"Teliasonera" olti foiz hissalari kimga tegishli ekanini bilmaydi

O‘zbek telekommunikatsiya bozoridagi korruptsiya iddaolari markazida bo‘lgan Shvetsiyaning "Teliasonera" shirkati vakillari Toshkentda shirkatning O‘zbekistondagi sho‘‘ba korxonasi kelajagini muhokama etishgan.

O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va kommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi mulozimlari bilan uchrashuvda Ucell ning yangi rahbari o‘zbek tomoniga taqdim etilgan.

"Teliasonera"ning O‘zbekistondagi faoliyati qator Ovro‘po davlatlaridagi jinoiy tekshiruvlarning markazida.

Shvetsiya prokurorlari shirkat O‘zbekistondagi litsenziyasini sotib olish uchun Prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga yaqin shaxslarga yuz millionlab dollar pora berganini aytishgan.

"Teliasonera" O‘zbekistondagi mahalliy qonunlar doirasida faoliyat olib borganini aytib, korruptsiya iddaolarini rad etadi.

O‘zbekistondagi korruptsiya mojarosi shirkatning yuqori boshqaruvidagi qator o‘zgarishlarga sabab bo‘lgan.

"Teliasonera" matbuot xizmati rahbari Peter Borsosning BBC bilan suhbatda aytishicha, o‘zbek tomoni bilan muzokaralar chog‘ida "Teliasonera" ustidan kechayotgan tergov muhokama etilmagan, ammo korruptsiyaga qarshi kurash masalasi ko‘tarilgan.

Peter Borsos: Bizning hay‘atimiz Qozig‘iston va O‘zbekistonga safar qildi. O‘zbekistonga ikki kunlik safarmiz mobaynida shirkatimizning u yerdagi faoliyati kundalik masalalari va davomiyligi muhokama qilindi. Ular orasida so‘z erkinligi, korruptsiyaga qarshi kurash, xodimlarning ish sharoiti va xavfsizligi kabi masalalar ham ko‘tarildi.

BBC: Ucell shirkatiga yangi rahbar ham taqdim qilindi, degan xabarlar bor?

Peter Borsos: Ha to‘g‘ri. Janob Toni Gryunberg Ucell ning yangi ijrochi direktori sifatida faoliyatini rasman 15 sentyabr kuni boshlaydi.

BBC: Ko‘tarilgan masalalar orasida korruptsiyaga qarshi kurash ham bor edi, deb aytdingiz. "Teliasonera" ga qarshi pora berishda gumon bilan jinoiy ish ochilgani ma‘lum. Bu masala va tergov qaysi darajada ekani muhokama qilindimi?

Peter Borsos: Yo‘q, tergov masalasi muhokama qilingani yo‘q. Biz shirkat ichida korruptsiyaga nisbatan choralar haqida so‘z yuritdik. "Teliasonera" qanday qilib turli bozorlarga kirib borgani yuzasidan olib borilayotgan tergov jarayoni haqida so‘z yuritilgani yo‘q. Kundalik ish jarayonida korruptsiyaga nisbatan qanday amal qilish kerak, degan ma‘noda so‘z yuritildi. Shvetsiya, Gollandiya va AQShda ochilgan tergov jarayonlari haqida menda yangi ma‘lumot yo‘q.

BBC: Lekin O‘zbekistondagi bozorga kirib borishda pora berilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi gumon shirkat faoliyatida anchayin muhim masala. Nima uchun bu kabi muhmi masalani chetlab o‘tdingiz?

Peter Borsos: Bu yerda masala ikki narsada. Aytganimdek, "Teliasonera"ning yangi bozorlarga kirib borishi haqidagi tergov bu boshqa masala. O‘zbekistonga safar bilan borgan sarmoyadorlarni qiziqtirgan narsa asosan kundalik faoliyatimizda biz qanday ish yuritayotganimiz edi. Biz oxirgi yil mobaynida bu sohada qator choralarni boshladik. Noyabr-dekabr oylaridan boshlab so‘z erkinligi bilan bog‘liq va kundalik faoliyatimizda korrptsiyaga qarshi choralar bo‘yicha yangi siyosatni yo‘lga qo‘yamiz. Rasmiy doiralar olib borayotgan tergov jarayonida yangilik bo‘lmagani uchun uni muhokama qilish ehtiyoji ham yo‘q edi.

BBC: Lekin yaqinda "Teliasonera" bilan bitimni imzolagan shirkat tegishli va Gulnora Karimovaga yaqin, deya ko‘rilgan shaxs Gayane Avyakyan O‘zbekistonda soliq va valyuta jinoyatlarida ayblanib, qamoq jazosiga hukm qilindi. Xabarlarga ko‘ra, Ucell-ning 6 foiz hissalari unga tegishli. Ana shu jihat tergovda yangilik emasmi?

Peter Borsos: Men bu haqda bilmayman. Mening bilganim shirkatning 94 foiz hissalari bizga tegishli ekani. Qolgan 6 foiz kimga tegishli ekani borasida bizda aniq ma‘lumot yo‘q. Bu ham tergov ko‘rib chiqayotgan masalalardan biridir.

BBC: Shirkat o‘z hissalarining kimga tegishli ekanligini bilmasligi g‘alati holat emasmi?

Peter Borsos: Ha. Biz bu borada aniqlik kiritish yo‘lida ishlamoqdamiz. Bu hissalar kimga tegishli ekanini aniqlashga harakat qilmoqdamiz.

BBC: So‘z erkinligi kabi masala ham ko‘tarildi, dedingiz. Ucell O‘zbekiston xavfsizlik xizmatiga telefon aloqalarini eshitishga ruxsat beradi, deya xabar berilgandi. Bu masala borasida nimalarga kelishildi?

Peter Borsos: Turli mamlakatlarda ramsiylar telekommunikatsiyalarga daxl qilish borasida turlicha qonun-qoidalarga egalar. Biz albatta bu masalani muhokama qildik, lekin biz mahalliy qonunlarga bo‘ysunishga majburmiz. Ammo "Teliasonera" nomidan va telkommunikatsiyalar sohasidagi qonunlarga muvofiq, mijozlar bizning aloqadan foydalangan vaqtlari o‘zlarini xavfsiz sezishlari kerakligi aytilgan va biz hamisha shuni targ‘ib etib kelamiz. O‘zbekistonda ham biz mahalliy qonunlarga bo‘ysunishga majburmiz, lekin so‘z erkinligi printsiplari asosida biz buni o‘zgartirishga da‘vat qilib kelamiz. Ammo qonun o‘zgarmagunga qadar unga bo‘ysunishdan boshqa ilojimiz yo‘q.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02