Shahzoda Uilyam va Keyt ikkinchi farzandlarini kutishmoqda

Image copyright Getty

Britaniya taxtiga ikkinchi voris shahzoda Uilyam va rafiqasi Keyt Middlton ikkinchi farzandlarini kutayotganliklarini e‘lon qilishdi.

"Qirolicha Yelizaveta II va har ikki oila a‘zolarining yangilikdan boshlari osmonda", - deyiladi rasmiy bayonotda.

Kensington saroyining bildirishicha, Keytning boshqorong‘uligi birinchi farzandida bo‘lgani kabi, yana ko‘ngil aynishi bilan kechmoqda va u endi rasmiy safarlarda Kembridj gertsogiga hamrohlik qilmaydi.

Oldingi homiladorligi chog‘ida Keyt Middlton toksikozning og‘ir ko‘rinishi bilan qisqa muddatga London markazidagi Eduarda IV nomidagi shifoxonaga yotqizilgandi.

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Devid Kemeron o‘zining Twitter dagi sahifasida Uilyam va Keytni tabriklagan.

Ularning birinchi farzandi shahzoda Jorj 2013 yilning 22 iyulida dunyoga kelgan.

BBCning qirollik masalalari bo‘yicha muxbiri Piter Xantning yozishicha, Kembridj gertsoginyasining boshqorong‘uligi haqidagi e‘londan taxmin qilish mumkinki, hali chaqaloq 12 haftalik bo‘lmagan.

Malika Keyt dushanba kuni shahzoda Uilyam bilan birga Oksford universitetida Xitoy ta‘lim markazining ochilishida ishtirok etishi kutilgandi, ammo saroy mulozimlarining aytishlaricha, boshqorong‘ulik tufayli qatnasha olmaydi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02