Rossiya o‘z havo hududini berkitib qo‘yishi mumkin

Image copyright ap
Image caption Medvedevning ogohlantirishicha, OI sanktsiyalariga Rossiya javobi "asimmetrik" bo‘ladi

Agar Ovro‘po Ittifoqi (OI) Ukraina mojarosi tufayli Rossiyaga qarshi yangi sanktsiyalarni qo‘llasa, Rossiya o‘z havo hududidan uchoqlar parvozini taqiqlab qo‘yishi mumkin.

Rossiya ogohlantirishi OI sanktsiyalarni qo‘llash borasida yakuniy qarorni berishi kutilgan bir paytda chiqqan.

OI jazo choralari Ukraina sharqidagi vaziyatning qay yo‘sinda rivojlanishiga bog‘liq bo‘lishini aytgan.

Rossiyaparast bo‘lginchilar so‘nggi kunlarda katta zafarlarga erishgan, biroq Ukraina sharqida, qisqa otishmalarga qaramasdan, otashkesimga hamon roiya qilinmoqda.

Aprel oyidan buyon Ukraina sharqida yuz bergan janglarda 2,600ga aqin inson halok bo‘lgan.

Juma kuni raqib taraflar urushni to‘xtatishga kelishib olganlar.

Donetsk va Lugansk mintaqalaridagi isyonchilarga yordam tariqasida qo‘shin jo‘natayotgani haqidagi Ukraina va g‘arb da‘volarini Rossiya davomli rad etib keladi.

Ukraina sharqidagi ayirmachilar mustaqil davlat qurishni istaydi.

Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev yangi jazo choralariga Moskva "asimmetrik" javob qaytaradi, deya ogohlantirgan.

Rossiya havo hududlarining Ovro‘po Ittifoqi uchoqlariga berkitilishi "ko‘plab havo shirkatlarini kasod qilishi mumkin", deb aytgan u.

"Agar sanktsiyalar Rossiya energetika sohasi yoki moliya sohasiga qarshi qaratilsa, biz asimmetrik tarzda javob berishga majbur bo‘lamiz... Misol uchun, transport sohasidagi cheklovlar", - deb aytgan Dmitriy Medvedev "Vedemosti" gazetasi bilan suhbatda. - "Biz sheriklarimiz bilan do‘stona aloqalar asosida ishlaymiz, va shuning uchun Rossiya fazosi parvozlar uchun ochiq. Ammo bizga cheklovlar joriy qilinsa, javob qaytarishimiz kerak bo‘ladi".

Agar Rossiya Osiyoga yo‘nalishidagi havo hududini berkitsa, havo shirkatlarining yonilg‘i xarajatlari ortadi va, ko‘p hollarda, parvozlar muddati uzayadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02