Dunya Miyatovich O‘zbekistonning bloggerlar haqidagi qonunini qoraladi

Image copyright OSCE

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining Ommaviy axborot vositalari erkinligi bo‘yicha maxsus vakilasi Dunya Miyatovich, O‘zbekiston hukumatining so‘nggi qadamlari mamlakatdagi shundoq ham abgor bo‘lgan so‘z erkinligi vaziyatini badtar yomonlashtiradi, deb hisoblaydi.

OXHT matbuot erkinligi bo‘yicha vakilasi 8 sentyabr kuni O‘zbekistonning "Axborotlashtirish haqida"gi qonuniga o‘zgartirishlar kiritilgani munosabati bilan bayonot e‘lon qilgan.

"Bundan buyon qonun blogerlarni saytini yopib qo‘yish va ma‘muriy javobgarlikka tortish tahdidi ostida faqat tekshirilgan va haqiqiy ma‘lumotlar haqida xabar berishga majburlaydi. Onlayn-kontent erkinligi ommaviy axborot vositalari hamda so‘z erkinligiga ijobiy ta‘sir ko‘rsatadi. Men O‘zbekiston hokimiyatining ushbu qadamini qoralayman, chunki yangi cheklovlar mamlakatni demokratik tamoyil va intilishlardan uzoqlashtiradi", degan Miyatovich xonim.

OXHT matbuot vakilasi qayd etishicha, O‘zbekistonning blogerlarga qaratilgan yangi cheklovlari mamlakatning Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti doirasida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlariga ziddir.

Avgust oyining so‘nggi kunlarida O‘zbekiston parlamentariylari ikki kunlik yalpi majlisga yig‘ildilar va qator qonunlarga o‘zgartirishlar kiritdilar.

Ular orasida "Axborotlashtirish haqida"gi qonunga ham o‘zgartirishlar bo‘lib, bu o‘zgartirishlar 5 sentyabr kuni kuchga kirgan.

Blogerlarga qaratilgan qonunchilik yangiliklari Internet ijtimoiy tarmoqlarida qizg‘in muhokama qilindi, bu O‘zbek hukumatining shu vaqtgacha nisbatan erkin faoliyat yuritgan blogerlarni o‘z nazoratiga olish intilishi sifatida baholandi.

O‘zbek rasmiylari bu yangilik blogerlar uchun tsenzura maqsadini ko‘zlamagani haqida aytib chiqdilar.

Xususan, O‘zbekiston parlamenti quyi palatasi deputati Ilhom Abdullayev haqiqiy va tekshirilgan ma‘lumotlarni e‘lon qilish talabi bungacha ham qonunchilikda bo‘lganini aytgan.

"Qonunda sanab o‘tilgan majburiyatlar O‘zbekistonning qonunchiligida shundoq ham bor edi. Ammo shu paytga qadar ushbu majburiyatlarni Internet sohasiga ham tatbiq qiladigan qonun yo‘q edi", degan Ilhom Abdullayev.

Kun.uz web-saytining janob Abdullayevga tayanib xabar berishicha, bloger deganda Internetda u yoki bu narsa e‘lon qiladigan barcha foydalanuvchi ko‘zda tutilmayapti. Bloger deganda "tizimli ravishda jamoatchilikni xabardor qilib turadigan, ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy mavzuda ijtimoiy ongni shakllantiradigan" Internet foydalanuvchisi tushuniladi.

"Agar odam o‘z hayotidan shaxsiy narsa yozsa, u bu qonun ta‘sir doirasiga tushmaydi", deya Ilhom Abdullayevdan iqtibos keltirgan Kun.uz.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining matbuot erkinligi bo‘yicha vakilasi Dunya Miyatovich O‘zbekiston rahbariyatiga murojaat qilib qamoqlarda saqlanayotgan o‘zbekistonlik jurnalistlarning ahvoliga yana marta e‘tibor qaratgan.

"Men ushbu imkoniyatdan foydalanib hokimiyatni jurnalistlar Solijon Abdurahmonov, Dilmurod Sayyid va Xayrullo Hamidovlarni ozod qilishga chaqiraman. Hech kim gapirgani yoki yozgani uchun qo‘lga olinmasligi, hibs qilinmasligi yoki qamoqqa tiqilmasligi lozim", degan Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining ommaviy axborot vositalari erkinligi bo‘yicha vakilasi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02