Avstraliyadagi Islomiy markazga reydda ikki kishi hibsga olindi

Image copyright EPA

Avstraliya politsiyasi Kuinslanddagi Islomiy markazga reyd uyushtirdi.

Bir kun avval mamlakat Josuslik Xizmati rahbari terrorizm xavfi ehtimoli darajasini ko‘tarish ko‘rib chiqilayotganligini bildirgandi.

Xabar berilishicha, reyd natijasida terrorchilik amallarida gumon qilingan ikki kishi hisbga olingan.

Rasmiylarga ko‘ra, hisbga olinganlar "Suriyadagi urush harakatlarida qatnashish uchun odamlarni yollash va moliyalash bilan shug‘ullanganlar".

Yoshlari 21 va 31 da bo‘lgan ikki shaxs "Iqra" Islomiy markazida qo‘lga olingan.

Avstarliya matbuotidagi xabarlarga ko‘ra, 21 yoshli hibsga olingan shaxsga nisbatan jangarilarni yollash, 31 yoshli shaxsga nisbatan esa "Jabha an-Nusra" guruhiga qo‘shilish uchun moliya bilan ta‘minlash ayblovlari qo‘yiladi.

Federal politsiya so‘zchisiga ko‘ra, bu shaxslar Avstraliyada terrorchi amalini rejalashtirmaganlar.

Guvohlarning aytishlaricha, politsiya chorshanba kuni erta tongda Islomiy markazga yetib kelib, kitob, sovg‘a-salom va ust-bosh sotadigan bo‘limga kirishgan.

Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, politsiya shu mavzeda joylashgan sport markaziga ham reyd uyushtirgan.

Aytilishicha, Islomiy markazning asoschilaridan biri Suriyada xudkushlik hujumini uyushtirgan ilk avstraliyalik Abu Asma al Avstralining inisidir.

Lekin "Iqra" markazi xodimining aytishicha, markazning va hibsga olingan ikki shaxsning terrorchilik bilan hech qanday aloqasi yo‘q.

Uning ABC xabar agentligiga aytishicha, hisblar noyabr oyida o‘tkazilajak jahonning yirik 20 davlati rahbarlari sammitidan avval rasmiylarning "vos-vosga tushganlari" sababli o‘tkazilmoqda.

Avstraliya rasmiylarining aytishlaricha, 100 dan ortiq avstraliyalik Yaqin Sharqdagi jihodiy guruhlarni qo‘llab quvvatlamoqdalar.

Seshanba kuni Avstraliya Xavfsizlik va Josuslik Tashkiloti rahbari Devid Irvin mamlakatda terrorchilik hujumi ehtimoli darajasini oshirish kerakmi-yo‘qligi ko‘rib chiqilayotganini aytgandi.

Avstraliyada 2003 yildan beri terrorizm xavfi darajasi "o‘rtacha" bo‘lib kelgan.

"O‘rtacha xavf" hujum ro‘y berishi mukinligini anglatadi. Udan so‘ngi "yuqori" daraja hujum ro‘y berish ehtimoli katta ekanligini anglatadi.

Avstraliya rasmiylarining aytishlaricha, Suriya va Iroqdagi jihodchi guruhlar saflarida hozirda 60 ga yaqin avstraliyalik bor. Jangovor amallarda qatnashgan 15 avstraliyalik shu vaqtgacha halok bo‘lgan. Ulardan ikkisi xudkushlik hujumi qurbonidirlar.

Avstraliya o‘z fuqarolarining jihodiy guruhlarga qo‘shilishlarining oldini olish uchun muayyan hududlarga safar qilishlarini chegaralagan. Shuningdek, xalqaro qo‘nalg‘alarda bometrik tekshirish uskunalari va terrorizmga qarshi qo‘shimcha choralar kiritmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02