabiyning aytishicha, barcha a‘zo davlatlar bir davlatga hujumni barchaga hujum sifatida talqin qilish qarorini olganlar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02