O‘zbekiston mustaqilligi: Kim edigu kim bo‘ldik...

Ahmad Khorazmiy Image copyright none
Image caption Ahmad Xorazmiy Sho‘rolar davrida O‘zbekiston ilmu-faniga o‘z xissasini qo‘shgan

O‘zbekiston mustaqilligiga bag‘ishlangan hukumat hujjatlarida "aholining hayot darajasi bo‘yicha sobiq SSSRda eng oxirgi o‘rinlardan birini egallagan, paxta yakkahokimligi halokatli tus olgan, iqtisodiyoti biryoqlama rivojlangan, qoloq agrar respublikadan bugungi kunda sanoati tez sur‘atlar bilan o‘sib borayotgan mamlakatga aylangan" deb ta‘kidlanadi.

O‘zbekistonda uzoq yillar davomida qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qilgan mutaxassis va olim Ahmad hoji Xorazmiy Sovet davrida o‘zi guvoh bo‘lgan vaziyatni hamda bugungi kunda qishloq xo‘jaligidagi ahvolni taqqoslashga urinadi.

"Sanoati tez sur‘at bilan rivojlanayotgani bordir, lekin bir faktga e‘tibor qaratish kerak. Sovet davrida O‘zbekistonning ahvoli yomon bo‘lmagan va mintaqadagi boshqa xalqlarga nisbatan anchayin yaxshi edi", deydi mutaxassis.

"SSSR davrida turkmanlar, ruslar, qozoqlar kelib, bizning Toshkentimizga kelib non yegan. Hozirda esa O‘zbekistonning millionlab xalqi o‘sha Rossiyayu-Qozog‘istonlarga borib, mardikorlik qilayapti. Buni qanday tushunish mumkin?"

Sho‘rolar davrida O‘zbekiston Markaziy Osiyo respublikalari qatori Sho‘ro davlati uchun xomashyo manba‘i bo‘lganini barcha iqtisodchilar tan olishadi.

Biroq, "qoloq agrar", ya‘ni iqtisodi faqat qishloq xo‘jaligiga tayangani tufayli rivoj topmagan deb aytish qanchalik haqiqatga to‘g‘ri keladi?

Image caption Toshkentda yuqori malakani talab qiladigan aviator kasbidagi 10 ming kishini ish bilan ta‘minlagan TAPOICh faoliyat yuritgan

Ahmad hoji Xorazmiyga ko‘ra, "Bu gapda jon bor. Chunki o‘sha paytda faqatgina O‘zbekiston emas, Markaziy Osiyoning deyarli hamma respublikalari agrar edi. Faqat paxta monokulturasi bilan, ozmuncha chorva bilan shug‘ullanishardi. Paxta o‘zimizda qayta ishlanmasdi, Rossiyaning Ivanovosiga ketardi. Bor narsani bor deyish kerak. Mustaqillikdan so‘ng mana shu masalalarga ko‘proq e‘tibor berildi".

Biroq shu bilan birga 1960- va 1970-yillarda Afrika va Osiyodan o‘qishga kelgan talabalar Toshkentda joylashgan irrigatsiya, qishloq xo‘jaligi, xalq xo‘jaligi institutlarida bilim olganlar.

O‘zbekiston olimlari agrar sanoati va melioratsiya sohalari bo‘yicha katta sondagi kadrlarni tayyorlab chet ellarga jo‘natishardi.

Ahmad hoji Xorazmiy o‘tgan davrlarda O‘zbekiston ilmu-faniga ham o‘z hissasini qo‘shgan.

U 1979-1980 yillarda hozirgi Toshkent Davlat Agrar universitetida dotsent bo‘lib ishlagan vaqtida u Mozambikka borib paxta institutini tashkil qilgan.

"Mozambiqda paxtachilikni rivojlantirish masalalarida qanchadan-qancha kitob chiqarib, afrikaliklarni o‘qitganman", deydi u.

Ba‘zi kuzatuvchilar bugungi kunda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi inqirozga yo‘l tutmoqda deb xavotir bildirishadi.

O‘tmishda O‘zbekiston paxtachilik instituti Xorazm filiali direktori sifatida faoliyat olib borgan ziroatchilik eksperti Ahmad hoji Xorazmiy bu fikrlarni qo‘llab-quvatlamasa ham biroq atrof-muhitning tobora yomonlashib borayotganidan o‘z xavotirlarini yashirmaydi.

"Sovet davrida ekologiyaga, yerning hosildorligiga e‘tibor berilardi, hatto rahbarlarni jazolashardi, kerak bo‘lsa. To‘g‘ri, yerga agroximikatlarni solib, siz juda ko‘p mahsulot olishingiz mumkin. O‘n yildan keyin, yigirma, ellik yil o‘tgach, nima bo‘ladi u yer? Orolni yo‘qotganimizdek yerni ham yo‘qotmasligimiz kerak".

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02