Nikaragua poytaxtiga meteorit tushdi

Image copyright AFP
Image caption Meteorit tushgan joyda katta chuqurlik paydo bo‘lgan

Shanba kuni kechasi poytaxt Managuada xalqaro aeroport yaqiniga kichik meteorit tushdi, deya xabar beradi Nikaragua rasmiylari.

Meteorit tushgan joyda bo‘yi 5 metr va eni 12 metrlikdagi chuqurlik qoldirgan.

Nikaragua hukumati so‘zchisi Rosario Murillioning aytishicha, meteorit er yaqinidan uchib o‘tgan asteroidning bir parchasi bo‘lishi mumkin.

Managualiklar kuchli portlash ovozini eshitganlar, ammo meteorit chakalakzorga tushgani bois talafot bo‘lmagani xabar qilinadi.

"Bomba singari"

Nikaragua Yer Tadqiqotlari Instituti maslahatchisi, Vilfred Strauch, portlash meteorit qulashi natijasida sodir bo‘lganiga "ishonchi komil" ekanini aytgan.

Chuqurlikni tadqiq etgan mutaxassislarga ko‘ra, u meteorit qulashi oqibatida paydo bo‘lganmi yoki yerga tushib portlashi oqibatidami, aniq emas.

Murillio xonimning aytishicha, Nikaragua xalqaro olimlardan "nima bo‘lganini" aniqlashda yordam berishni so‘ragan.

Mahalliy aholiga ko‘ra, kuchli portlash yarim tunga yaqin yuz bergan va ortidan kuygan narsaning hidi anqiy boshlagan.

"Bomba singari portlash ortidan kuchli silkinish yuz berdi", - deb aytgan managualiklardan biri Jorj Santamariya.

Seysmolog Xose Millan esa: "Meteorit tushgan joyda hech kim yashamaganiga shukr qilishimiz kerak", - deb aytgan.

Bir milliondan ortiq nufuzga ega Managuada aholi o‘ta zich istiqomat qiladi.

Astronom Humberto Saballosning ishonishicha, meteorit o‘sha payt yer yaqinidan o‘tgan 2014RC asteroidining bir parchasidir.

Kattaligi uychalik bo‘lgan 2014RC asteroidi yerga yakshanba kuni 18:18 da yaqinlashib, Yangi Zelandiya uzra 40 ming kilometr balandlikda uchib o‘tgan.

Ushbu asteroid 31 avgust kuni kashf etilgandi, deya xabar beradi NASA. Uning kelajakda Yer orbitasi yaqinidan yana bir bor o‘tishi kutilmoqda.

2013 yil fevralida bir meteorid Rossiya markazidagi Chelyabinsk ustida portlashi oqibatida 1 mingdan ziyod inson jarohat olgandi.

NASA hozirga qadar Yerga orbitasiga yaqin joydan uchib o‘tadigan 11 mingga yaqin asteroidni hisoblab chiqqan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02