BBC mehmoni: Hizb ut-Tahrir faoliga savol yo‘llang

Image caption Islom abu Xalil Hizb ut-Tahrirning faol a‘zolaridan biri sifatida tanilgan

Hizb ut-Tahrir faoli Islom abu Xalil bbcuzbek.com o‘quvchilari va tinglovchilarimizning savollariga javob beradi.

Hizb ut-Tahrir tinch yo‘llar bilan Islom dunyosida yagona xalifalik qurish uchun harakat qilib keladi.

Islom abu Xalilga savollaringizni sahifamiz ostidagi maxsus forma orqali yoki uzbek@bbc.co.uk elektron manzilimizga yo‘llang.

Islom abu Xalil 1984 yil O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysida tug‘ilgan.

Oilali, uch farzandning otasi.

2003 yildan biyon Hizb ut-Tahrirga a‘zo.

"Men yer yuzidagi barcha insonlar Allohning qonunlari asosida yashashi shart deya e‘tiqod qilaman", - deydi Islom abu Xalil. - Bugungi kunda Allohning hukumlarini yer yuzida hukmron qilishga va uning kitobi va payg‘ambari Muhammad (s.a.v.) yo‘llariga asoslanib, ish olib borayotgan jamoat bu - Hizb ut-Tahrir bo‘lgani uchun shu yo‘lda borishni tanladim."

2004 yilning kuz oylarida Rossiya xavfsizlik xodimlari tomonidan uyida tintuv o‘tkazilganda, bir necha Hizb ut-Tahrir kitoblari topilgan.

Islom abu Xalil ekstremizm va terrorizm moddalarida ayblanib, yashash joyidan chiqmaslik sharti bilan ozod qilingan.

2005 yil oxirlarida Rossiya xavfsizlik xodimlari tomonidan takror qo‘lga olinib, to‘rt yarim yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Oradan bir yil o‘tib ozodlikka chiqarilgan.

2008 yil Shvetsiyada siyosiy boshpana olgan.

Hozirda Shvetsiya poytaxti Stokgolmda istiqomat qiladi.

Islom abu Xalil Hizb ut-Tahrir saflarida faol ish olib bormoqda.

U Markaziy Osiyo hukumatlari Sovet davridan qolgan tuzum asosida "xalqni ezib" boshqarayotganini aytadi.

"Ular xalqqa zulm qilganlari yetmaganday har-kuni xalqning qopini puch yong‘oqqa to‘ldirib kelishmoqda. Ular goh G‘arbni goh Rossiyani siyosiy o‘yinlari va rejalarini amalga oshirish uchun xizmat qilib o‘z xalqini, siyosiy ham iqtisodiy hamda fikriy va ma‘naviy inqirozga olib kelib qo‘ydi", - deya ta‘kidlaydi Islom abu Xalil.

Unga ko‘ra, "musulmon xalq faqatgina Islomga qaytish bilangina yuksaklikga erishadi".

BBC mehmoni savollaringizga ham internet va ham radio orqali javob beradi.

Suhbatning radio versiyasini "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.

Savollarini radio uchun o‘z ovozlari bilan berishni istagan tinglovchilarimizdan o‘zlarining telefon raqamlarini ham yozib yuborishni so‘raymiz.

Ruknimizning keyingi mehmonlari kimlar bo‘lishini istaysiz?

Bu haqdagi fikrlaringizni kutib qolamiz.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02